Qatar amirining O‘zbekistonga kelishi kutilyapti

Toshkent va Doxa Qatar amirining O‘zbekistonga tashrifiga tayyorgarlik ko‘ryapti.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bergan xabarga ko‘ra, joriy yil 8-9-may kunlari vazir Laziz Kudratov amaliy tashrif bilan Qatarda bo‘lib, ushbu mamlakatning qator rasmiylari bilan uchrashgan.
Uchrashuvlarda ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ko‘rib chiqilgan.
Jumladan, Savdo va sanoat vaziri Muhammad al-Tani bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Qatar rahbarining O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi ko‘p qirrali sheriklikni yanada chuqurlashtirishi hamda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda yangi sahifa ochishiga ishonch bildirildi.
Qayd etilishicha, tomonlar birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan Toshkentda ikki davlatning yirik ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum tashkil etiladi.
Shuningdek, moliya vaziri Ali al-Kuvariy bilan suhbat chog‘ida bir qator infratuzilmaviy loyihalarni birgalikda moliyalashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rishga kelishildi.
Markaziy bank Boshqaruvchisi – Qatar investitsiya agentligi raisi Abdulla al-Tani bilan Qatar va O‘zbekiston tijorat banklari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Energetika vaziri – Qatar Energy kompaniyasi raisi Saad al-Kaabi bilan Nebras Power kompaniyasi bilan energetika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Qatar Savdo-sanoat palatasi raisi Xalifa al-Tani bilan uchrashuv doirasida qo‘shma Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Qatar National Cement, Baladna, Qatari Diar, Fitco Detergents, Katara Hospitality kompaniyalari rahbarlari bilan o‘tkazilgan muzokaralarda qurilish materiallari, maishiy kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish, chorvachilik, mehmonxonalar, savdo-ko‘ngilochar va turar-joy majmualarini qurish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter