Qasrdan qamoqqa ravona bo‘lgan prezident
Sudanning sobiq prezidenti Umar al-Bashir Haagada joylashgan Xalqaro jinoiy sudga topshiriladi. Ayni paytda Sudanni idora etib turgan muvaqqat kengash ana shunday qarorga kelgan. Bu o‘rinda gap bir necha yuz ming insonning o‘limiga aloqadorlik xususida ketmoqda.
Umar al-Bashir Sudan rahbarligiga 1989-yilda harbiy to‘ntarish orqali kelgan. Shu tariqa u mamlakatni 30 yil davomida idora qildi. Qaytar dunyo deganlari rost chog‘i, prezident al-Bashirning o‘zi ham aynan harbiy to‘ntarish ortidan kursisini topshirishga majbur bo‘ldi.
Sudanda to‘rt oy davom etgan ommaviy norozilik namoyishlari ortidan, 2019-yil aprel oyida «boqiy» prezident o‘z lavozimidan ketdi. Sobiq davlat rahbariga qarshi korrupsiya, noqonuniy ravishda sovg‘a-salom olish hamda xorij valyutasini saqlash bo‘yicha jinoiy ish ochildi. Gap shundaki, davlat to‘ntarishidan keyin o‘tkazilgan tintuvda prezidentning qasridan 6 million yevro, 351 ming dollar va 5 milliard sudan funti (105 million dollar) topilgan edi. 2019 yil dekabrda mahkama mazkur mablag‘larni musodara qilish sharti bilan sobiq prezidentni ikki yil qamoq jazosiga hukm qildi. Sudan qonunchiligiga ko‘ra, 70 yoshdan oshgan fuqarolar qamoqqa tashlanmaydi. Shunga ko‘ra, 76 yoshli Umar al-Bashir jazoni axloq tuzatish muassasasida o‘taydigan bo‘ldi. Ammo...
Haagada joylashgan Xalqaro jinoiy sud Umar al-Bashirni ko‘pdan buyon qatliom va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblab keladi. Sudanda kechgan fuqarolik urushi davrida (2003-2006) hukumat kuchlari va isyonchilar o‘rtasida kurashlarda, BMT hisob-kitobiga ko‘ra, 200 mingdan 400 ming nafarga qadar aholi halok bo‘lgan, 2,7 million kishi boshpanasidan ayrilgan.
Xalqaro jinoiy sud 2009-yilda Sudanning amaldagi rahbarini qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqargan. Qayd etish joizki, bunga qadar xalqaro mahkama boshqa biror amaldagi davlat rahbarini hibsga olish borasida hujjat qabul qilmagan.
Xalqaro sud Umar al-Bashir 2019-yilda qamoqqa olinishi bilan uni ekstraditsiya qilishni talab qilgan, ammo Sudanni idora etib turgan muvaqqat kengash bunga ko‘nmayotgan edi. Bir necha oylik muzokaralardan keyin Sudan ma’muriyati sobiq prezidentni Xalqaro jinoiy sudga topshirishga rozi bo‘ldi.
Darvoqe, Umar al-Bashirning o‘zi unga nisbatan ilgari surilgan barcha ayblovlarni rad etib keladi.
Sudanning sobiq rahbari o‘tgan asrning 90-yillarida «Al-Qoida» terrorchi guruhi yetakchisi Usoma bin Lodinga boshpana bergani uchun ham tanqidga uchragan edi.
Sobir Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter