Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qashshoq» milliarder. Dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartirish ishtiyoqida

«Qashshoq» milliarder. Dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartirish ishtiyoqida

Chak Fini.

Foto: «Moz.com»

U «Duty Free» tarmog‘i asoschisi. Yoshi 86da va umri davomida 8 milliard dollarlik sarmoya to‘plagan. Biroq uning na avtomashinasi, na shaxsiy uyi bor. Hamon ijarada turadi, metro yoki taksidan foydalanadi, uzoq safarlarga chiqqanida ekonom-klassda uchadi. Qo‘lida atigi 15 dollarlik soat, egnida odmi ko‘ylak. Yevropada uni oddiy amerikalik turist sifatida qabul qilishadi.

Uni pul sarflashga ko‘zi qiymaydigan xasis chol deb o‘ylayotgandirsiz? Yo‘q, unaqa emas. U salkam 40 yil davomida ishlab topgan 8 milliard dollarning 99 foizi(!)ni xayriyaga ishlatgan. Bu pullar AQSh, Vetnam, Avstraliya, Janubiy Afrika, Irlandiya, Bermud orollari va boshqa mamlakatlarning ta’lim, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, qariyalar uylariga sarflangan.

Agar vaqtni 15 dollarlik soat bilan ham aniqlay olsam, menga qimmat Rolexning nima keragi bor.

Chak Fini

«Qashshoq» milliarderni boylik nafaqat qiziqtirmaydi, balki shon-shuhratdan ham yiroqda: millionlarini ehson qilar ekan, buni hech kimga bildirmaslikka harakat qilardi. 15 yil davomida uning xayriyalari haqida hech kim xabar topa olmagan. U boshqa millionerlardan farqli ravishda, o‘zi homiylik qilgan universitetlar yoki klinikalar devorlarida ismi bitilgan taxtachalar osilib turishini istamasdi. Ko‘pchilik homiylik puli qayerdan kelib tushganini bilmasdi ham. Bir safar o‘zi ta’lim olgan Kornel universitetiga xayriya qilganida, universitet kengashi bu pullar biror mafiya guruhiniki bo‘lishi mumkin deb, qabul qilmagan. Universitet prezidenti pul qayerdan kelib tushganini aniqlagachgina, kengashni ko‘ndira olgan.

Saxovatpesha milliarderning kimligi oshkor bo‘lganidan so‘ng ham u o‘zini hamon juda kamtar tutadi. Bill Geytsning fikricha, o‘rnak olish uchun haqiqiy ideal inson.

Pul — bu majburiyat. Men, albatta, kimgadir o‘z sarmoyasidan qanday foydalanishni o‘rgatmoqchi emasman, ammo uni aql bilan ishlatishini maslahat beraman.

Chak Fini

Uning misolida ko‘rinadiki, ko‘p pul ishlab topishdan maqsad — shohona saroylar qurish, yaxtalar sotib olish, yulduzlar ishtirokida dabdabali to‘y-hashamlar uyushtirish emas, shunchaki dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartirishga harakat yotishi ham mumkin. Bu aslida juda kuchli asos, faqat inson tafakkuri shunga monand ulg‘ayishi kerak.

Hikoyamiz qahramoni, sezganingizdek — Chak Fini.

Fini inson o‘limidan so‘ng emas, hayotligida xayriya ishlariga sarmoyasini sarflashni muhim deb hisoblaydi. Axir, ezgulik yo‘lida sarflagan pullaring o‘z mevasini berayotganini kuzatishing rohat-ku! Uning shiori — «Giving while living» («Hayotligingda borini ber») qoidasi bugun Bill Geyts, Uorren Baffet va boshqa milliarderlar uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qilyapti.

Qayerga qancha sarflagan:

1982: Kornel universitetiga birinchi xayriya ($7 mln.). Universitet  Chak Fini  jamg‘armasidan jami $937 mln. qabul qilib olgan.

1984: «DFS» aksiyalari paketini (38,75%) Atlantic xayriya jamg‘armasi hisobiga o‘tkazadi.

1988: Saraton kasalligi tadqiqotlari institutiga dastlab $142 ming o‘tkazib beradi. Umuman, saraton kasalligi tadqiqotlari uchun jami $370 mln. ajratadi.

1991: Shimoliy Irlandiyada ish o‘rinlarini tashkil etish va ta’lim uchun grant.

1999: Vetnam tibbiyoti va oliy ta’limini rivojlantirish uchun sarmoya.

2001: Kvinslend (Avstraliya) universiteti biomeditsina tadqiqotlarini moliyalashtiradi. Avstraliyalik olimlar uchun jami  $320 mln. ajratilgan.

2002: Janubiy Afrikada OITS bilan kurashishga grant. JAR sog‘liqni saqlash tizimiga jami 117 mln. dollar ajratilgan.

2006: Tibbiy sug‘urtasi bo‘lmagan 8 million amerikalik bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish kampaniyasini boshlaydi.

2008: Kaliforniya universiteti tibbiyot markazi qurilishiga $125 mln. ajratdi (universitetga jami 290 mln. dollar xayriya qilgan).

2012: Nyu-Yorkdagi «Yangi Kremniy vodiysi» qurilishiga $350  mln. grant taqdim etdi.

2016: Hisobida qolgan barcha summa (salkam $ 2 mlrd.) xayriya ishlariga ishlatildi.

2020: Uning Atlantic Philanthropies xayriya jamg‘armasi yopiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring