Qashqadaryoda «Sanoat ko‘rgazmasi va kooperatsiya birjasi» hamda «Neftgaz kooperatsiya forumi» boshlandi
2020 yilning 15 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor majlisining 3-sonli bayoniga muvofiq, Qarshi shahrida «Sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi» hamda «Neftgaz kooperatsiya forumi» o‘tkazilmoqda.
Mazkur ko‘rgazma-forum Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati hamda Qashqadaryo viloyati hokimligi tomonidan tashkil etildi.
Tadbirning tantanali ochilish marosimida Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev, «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi rahbari Aktam Xaitov, Davlat Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Alimjon Fayziboyev ishtirok etishdi.
Sanoat ko‘rgazmasi va forumning dastlabki kunida 1000 dan ziyod ishtirokchilar, shundan 50 dan ortiq neft va gaz sanoati korxonalari, tovar va xizmatlar ishlab chiqaruvchi mahalliy tadbirkorlik sub’yektlari, ilmiy muassasalar hamda chet el kompaniyalari vakolatxonalari ishtirok etishdi.
Neftgaz kooperatsiya forumi doirasida «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati investitsiya loyihalari hamda tarmoq korxonalari ehtiyojlari uchun yetkazib beriladigan tovar va xizmatlarni mahalliylashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilib, tarmoqlararo hamda tarmoq ichidagi kooperatsiya aloqalarini kengaytirish bo‘yicha birinchi kunning o‘zidayoq 50 dan ziyod shartnomalar hamda 100 ga yaqin kelishuvlar imzolandi.
Eslatib o‘tamiz, «Neftgaz kooperatsiya forumi»da «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati ham o‘z stendi bilan ishtirok etmoqda.
«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter