Qarz. Nima u?
Yuragim sezib turibdi: keyingi yillarda tashqi qarzimizning ortib borayotganligi atrofida turli-tuman fikrlar bildirilayotgan, har xil «mish-mish»u «mash-masha»lar sodir bo‘layotgan bir paytda savolning bu tarzda qo‘yilishi ayrimlar uchun o‘rinsizdek tuyuladi. Oramizda «Buning «tashqi qarz muammosi»ga nima daxli bor?», - deguvchilar ham topiladi. «Yopiray! XXI asrda ham shu savolning javobini bilmaganlar ham bor ekanmi?», - deya ajablanuvchilar ham yo‘q emas...
Nima desangiz, deng: lekin bu masalada Sizni qo‘llab-quvvatlay olmayman. Zero, «tashqi qarz»ga nisbatan fikrlarni «dadil» bildirayotganlar, avvalo, qarzning o‘zi nima ekanligini to‘g‘ri talqin qilishi kerak. Uning mazmun-mohiyatini to‘g‘ri idrok etmoqlari lozim. Aks holda, uzr, «it huraveradi — karvon o‘taveradi». Buning ustiga, qarzning asl mazmun-mohiyatidan bexabarlarga uning tarkibiy va o‘ta qaltis qismi bo‘lgan «tashqi qarz» to‘g‘risida gapirishni, ma’zur tutasiz, kim qo‘yibdi?!...
Xavotir olmang: Sizlarga atab «qarz masalasi»da kitobiy ma’ruza o‘qimoqchi emasman; har xil ilmiy iboralarni ishlatib, boshingizni og‘ritish — niyatim ham yo‘q; ulardan — yiroqman. Aksincha, uni «qo‘qoncha» qilib, oddiygina tushuntirmoqchiman, xolos.
Avvalo, qarz — bu zaruriy ehtiyojlarni qondirishning azal-azaliy vositasi. Undan ota-bobomiz, yetti pushtimiz tugul va hatto odam Ato va momo Havo zamonlaridanoq foydalanib kelingan bo‘lsa — ajabmas. Nega? Chunki u o‘ziga xos — «mo‘’jiza». Qarzning mo‘’jizakorligi shundaki, u yordamida cheksiz ehtiyojlarni qondirish imkoni bor. Uning yordamida, xoh ishoning, xoh ishonmang, hatto, Oyni ham (faqat bu yerda «Lof ham evi bilan-da!», - demang), qo‘lga kiritishimiz mumkin. Faqat uni bizga qarzga beruvchi (buni «Nojiddiy!», - deb qabul qilmang) bo‘lsa — bas...
Qarz, odatda, ikki tomon o‘rtasidagi munosabatlarni ifodalaydi. Birinchi tomon «Qarz beruvchi» nomiga ega bo‘lsa, ikkinchi tomon «Qarz oluvchi» deyiladi. Shular o‘rtasida «umumiy til» topilsa, bir to‘xtamga kelinsa, istagancha qarz berish va shuncha qarz olish mumkin...
Qarz, jumladan, pulning ham harakatlanishini tezlashtiradi. Uning aynan shunday bo‘lishi kerakligidan har ikkala tomon (aslida, hamma) ham — manfaatdor. Demak, u «manfaatlar mushtarakligi»ga erishish — usuli. Unga erishilsa, «tog‘ni urib, talqon qilish» — hech narsa emas...
Hayotda doimo bir tomonda «Kimga qarz bersam?» va ikkinchi tomonda «Kimdan qarz olsam?», - deguvchilar bo‘ladi. To‘g‘ri, biz ikkinchisiga ko‘proq ishonamiz-u, biroq hali birinchisini unchalik aqlimiz bovar qilmaydi. «Birovga qarz berganimdan ko‘ra, pulimni boshimga yostiq qilganim yaxshi!» «falsafa»si bizda ustunlik qiladi. Aslida, bunday «falsafa»ning noto‘g‘ri ekanligini idrok etish uncha ko‘p aqlni talab etmaydi. Buning uchun, hech bo‘lmasa, dunyo barcha «tanga»larining nega aynan aylana (uchburchak, to‘rtburchak, kvadrat, romb va h.k. shakllarda emas) shaklida ekanliga e’tibor berish va undan tegishli to‘g‘ri xulosani chiqarishning o‘zi — kifoya. «Tanga aylana ekan — aylanaversin!» (buni «Pul doimo aylanishi kerak!», - deb o‘qing). «Ular»da — shunday maqol bor va u — bejiz aytilmagan...
Qarz bu — mas’uliyat, demak. U qarz beruvchi va shuni oluvchiga ham bab-barobar tegishli. Har ikkala tomon ham shuni his etmasa, albatta, «nimasi»dandir ajralib qoladi. Buni esa, «tanasida issiq joni bor» har bir tomonning istamasligi — tabiiy...
Qarz berish ham va qarz olish ham — «san’at». Faqat xoxish-istak yoki «ishtaha»ning bo‘lishi, bu yerda, «yavno» — kamlik qiladi. Ularning har biri, eng avvalo, puxta hisob-kitobni, so‘ng esa «devor ortidagi ko‘cha»ni ko‘rishni taqozo etadi. Shuningdek, u oqillik chegarasidan chetga chiqmasligi ham kerak. Buni bilmaganlar va uddalay olmaganlar qarz bermaganlari va uni olmaganlari — ma’qul...
«O‘zbekiston tashqi qarzining ortib borayotganligi»dan «tashvish»ga tushayotgan «do‘st»larim! Bu masalada «start»ni yuqoridagilardan kelib chiqib oling-chi, «finish»ingiz qanday bo‘lar ekan?...
«Aziz»lar! Yuqoridagi fikrlarim bilan «tashqi qarz» masalasida donolikni da’vo qilmoqchi emasman. Unga «diagnoz»ni qo‘yish yoki tayyor «retsept»ni berish — xayolimga ham kelmagan. Ularda faqat hayot sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan va aksioma xarakteriga ega bo‘lgan «iqtisod alifbosi» aks etdi, xolos. Ularsiz yoki ularni e’tiborga olmasdan bildirilgan fikr — o‘zining mantiqiy asosiga ega emas. U esa Sizu bizni ko‘zlagan maqsadimiz sari yetaklamaydi.
R.S. Navbatdagi «chiqish»imizda O‘zbekiston tashqi qarzining ortib borayotganligidan «xavotir»ga tushayotganlar tomonidan bildirilayotgan va juda ko‘pchilikni asossiz chalg‘itayotgan ayrim «fikr»larga munosabat bildirish niyatimiz bor. Kuzatib boring. Ko‘rishguncha...
Tohir MALIKOV
iqtisod fanlari doktori, professor
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter