Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qarz g‘avg‘olari. Yoki himmatdan keyingi g‘urbat

Qarz g‘avg‘olari. Yoki himmatdan keyingi g‘urbat

Birovga qarz berish yaxshi amallar sirasiga kiradi. Aytilishicha, qarz bermoqning savobi xayr-ehsondan kam emas. Negaki, ehson haqiqiy egasiga yetib boradimi-yo‘qmi — doim ham aniq bilish qiyin, biroq qarz muhtojning qo‘liga tutqaziladi. Har ikki holat kishilik jamiyatining, odamgarchilikning go‘zal ko‘rinishidir.

Kimnidir beg‘araz, xolisona moddiy qo‘llab-quvvatladingizmi – Alloh o‘rnini ortig‘i bilan to‘ldirsin. Agar birovga (tanishga, qarindoshga va h.k.) qaytarib berish sharti bilan vaqtincha pul yoki boshqa moddiy ne’matni qarz tariqasida bergan bo‘lsangiz, unga Yaratgan najot va... insof bersin!

So‘zimiz birdaniga boshqa o‘zganga burilib ketganidan hayron bo‘lmang. Bugun qarz masalasida kelib chiqayotgan nizolar oz emas. Bunday nizolar ba’zan fojealarga sabab bo‘layotgani ham bor gap. Fuqarolik sudlarida ko‘rilayotgan nizolarning salmoqli qismini ham qarz oldi-berdisi bilan bog‘liq ishlar tashkil etadi. Shuning o‘ziyoq bugungi kunda odamlar o‘rtasidagi qarz munosabatlari nechog‘li og‘riqli tus olib borayotganini ko‘rsatadi.

Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2019 yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga qarzni undirish bilan bog‘liq 13.509 ta da’vo ariza tushgan bo‘lib, shundan 10.064 tasi qanoatlantirgan. Buning natijasida javobgarlardan (ya’ni, qarzdorlardan) jami 132 milliarddan ziyod qarz summasini da’vogarlar (haqdorlar) foydasiga undirish haqida hal qiluv qarorlari chiqarildi. Shuningdek, 509 ta da’vo talabi asossizligi sababli rad qilingan bo‘lsa, 502 ta holatda javobgar taraf da’voni tan olib, qarzini qaytarganligi sababli fuqarolik ishi tugatilgan.

Bu hali hammasi emas. Pul va boshqa qimmatliklarni qarz niqobi ostida aldab olib, qaytarmagan holatlar ham hayotimizda uchrab turadi. O‘tgan yilda xuddi shunday holatlar sabab 77 nafar shaxs firibgarlikda ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortilgan, ularning 31 nafari panjara ortiga ravona qilingan bo‘lsa, qolganlariga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan.

Sud amaliyoti tahlilidan kelib chiqib, qarz beruvchilarni shartli ravishda ikki toifaga ajratish mumkin.

Birinchi va ko‘pchilikni tashkil etuvchi toifa, bu - haqiqatdan ham hech qanday manfaatsiz, odamgarchilik nuqtai nazaridan yordam qo‘lini cho‘zgan insonlar. Bunday toifalar, o‘z-o‘zidan ma’lum, ishonch va istihola sabab qarz munosabatini qonuniy rasmiylashtirmaydilar. Vaqtiki kelib, qarzdorning noinsofligi (yoki to‘lov imkoniyati bo‘lmagani) bois o‘rtada nizo paydo bo‘ladi. Qonun esa, jaydari tilda aytsak, quruq gapni ko‘tarmaydi. Fuqarolik kodeksi normalari talabiga ko‘ra (41-bob, 732-733-moddalari), fuqarolar o‘rtasidagi qarz shartnomasi (agar qarz miqdori eng kam ish xaqining o‘n baravaridan ortiq bo‘lsa) oddiy yozma shaklda tuzilishi shart. Shundagina da’vo uchun dalil yuzaga keladi. Qarz shartnomasining yozma shakliga rioya qilmaslik nizo kelib chiqqan taqdirda taraflarni bitimning tuzilganligini, mazmunini yoki bajarilganligini guvohlarning ko‘rsatuvlari bilan tasdiqlash huquqidan mahrum qiladi(FK, 109-modda).

Qarz olish va berish qadimdan mavjud. Shu bois hech bir zamonda bu masala e’tibordan chetda qoldirilmagan. Aniq tartiblar joriy etilgan. Xususan, musulmon huquqida ham qarz-oldi berdi masalasida aniq ko‘rsatmalar mavjud, jumladan Qur’oni Karimning «Baqara» surasida shunday marhamat qilinadi (mazmuni): «Ey mo‘minlar! Bir-biringiz bilan qarz berishib muomala qilgan vaqtlaringizda (u qarzlaringizni ado qilish muayyan bir vaqtgacha ma’lum bo‘lsa) u qarzlaringizni hujjat tariqasida yozinglar».

Shuning uchun ham qarz oldi-berdisini hujjatlashtirishda istihola yoki andishaga borish kerak emas.


Qarz beruvchi ikkinchi toifa esa, shu orqali foyda ko‘ruvchilar bo‘lib, ular ma’lum foiz evaziga, albatta garov hisobiga qarz beradi. Bu -ribo, ya’ni sudxo‘rlik bo‘lib, Islomda gunoh hisoblanadi. Birovga pulni shunchaki berib qo‘ymaydiganlar esa doim ishini puxta qiladi. Ya’ni, aksariyat holatlarda qarz uchun garov shartnomasi tuzish o‘rniga qarz olayotgan shaxsga tegishli muayyan mulklarni (mashina, uy-joy va h.k) notarial tartibda oldi-sotdi shartnomasi orqali o‘z nomiga rasmiylashtirgachgina pul beradi. (Pulga muhtoj odamlar esa sudxo‘rning shu va shu kabi talablariga ilojsiz rozi bo‘ladi ko‘pincha.) Nizo kelib chiqqanda esa «uyni yoki mashinani qonuniy notarial tartibda rasmiylashtirib sotib olganligini» aytib, qarz berganligidan tonib turaveradi. Ko‘p holatlarda haqiqiy holatni isbotlash imkoni bo‘lmaydi va oqibat ularning qo‘li baland kelaveradi. Nega? Chunki, o‘sha oldi-sotdi shartnomasi notarial tartibda, tomonlarning xohish-irodasi asosida rasmiylashtirilgan. Mulk egasi notarius huzurida ixtiyoriy oldi-sotdi shartnomasini imzolagan. O‘rtada qarz oldi-berdi bo‘lganligini tasdiqlovchi biron yozma dalil mavjud emas.

Bu bilan sudxo‘rlarga sha’niga iliq gap aytilayotgani yo‘q. Gap shundaki, dunyoviy davlatda shariat axkomlari emas, mavjud qonunlarga asosan ish yuritiladi. Niyat qanday bo‘lmasin, qonun doirasida tuzilgan bitimlarni bekor qilishda doim ham asos topilavermaydi.

Shuning uchun, qarz evaziga nimanidir garovga qo‘yish yoki garov o‘rniga oldi-sotdi shartnomasi tuzishda xushyor bo‘lish, o‘rtadagi munosabatni to‘g‘ri, ya’ni qonuniy rasmiylashtirish kerak.

Qonunchilikda qarz oldi-berdisini tuzish va rasmiylashtirish shart qilib qo‘yilgan ekan, nima sabab qarz munosabatiga kirishayotgan shaxslar ushbu tartibga rioya etmaydi, degan savol tug‘iladi. Fikrimizcha, buning birinchi sababi - o‘rtadagi ishonch, istehola. Ikkinchidan, taraflar notarial idoraga borib, qarz shartnomasini rasmiylashtirishiga yo hafsala qilmaydi yoki imkoni bo‘lmaydi, chunki bu jarayon ortiqcha vaqtni talab etadi. Muammoning eng kattasi esa huquqiy savod va madaniyat borib taqaladi.

Ko‘rdik, ko‘ryapmiz: qarz munosabatlari qonuniy rasmiylashtirilmas ekan, nizo va muammo paydo bo‘laveradi. Shuning uchun ham bu boradagi mavjud huquqiy tartiblarga o‘zgartirish kiritish lozim ko‘rinadi.

Masalan, maxsus himoyalangan va raqamlangan blankalar joriy etish orqali mavjud tartiblarni soddalashtirish mumkin. Bunda, avvalo, maxsus blankalarni qarz shartnomasini rasmiylashtirish uchun olinadigan boj miqdoridan kelib narxlagan holda sotuvga chiqarish masalasini o‘ylab ko‘rish lozim. Shunda, qarz oluvchi blankani sotib oladi va tomonlar uni to‘ldirib, imzolaydi. Agarda qarz muddatida qaytarilmasa, shu hujjat asosida qarzni undirish masalasini soddalashtirilgan tartibda sud bo‘yrug‘i chiqarish orqali hal etish mumkin bo‘ladi. Buning uchun esa bunday blankalarda rasmiylashtirilgan qarz bitimlarini notarial tasdiqlangan qarz shartnomasiga tenglashtirish masalasini qonunchilikka kiritish lozim ko‘rinadi.

Maqoladan maqsad fuqarolar o‘rtasidagi qarz bilan bog‘liq yuzaga kelayotgan nizo va muammolarning oldini olish hamda amaldagi qonunchilikni takomillashtirishdani borat bo‘lib, bu borada bildirilgan fikrlar hisobga olinadi.

Xolmo‘min Yodgorov,
Oliy sud raisining o‘rinbosari

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring