Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qarshida rekonstruksiya qilingan «Muruvvat» uyi ochildi. Unda ponilar bilan terapiya o‘tkaziladi

Qarshida rekonstruksiya qilingan «Muruvvat» uyi ochildi. Unda ponilar bilan terapiya o‘tkaziladi

Joriy yilning 23 dekabr kuni Qarshi shahrida nogiron bolalarga mo‘ljallangan «Muruvvat» internat uyi kapital rekonstruksiyadan so‘ng ushbu tantanali tarzda ochildi.

Rekonstruksiya davomida bir necha korpuslar buzib tashlandi, yangi oshxona va bosh korpusni oshxona bloki bilan bog‘lovchi yangi binolar qurildi.  Bolalar va xodimlar qulayligi uchun kasalxona lifti o‘rnatildi, barcha palatalarda havoni konditsionerlash va shamollatish tizimlari montaj qilindi.

Zarur normativlarga  mos ravishda hududga kanalizatsiya tarmog‘i tortildi, o‘t o‘chirish bo‘yicha 100 tonna suv sig‘imiga ega yangi tizim o‘rnatildi.

«Muruvvat» internat uyi yangi jihozlar bilan ta’minlandi va yon-atrofdagi hudud to‘liq obodonlashtirildi. Kapital xarajatlarning umumiy summasi 22 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni tashkil etdi.

Qarshi shahri «Muruvvat» internat uyining direktori Ro‘ziqul Xo‘jayevning ta’kidlashicha, endi nafaqat bolalar, balki xodimlar ham bolalarni moslashtirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish, ularga tibbiy xizmat ko‘rsatish va rivojlantirish uchun shart-sharoitlarga ega bo‘ldi. Ushbu kompleks innovatsion uslublarni qo‘llash borasida ham yangi imkoniyatlarga yo‘l ochdi. Internat uyning tarbiyalanuvchilariga ikkita poni ot sovg‘a qilindi, bolalar bundan behad xursand. Bolalarni ot ustida sog‘lomlashtirish maqsadida sayr qildirish va jonivorlar bilan muloqot qilish  yo‘li bilan reabilitatsiya qilish «ippoterapiya» deb ataladi. Bu usul o‘zining ta’sirchanligini isbotladi va bolalarda muhim tuyg‘ularni rivojlantirish, tashqi muhitga tezroq moslashtirish imkonini beradi. 

Binolar kompleksi qurilishida tashkilotchilar tomonidan jonivorlarni saqlash uchun joylar ham ko‘zda tutilgan. Ayni chog‘da poni otlari Qarshi iqlimiga moslashish jarayonidan o‘tmoqda. 

Yangi bino 300 nafar bolaga mo‘ljallangan va hozirgi paytda u yerda 286 nafar bola istiqomat qiladi.

Ta’kidlanishicha, 300 nafar bola uchun normativda qariyb 300 mutaxassis ko‘zda tutilgan. Shundan 27 nafari tibbiyot xodimi, 75 nafari tarbiyachi, 50 nafari xo‘jalik xodimi, enagalar. Ushbu muassasaga uch yoshdan kelib tushadigan bolalar bilan o‘quv ishlari olib boriladi, tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Komissiya tomonidan tanlab olingan ayrim bolalar bilan o‘qituvchilar yakka tartibda shug‘ullanadi. Hozirgi paytda buning uchun alohida sinfxonalar tashkil qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring