Qanday qilib va nima uchun Texnopark rezidenti bo‘lish kerak?
Texnoparkning asosiy vazifalaridan biri mamlakatimizda IT-kompaniyalarni rivojlantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek ularni ichki va tashqi bozorlarda ilgari surishdir. Aynan shu sababli, endi yangidan tashkil etilgan va o‘z faoliyatini boshlagan kompaniyalar singari, IT-sohasida allaqachon mavjud bo‘lgan, o‘z faoliyati doirasini kengaytirish va xalqaro bozorga chiqish niyatida bo‘lgan tashkilotlarning ham rivojlanishi uchun Texnoparkning rezidentlariga keng imkoniyatlar va imtiyozlar taqdim etilgan.
Tenxopark rezidentlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga binoan quyidagilarni to‘lashdan ozod etilgan:
- barcha turdagi soliqlar va davlatning maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar, shuningdek yagona ijtimoiy to‘lov;
- o‘z ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar, butlovchi qismlar, ehtiyot qismlar, uzellar, texnologik hujjatlar, dasturiy ta’minot uchun bojxona to‘lovlari (bojxona yig‘imlaridan tashqari).
Shuningdek, Texnopark rezidentlari quyidagi huquqlarga ega:
- O‘zbekiston Respublikasi hududida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) eksport qilishdan tushgan tushumlar doirasida xalqaro to‘lov kartalariga naqd pulsiz shaklda xorijiy valyutada dividendlarni to‘lash;
- tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) eksport qilishdan tushgan mablag‘ doirasida xorijiy mutaxassislarga xorijda ochilgan xalqaro to‘lov kartalariga naqdsiz shaklda xorijiy valyutada ish haqi to‘lash;
- eksport shartnomasisiz internetning xalqaro axborot tarmog‘idagi onlayn-do‘konlar orqali xorijiy valyuta bo‘yicha ishlar va xizmatlar eksportini amalga oshirish.
Rezidentlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bo‘yicha olingan ish haqi ko‘rinishidagi daromadlar 7,5 foiz miqdorida belgilangan jismoniy shaxslarning daromad solig‘iga tortiladi va jismoniy shaxslarning soliq solinadigan maqsadlarda belgilangan yillik umumiy daromadlari tarkibiga kiritilmaydi.
Kim Texnopark rezidenti bo‘lishi mumkin?
«O‘zstandart» agentligining 2011-yil 28-yanvardagi 05-268-sonli qarori bilan tasdiqlangan, O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tgan, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy faoliyat turlari Umumdavlat klassifikatoriga (2-versiya) muvofiq quyidagi faoliyat turlaridan birini amalga oshiradigan yuridik shaxslar Texnoparkning rezidentlari bo‘lishlari mumkin:
- «Kompyuterda dasturlash ishlari, shu sohada maslahatlar berish va boshqa shunga tegishli xizmatlar»;
- «Ma’lumotlarni joylashtirish va ishlov berish xizmatlari, veb-portallar»;
- «Dasturiy ta’minot chiqarish»;
- Faqat IT-ta’limi yo‘nalishi bo‘yicha «boshqa toifalarga kiritilmagan boshqa ta’lim turlari».
Qanday qilib Texnoparkning rezidenti bo‘lish mumkin?
Texnoparkning rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun yuridik shaxs Direksiyaga tasdiqlangan shaklda arizani, unga rezident sifatida amalga oshirish uchun taklif qilingan biznes-rejani va ta’sis hujjatini ilova qilgan holda taqdim etishi shart.
Arizalarni ko‘rib chiqishda biznes-reja muhim rol o‘ynaydi. Biznes-reja Direksiyaning yuridik shaxs to‘g‘risida to‘liq ma’lumot olishi uchun kompaniya, ko‘rsatilayotgan xizmatlar va amalga oshirilayotgan loyihalar to‘g‘risida ma’lumot beruvchi hujjat bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, biznes-rejada hozirgi rivojlanishning joriy ko‘rsatkichlari, faoliyatni tashkil qilinishi aks ettiriladi, ularga erishish maqsadlari, usullari va vositalari belgilanadi.
Direksiya biznes-rejani tasdiqlangan talablar asosida ko‘rib chiqadi va bu talablarga muvofiq tarkib o‘z ichiga quyidagi bo‘limlarni qamrab olgan bo‘lishi kerak bo‘ladi:
- Loyihaning pasporti;
- Loyihaning mohiyati;
- Marketing strategiyasi va sotish rejasi;
- Ishlab chiqarish rejasi;
- Tashkiliy reja;
- Moliyaviy reja;
- Ilovalar.
Biznes-rejada keltirilgan ko‘rsatkichlar va ma’lumotlar asosli bo‘lishi, tarkibiy tuzilgan va ular o‘zaro bog‘liq bo‘lishi kerak.
Arizalarni qabul qilish va ko‘rib chiqish bepul amalga oshiriladi.
Yuridik shaxslar hujjatlarni ixtiyoriy ravishda u uchun qulay bo‘lgan usullardan biri bilan pochta orqali, elektron pochta orqali yoki IT-Parkning rasmiy veb-sayti orqali taqdim etishlari mumkin.
Ariza 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Qabul qilish to‘g‘risida ijobiy qaror qabul qilinganda, 5 ish kuni ichida IT-Park direksiyasi va rezident o‘rtasida shartnoma tuziladi. So‘ngra, 3 ish kuni ichida IT-Park direksiyasi rezidentni rezidentlarning yagona reestriga kiritadi, guvohnoma beradi va yuridik shaxsni rezident sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida va u bilan bog‘liq imtiyozlar to‘g‘risida Davlat soliq qo‘mitasiga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasiga va xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankiga xabarnoma yuboradi.
Yuridik shaxsni Texnoparkning rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda, rad etish sabablari bartaraf etilganidan so‘ng ariza qayta topshirilishi mumkin.
Texnoparkning rezidentlariga qanday talablar qo‘yiladi?
IT-Park Direksiyasi va rezident o‘rtasidagi munosabatlar ikkala tomonning huquqlari, majburiyatlari va o‘zaro munosabatlari bo‘yicha boshqa shartlarni belgilovchi shartnoma tuzish asosida tartibga solinadi.
Texnoparkda rezident bo‘lishning shartlaridan biri har oyda IT-Park Direksiyasining depozit hisob raqamiga sof tushumning bir foizi miqdorida ajratmalar o‘tkazish, har chorakda o‘zining faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berish, shuningdek har yili moliyaviy-xo‘jalik faoliyatining majburiy auditini o‘tkazish va auditorlik xulosasi nusxasini Direksiyaga taqdim etishdir.
Rezidentlik to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot qayerdan olinadi?
Batafsil ma’lumotlarni quyidagilar orqali olish mumkin:
- IT-Park saytida – https://it-park.uz;
- Quyidagi telefon raqamlar bo‘yicha murojaat qilish orqali: +998 (71) 209-11-99 yoki +998 (99) 810-60-27;
- Quyidagi elektron manzillariga murojaat qilish orqali: [email protected] yoki [email protected];
- Quyidagi manzil bo‘yicha joylashgan IT-Park direksiyasining ofisida: Toshkent sh., Mirzo Ulug‘bek t., Tepamasjid ko‘chasi, 4.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter