Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qanday ovqatlansangiz — bolalaringizda ko‘rasiz

Qanday ovqatlansangiz — bolalaringizda ko‘rasiz

Foto: High Country Behavioral Health

Olimlar so‘nggi yuz yilda insonning nasliy xususiyatlarini o‘rganish borasida ancha jiddiy qadamlar tashlashdi. Xususan, epigenetika degan fan bor — DNK ketma-ketliklari o‘zgarmasdan turib yuz beradigan gen ekspressiyalarini o‘rganadi.

Ikkinchi jahon urushi davrida natsistlar bosib olgan Niderlandiya aholisining kunlik ratsioni 400 dan 800 kilokaloriyagacha bo‘lgan. Oqibatda 20 mingga yaqin odam o‘lgan, 4,5 mln kishi to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekkan. Aniqlanishicha, o‘sha ocharchilik davrining oqibatlari keyingi avlodlarga ham gen darajasida ta’sir o‘tkazgan.

O‘sish va rivojlanishga mas’ul IGF2 genida epigen o‘zgarishlar yuz bergan. O‘sha ochlik davrini ko‘rgan homilador ayollarning farzandlari, keyinchalik nevaralarida ham mushaklar yaxshi rivojlanmasligi qayd etilgan. Keyingi avlodlarda esa organizmda ortiqcha yog‘ to‘planishi, yurak xastaliklari, diabet va chaqaloqlarning tug‘ilishdagi vazni pastligi kabi muammolar ildizi ham urush davriga borib taqaladi.

Yuqoridagi tadqiqot natijalari keyinchalik hayvonlarda o‘tkazilgan tajribalarda ham tasdig‘ini topdi. Olimlar homilador kalamushlarni vinklozolin deb nomlanuvchi keng qo‘llaniluvchi fungitsid bilan sinab ko‘rishdi. Oqibati — kalamushlarda nasl qoldirish xususiyati keskin pasayib ketdi, xususan, erkak kalamushlarda bepushtlik holatlari soni ko‘paydi.

Tadqiqotlarchilar ota-onalarning uzoq vaqt davomidagi ovqatlanish tarzi ularning bolalari va nevaralariga bevosita ta’sir qilishini ta’kidlashmoqda, yaxshi ovqatlanishni — tabiiy mahsulotlarni tanlashni tavsiya etishmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring