«Qamchiq» dovonida yuk mashinasi yonib ketdi
Bugun 4-fevral kuni «Qamchiq» dovonida «Toshkent - Vodiy» yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan «Mersedes-Benz» rusumli yuk mashinasi yonib ketdi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, soat 1:53 da A-373 avtomobil yo‘lining 227 kilometrida «Toshkent – Vodiy» yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan «Mersedes-Benz» rusumli yuk mashinasida yong‘in yuzaga kelganligi to‘g‘risida «Qamchiq» Maxsus qidiruv, yong‘in-qutqaruv boshqarmasiga xabar tushgan.
Zudlik bilan voqea joyiga Boshqarma boshlig‘i H.Bobonov boshchiligida yong‘in-qutqaruv ekipajlari yetib borib, yong‘in soat 2:28 da to‘liq bartaraf etilgan. Avtomashina yuk xonasida bo‘lgan mahsulotlarning asosiy qismi va haydovchining hayoti yong‘indan saqlab qolingan. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter