Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qalbni isloh qilish fursati

Qalbni isloh qilish fursati

Tabiatning mo‘’jizaviy va fusnkor fasli bo‘lmish go‘zal bahor musaffo havo bilan to‘yindi.

Ammo bu galgi navbahor nafaqat ona tabiat uyg‘onishi bilan, balki butun insoniyat tafakkuri, hayot tarzi ko‘z o‘ngimizda yangilanishi bilan ham tarixiy tarzda kechmoqda.

Koronavirus kirib kelishi munosabati bilan yurtimizning keskin va ta’sirchan choralar ko‘rildi, barcha hududlarida kechayu kunduz dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda, avtomobillar harakati to‘xtatildi, kasallik yuqishining bosh omili bo‘lgan insonlar o‘rtasidagi bevosita muloqotlar cheklanmoqda.

Albatta, ko‘pchilikka bunday taqiq va cheklovlar manzur bo‘lmasligi aniq. Lekin bu birinchi navbatda ularning, oila a’zolarining, atrofdagilarning sihat-salomatligi va xavfsizligi uchun ekanligini chuqur anglab yetmoqlari darkor.

Har yomonda bir yaxshi, deganlaridek, karantin vaqtida sayyoramiz iqlimi va tabiatida misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar ham kuzatilayotgani e’tiborga molik.

AQShning NASA agentligi tarqatgan xabarlarga ko‘ra, davlatlararo va mamlakatlar ichida havo va yer transporti aloqalari, avtomobil va temir yo‘l qatnovi keskin kamayishi oqibatida, atmosferaga chiqarilayotgan is gazlari miqdori sezilarli darajada kamaygan.

Natijada atmosferaning keyingi 30-40 yil ichida «yaralangan» ozon qatlami tiklanayotgani kuzatilmoqda. Quyoshdan Yer  sayyorasigacha avvallari yetib kela olmayotgan shifobaxsh, mikrob va viruslarni yo‘q qilib yuboradigan ultrabinafsha nurlar yana Yer sirtiga qadar yetib kela boshladi. Ayrim ekspertlar bu jarayonni ijobiy baholab, yaqin bir oy ichida barcha xavfli mikroblar va viruslar halok bo‘lishiga umid bog‘lashayapti.

Olimlarning mazkur kuzatuvlari xulosalari nechog‘liq to‘g‘riligini, albatta, vaqt ko‘rsatadi.

Ammo shu kunlarda birgina poytaxtimiz misolida oladigan bo‘lsak, ko‘chalar polietilen idishlariyu, turli ko‘rinishdagi chiqindilardan, avtomobillarning adoqsiz shovqinlariyu yonilg‘i yoqishlaridan chiqadigan zararli moddalardan, odamlarning taloto‘plaridan, kechasi bilan o‘yin-kulgu tinmaydigan, ehtirosu tiyiqsizliklarni targ‘ib etadigan tungi klublar karaxtligidan dam olganday go‘yo.

Bashariyat o‘zi tuganmas hoyu havasi, kundalik ehtiyojlari, nafsi bilan koinotning noma’lum manzillari sari o‘z bag‘riga solib bizni olib ketayotgan Ona sayyoramizni qaysar va quloqsiz bola kabi qiynab qo‘ygan ekanmiz.

Yerning tanasiga ignaday sanchib, uning qa’ridagi qanchadan-qancha  tabiiy resurslarni va qimmatbaho boyliklarni ochil dasturxon bilib, pala-partish foylandik, lekin evaziga bo‘sh turgan joyda birgina daraxt ekishni ham xayolimizga ham keltirmaymiz.

Qudratli atom qurollariyu ballistik raketalarni bizni ko‘tarib turgan beminnat zamin ustiyu ostida portlatib, kuchimizga mahliyo bo‘lib quvondik. Tiriklik baxt etib turgan o‘rmonlarni kesdik-yoqdik, millionlab yillar yonimizda tabiiy hamroh bo‘lib kelgan hayvonotni o‘ldirib lazzat topdik, dengizu ummonlar tubidagi jamiki jonzotni yeb yubormakka tutindik. Bir guruh ko‘zi to‘ymas, boyligu hashamlarga o‘ch «aristokratlar» butun bashariyatni qashshoqlashtirish hisobidan davlatining chegalarini yo‘qotib qo‘ya boshladi.   

Shu ma’nodaki, karantin qandaydir chegara-to‘siq emas. Uydan ko‘chaga chiqa olmay, chuqur mulohaza qilishga to‘g‘ri kelib qolganida, bu qilmishlarimiz oqibatlarini qayta idroklay boshladikmi?!

Koronavirus shunchaki dard emas. Insoniyatning ichki ruhiy muvozanati, xotirjamlik posangisi tenglashmaguncha yo‘qolib ketmaydigan dardga o‘xshaydi. Hayot tarzimiz yo‘sinini o‘zgartirish davri keldi.

Shukrki, sinovli ushbu kunlarda unutilayozgan o‘zaro mehr-muhabbat, xayru saxovat kabi muqaddas tuyg‘ular qayta tiklanayonganiga guvoh bo‘lyapmiz.

Pok iymonli va chinakam vatanparvar yurtdoshlarimiz bugungi kunda boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj yakka-yolg‘izlar, beva-bechoralarga, salomatligini tiklashga qurbi kelayotgan nochor oilalarga, chet davlatlarda qolib ketgan ishsiz hamyurtlarimizga, xayru ehson qilishayotgani har qancha tahsinga sazovordir. So‘nggi yillarda anchayin qadrsizlangan va mo‘rt bo‘lib qolgan oilaviy rishtalar — er-xotinning o‘zaro mehr-muhabbati, ota-onaga ehtirom, farzandlarga e’tibor kabi ulug‘ fazilatlar mustahkamlana boshladi. Ularning barchasi bu kunlarni to‘kin dasturxon atrofida jamuljam va bolajonlar kitoblar bilan do‘stu oshno tutinishmoqda.  

Tojli virusning har qanday hujumi tafakkuri keng, o‘zligini anglagan ellarning bir musht bo‘lib birlashishiga, yelkama-yelka turib jips bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Ishonaman, butun insoniyat tarixida bu qiyin kunlar birdamlik ramzi bo‘lib muhrlanajak.

Hech shubhasiz, ushbu qalbimizni isloh qilish onlari ham bizga omonatdur. Azizlar, har bir daqiqadan unumli foydalanaylik.  Hayotning mo‘’jizaviy hodisalarini to‘g‘ri anglab, sabr-toqat va matonat ko‘rsatib, UYIMIZDA QOLAYLIK!

Manija Bahriyeva,
jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring