Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qayerdasiz, mohir miroblar? Orol dengiziga fotoekspeditsiya

Qayerdasiz, mohir miroblar? Orol dengiziga fotoekspeditsiya

Foto: «Xabar.uz»

Yevropa ittifoqi moliyalashtirayotgan «UzWaterAware» loyihasi doirasidagi Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi hamda O‘zbekiston suv xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashi hamda tuman hokimliklari qo‘llovi va ishtirokida Qoraqalpog‘istonning Orolbo‘yi hududi hamda Orol dengiziga mediatur o‘tkazildi.

Biz, yurtimizning ko‘plab ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar Orol dengiziga yo‘l oldik. Bizga qoraqalpog‘istonlik tarix fanlari nomzodi Oktyabr Do‘spanov gidlik qildi.

Orol dengizini o‘z ko‘zim bilan ko‘rish bir umrlik orzum edi. Bolalikda qoraqalpoq yozuvchisi To‘lepbergen Qaipbergenovning asarlarini o‘qiganimdayoq ko‘nglimda bu dengizga muhabbat uyg‘ongan. Dengizda ko‘tarilgan shamol sabab qayig‘i orolchaga borib qolgan bolalarning o‘rnida bo‘lib qolishni istardim. Lekin, afsuski, menga dengizning kuchga to‘lgan, qirg‘oqlaridan toshgan paytini ko‘rish nasib etmadi. Keyinchalik matbuotda uning qurib borayotgani haqida bong ura boshlashdi. O‘shanda dengizga juda achindim. Suvni o‘ylamay sarflaganlarni yomon ko‘rdim.

Ko‘p o‘tmay bu halokat dong‘i mintaqa hududlaridan o‘tib butun dunyoga yoyildi. Shundan so‘ng Orol dengizi butun dunyo hamjamiyati e’tiboriga tushdi.

Dengizni asrab qolish uchun yurtimizda ko‘plab ishlar qilindi, lekin u oldingidek bo‘la olmasligini tan olishga majbur bo‘ldik. Shundan keyin uni qanday bo‘lsa shundayligicha saqlash, ofat ko‘lamini kamaytirish harakatlari boshlandi.

Bunga qanchalik erishilgani haqida ma’lumotlar OAVda muntazam berib borildi. Bajarilayotgan ishlar, Orolning hozirgi holati, ancha jonlanib qolgan fauna va florasi hamda Orolqum sahrosini o‘z ko‘zim bilan ko‘rish uchun men ham hamkasblarim bilan birga otlandim.

Nukus. «Jipek jo‘li»

Kechki reys bilan uchib borib, Nukusdagi ixchamgina mehmonxonaga joylashdik. Nukus juda shinam va qulay shahardek tuyuldi menga. Igor Savitskiy muzeyi, hokimiyat binosi va boshqa ma’muriy binolar bir-biriga juda yaqin joylashgan. Biz kechroq borganimiz uchun muzeyga kirishning iloji bo‘lmadi va Savitskiy muzeyi uchun alohida kelamiz deb niyat qilib qo‘ydik.

Biz boradigan manzil uzoq va yo‘l mashaqqatli bo‘lgani uchun ertasi kuni ertalabdan yo‘l tadorigini ko‘ra boshladik. Orol bo‘yiga faqatgina jiplarda yetib borish mumkinligi tufayli 12 ta «Toyota» mashinasida yo‘lga tushdik.

Qo‘ng‘irot tumanidan o‘tarkanmiz, shahar tugagach, bir xil manzara boshlandi. Cho‘l, cho‘l, cho‘l...

Yo‘lda bizni Qo‘ng‘irot tumani hokimining o‘rinbosari Baxtiyor Kamolov kutib oldi. Biz jurnalistlar u bilan suhbatlashishga shoshildik.

— Qo‘ng‘irot tumani hududi jihatidan respublikamizdagi eng katta tuman. U O‘zbekistonning 12 foizini, Qoraqalpog‘istonning esa 46 foizini egallagan. Maydoni 7 mln. 600 ming gektar bo‘lgan eng chekka hudud hisoblanadi. Qo‘ng‘irotning katta qismini Ustyurt pasttekisligi egallagan. Aholisi 126 ming 800 kishi. Tumanimizga Amudaryo orqali suv yetkaziladi, suvni tejab ishlatish uchun maxsus qurilmalardan foydalanayapmiz. Orol qurigani tufayli hosil bo‘lgan Orolqumdan ko‘tarilgan chang-to‘zonlarni to‘xtatish uchun manzarali o‘simliklar ekish yo‘lga qo‘yilgan, — deya javob berdi Baxtiyor Kamolov savollarimizga.

Shundan so‘ng mashinalar karvoni Ustyurt platosi tomon yo‘l oldi. Yo‘lning shu qismi (Orol dengizini hisobga olmaganda) mediatur ishtirokchilarining hayratiga sabab bo‘ldi.

Kinolarda Amerika kanonlarini ko‘rib, hayratlanardim. O‘zimizda ham xuddi shunaqa, balki undan ham chiroyli va mahobatli kanonlar borligini bilmas ekanman.

Ustyurt kanonlari

Kanonlar va chinklar yonidagi tor yo‘lda to‘xtagan mashinalardan tushgan jurnalistlar izoh so‘rab gid Oktyabr Do‘spanovning atrofiga yig‘ilishdi.

— Ustyurt chinkidamiz. Bu kanonlar 16-18 metrdan boshlab 127 metrgacha balandlikka ega. Aslida kanonlar 6 mln. 700 ming yil ilgari dunyo okeani tubida hosil bo‘lgan. Bu ikki shamol uchrashadigan joy deb ataladi. G‘arb va shimol shamollari uchrashganda okean ostida qatlamlar paydo bo‘lgan. Bular asrlar davomida paydo bo‘ladi. Iqlim o‘zgarib, dunyo okeani bo‘lingach, yer osti ko‘rinib qolgan va natijada Orol, Kaspiy dengizlari hosil bo‘lgan. Agar yaxshilab e’tibor berilsa, bu yerlardan chig‘anoqlarni topish mumkin...

Mayoq va Urga

Amudaryoning suvi Orol dengiziga yetib bormay qumga singib ketavergach, buning oldini olish maqsadida Amudaryo deltasini to‘sib, turli ko‘llar yuzaga keltirilgan. Hozirgi kunda o‘sha ko‘llarda baliqchilik yo‘lga qo‘yilgan. Ana shunday ko‘llardan biri Sudoche ko‘li bo‘lib, biz o‘sha yerga yo‘l oldik.

Lekin ko‘lga borayotib, signal beruvchi qadimiy mayoq vayronalari oldida ham to‘xtadik. Oktyabr Do‘spanovning aytishicha, bu mayoq juda qadimiy bo‘lib, dengizchilarga emas, Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab harakat qilgan savdo karvonlariga belgi berish uchun xizmat qilgan ekan. Bunaqa mayoqlardan bir nechta bo‘lganini bilib oldik.

Mayoq haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘lgach, Sudoche ko‘li yoqasidagi Urga qishlog‘i tomon yo‘lga tushdik. Bir paytlar Rossiya imperiyasi tomonidan bu yerlarga surgun qilingan staroobryadchilar (xristianlikda: eski din muxlislari) qabristoniga duch keldik.

Oktyabr Do‘spanovning aytishicha, bu yerlar bir paytlar orol bo‘lib, katta yerga borish uchun odamlar qayiqlardan foydalanisharkan.

Hozir esa suv ketib, orollar yer bilan birlashib ketgan.

Sudocheda baliqchilar qo‘nalg‘asida ko‘ldan tutilgan baliqdan tanovul qildik. Atrofni qoplagan qamishzor, eski qayiqlar, qadimgi binolar qoldiqlari manzarasida tushlik qilarkanmiz, ko‘nglimdan o‘rta asrlar haqidagi film suratga olish uchun tayyor pavilon bo‘larkan degan fikr o‘tdi.

Sudoche ko‘lida baliqchilik rivojlanib qolgani va ancha odam ish bilan ta’minlanganidan xursand bo‘lib yana yo‘lga tushdik.

Qibla-Ustyurt

Anchagina yurib, Qibla-Ustyurt qishloqchasiga yetib keldik. Bu yerda bir paytlar aerodrom faoliyat ko‘rsatgan va qo‘rg‘on aholisi tuman markaziga «An» samolyotlarida qatnagan ekan. Haqiqatan ham salkam yuz kilometr yo‘l yurib, birinchi aholi punktiga duch kelgandik.

Mashinalar karvoni samolyot yo‘laklariga kelib to‘xtaganini ko‘rgan qishloq yoshlari o‘z mototsikllari va velosipedlarida bizni qarshi olgani chiqishdi.

Biz ularni suhbatga tortdik.

— Qo‘rg‘onda qancha aholi yashaydi?

— 40 oila yashaymiz.

Meni bu hududning yoshlari nima bilan shug‘ullanishi qiziqtirardi, shu sabab yoshi kattaroq suhbatdoshimizdan yoshlar nima bilan shug‘ullanishi, maktab va bog‘chalar haqida surishtirdim.

— Bizda dehqonchilik qilib bo‘lmaydi, hammaning o‘ziga yarasha chorvasi bor xolos. Shu atrofda gaz tortishda mehnat qilishadi. Qishloq yaqinidan gaz qazib olinadi. Maktabmiz to‘qqiz yillik, bog‘cha yo‘q.

Suv, gaz bor, sharoitimiz yaxshi, xudoga shukur. Faqat bittagina muammomiz bor, sizlar prezidentimizga yaqinsizlar, shu iltimosimizni yetkazinglar. Bizga yo‘l qurib berishsin. Qo‘ng‘irotgacha 130 km. Yo‘lda bitta qo‘rg‘on bor, ungacha 40 km. Qishda umuman yurib bo‘lmaydi, dashtni qor bossa, adashib qolish, qorga, loyga botib qolish hech gapmas. Bizning bunaqa mashinalarimiz yo‘q, oddiy mashinalarda bu yo‘llardan yurib bo‘lmaydi.

— Shifoxona, tug‘ruqxona-chi, bormi?

— Ha, shifoxonamiz bor, bitta hamshira yarim stavkada ishlaydi. Lekin tug‘ruqxona yo‘q. Homilador ayollarni vaqtliroq Qo‘ng‘irotga olib borib tug‘ruqxonaga yotqizib kelishadi.

Maktabimiz ham yaxshi, o‘qituvchilar yetarli. Bizga faqat yo‘l kerak, boshqa hamma narsamiz bor, — deya yana ta’kidladi suhbatdoshim.

Boshqalar atrofni ko‘zdan kechirib turganda yugurgancha borib simto‘r bilan o‘rab qo‘yilgan maktab hovlisini suratga olib qaytdim. Mahalliy aholiga ularning muammolari haqida albatta yozishga va’da berib xayrlashdik.

Keyin ko‘nglimga chiroq yoqsa yorishmadi. Chunki bu qo‘rg‘onga yetib kelguncha bosib o‘tgan yo‘limizni o‘yladim. Bozor-o‘char qilish uchun yoki bemor qariyalar, homilador ayollarning bu yo‘llardan 150 km yo‘l bosib yozning saratoni-yu qishning qahratonida yurishlarini tasavvur qilib ko‘rdim va ichimda ochiqko‘ngil qibla-ustyurtliklarning muammosi haqida albatta yozaman deb o‘zimga so‘z berdim.

Dilfuza Sobirova

Toshkent-Nukus-Qo‘ng‘irot-Toshkent

Davomi bor...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring