Qachongacha Prezident aytmaguncha pusib o‘tiramiz? Davlat rahbariga yelkadosh bo‘lish uchun nima qilmoq kerak?!
Sharqda Iskandar nomi bilan mashhur bo‘lgan makedoniyalik Aleksandrga fors hukmdori Doro qo‘shinlariga kechasi hujum qilishni taklif etishganda, u: «Men g‘alabani o‘g‘irlamayman!» — deya javob bergani tarix sahifalarida yozib qoldirilgan. O‘sha paytda kimlardir Aleksandrning bu qarorini xatoga yo‘ygani turgan gap. Ammo, u haq edi. Dorodek qudratli shoh bunday harbiy hiylalar oqibatida yengiladigan raqib emas. U tungi kutilmagan hujumda askarlarining bir qismidan ajralar, ammo yo‘qotishlar o‘rnini qisqa muddatda to‘ldirish va jang tizginini qo‘lga olish imkoniga ega edi. Shunday ekan, Doroni va uning shonli armiyasini mag‘lub etishning birdan-bir yo‘li ularning jangovor ruhini sindirish bo‘lib, buni esa faqat ochiq maydondagi yuzma-yuz jangda amalga oshirish mumkin edi xolos.
Bugun jamiyat ayni holatda. Davlat islohotlari tafakkur va ruhiyat o‘zgarmaguncha kutilgan natijani bermaydi. Jamiyatimizda yangilikka to‘g‘onoq bo‘layotgan eng katta dushman milliy stereotiplarimiz, ruhiyatimizdagi qusurlarimiz, ongimizdagi turg‘unlikdir.
Milliy istiqlol g‘oyasi 26 yil davomida o‘ziga yuklatilgan vazifani to‘laligicha amalga oshirib bo‘ldi. Bugungi kun esa... Bugun jamiyatimizga yangi bir G‘OYa, mafkura kerak. Mafkuraki, mamlakatda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni yagona bir bayroq ostida ruhan birlashtiruvchi va ayni zamonda har bir Vatandoshdan kerak bo‘lsa bu g‘oya uchun jonini qurbon qilishga ham, yashatishga ham qodir, kuchli bir g‘oya kerak. Zamonaviy davlat qurilishi olimlari yoxud demokrat liberallar orasida bu fikrga qarshi chiquvchilar ko‘p. Ularning iddaosicha, hech bir mafkura davlat mafkurasi bo‘la olmaydi! Bu — Konstitutsiyada ham yozilgan norma, deyishadi.
Ular bilan bahsga kirishish niyatidan uzoq holatda shuni ta’kidlashim lozimki, men Davlatga emas jamiyatga, o‘zini ongli sanagan har qanday mamlakatga, millatga uni kuchli qiladigan hamda umid baxsh etadigan mafkura kerakligini ta’kidlamoqchiman. Ayricha, aslida mafkura davlat mafkurasi bo‘lmasligi kerak iddaosini demokratiyaning asosi sifatida targ‘ib qilayotganlarning qaysi biri menga mafkurasi bo‘lmagan (ochiq yoxud maxfiy bu boshqa masala) rivojlangan davlatni, mafkurasi bo‘lmagan, g‘oyasi bo‘lmagan, dunyoda iddaosi bo‘lmagan kuchli millatni ko‘rsata oladi? Albatta, na bunday millat va na bunday davlat bor.
Tarixiy falsafiy misollar va fikrlar borasida tortishishdan voz kechib, asosiy masala — bugungi kundagi bunday ehtiyojni vujudga kelish sababiga to‘xtalsak.
Shunday qilib, davlat rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar chinakamiga amalga oshishida qator to‘siqlarga duch kelmoqda. Boshqaruv kadrlarining malakasizligidan tortib, oddiy fuqaroning yangi davrga ko‘nikishigacha va boshqa-boshqalar...
Ammo bu muammolarning eng katta sababi — jamiyat kelajagi va ravnaqini belgilovchi omil hisoblangan ijtimoiy tafakkur masalasidir. Jamiyat a’zolari tafakkuri o‘zgarmas ekan, boshlangan islohotlar qanchalik chuqur o‘ylab mukammallashtirilgan bo‘lmasin, natija berishi qiyin.
Shu bois ana shu muhim va og‘riqli nuqta — tafakkur va mafkura masalasiga to‘xtalamiz. Zero, bandaning Haq oldidagi darajasi molu dunyosi-yu, boshqasi bilan emas iymoni bilan belgilangani kabi millatning darajasi uning tafakkuri bilan belgilanadi.
Manfaatsiz siyosat bo‘lmaydi
Dunyo siyosiy poligonida vaziyat naqadar keskinlashib ketayotgan bo‘lsa, dunyo iqtisodiy holati ham shunchalik og‘ir vaziyatni boshdan kechirmokda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining so‘nggi o‘n yillikda roli va ahamiyati (ta’sir kuchi!)ning kuchsizlanish tendensiyasi, unga a’zo gegemonlikka da’vogar mamlakatlarning istaganida xalqaro qonun qoidalarga amal qilib, istaganda ochiqchasiga amal qilmaslik holatlarining kuchayayotgani, o‘rni kelganda BMT Xavfsizlik kengashida ba’zi davlatlarning ochiqcha aytayotgan yolg‘onlari, istasakda-istamasakda qadam-baqadam insoniyatni uchinchi jahon urushi sari olib borayotganligini ko‘rsatmoqda.
Insoniyat tanazzul sari ketmoqda. Jahonda rivojlangan, rivojlanayotgan va rivojlanmayotgan mamlakatlar degan iboralar xalqaro siyosiy muzokaralarda ko‘llanilayotgani — Odam alayhissalom avlodlarining ochiqchasiga tabaqalanishi — zotan tanazzuldir. Bu chiroyli iboralar ortida aslida boylar, o‘rta hollar va kashshoqlar ma’nosi yotadi. Bu tabaqalanishni muomalaga kiritgan «boylar» (rivojlangan mamlakatlar) esa o‘zida qashshoqlar (rivojlanmagan mamlakatlar) ustidan hukmronlik qilish, ularning taqdiri ustidan hukm chiqarish huquqimiz bor, degan tushunchada yashamoqdalar. O‘z siyosatini ana shu tushunchalar asosida olib bormoqdalar. Shunday bo‘lmasa Yevropada bir yilda spirtli ichkiliklarga sarflanayotgan mablag‘ Afrika qit’asidagi insonlarning toza ichimlikka bo‘lgan ehtiyojini tamoman qondirishga yetishi kabi holatlar o‘rtaga chiqarmidi?!
Rivojlanayotgan mamlakatlarga qarab havaslanayotgan sodda insonlar ko‘p. Bunday davlatlarning aksari bu rivojlanishga milliardlab tashqi qarzlar, ya’ni kreditlar evaziga erishayotganini, bu qarzlarni esa bugun qarz evaziga, go‘yoki «mazza qilib yashayotgan» — millatlarning ertangi bolalari to‘lashi lozimligini, buning uchun Davlat kimga qarzdor bo‘lsa o‘shalarning sharti asosida siyosat yuritishga majbur bo‘lishi, ular tavsiya qiladigan kitoblar o‘qilishi, kinolar ko‘rilishi, yoshlar ularning tavsiyalari asosida tarbiyalanishi, ular istagan hayot tarzi sekin-asta urf bo‘lishi shartlari majburiyatga aylanishini ko‘pchilik bilmasa kerak. Bilsa-da bu haqda o‘ylamaslikka harakat qiladi.
«Bo‘lmasa olmasin kreditlarni, birov majbur qilmaydi-ku!», der ba’zilar. To‘g‘ri, hech kim majbur qilmaydi ochiqchasiga. Faqat o‘z ixtiyori bilan «rozi» qilinadi. Bunday kreditlarni olishdan bosh tortgan, kredit ortidan qo‘yilgan shartlarga norozi o‘lkalar inson huquqlari toptalishida, terrorizmni qo‘llab-quvvatlashda, kimyoviy qurol saqlashda, norasida go‘daklarning qotilligida yoki o‘z xalqiga zulm qilishda ayblanadi. Istalgan mamlakatda go‘yoki hurfikr demokratlar xo‘rlanayapti, inson huquqlari, diniy erkinliklar toptalayapti bahonasida revolyusiyalar uyushtirilaveradi.
Fikrimizning isboti o‘laroq o‘zni jahonning eng qudratli davlati deb biladigan mamlakat maxsus xizmati rahbari A.D.ning uzoq 1953 yilda «Biz istalgan davlatning chegarasini jismonan kesib o‘tmay, u yerda hukumatlarni ag‘darish texnologiyasini qo‘lga kiritdik», degan e’tirofini eslashning o‘zi kifoya. Toki o‘sha «quloqsiz» davlat boshiga tashqi kuchlarning istalgan odamlari boshchiligidagi, ularning qoidasi asosida davlat siyosati olib borishni istovchilar hukumati davlat tepasiga keltirilmaganiga qadar bunday ishlar davom etaveradi.
Misollar keltirib o‘tirmasligimning sababi ikkita: birinchisi, bu haqiqatlarni anglash zehniyatiga ega insonlar qaysi davlatlarni nazarda tutayotganimni shundoq ham biladi, ikkinchisi, u davlatlarning nomi misol keltiraverilib siyqasi chiqib ketdi. O‘quvchi bu mamlakatlar nomini eshitsa, ko‘ngli ayniydigan darajaga kelib qoldi. Albatta, bu ishlarning barchasi mafkuraviy yo‘llar, texnologiyalar, insonlar ongini boshqarish, omma tafakkurini zarur yo‘nalishda shakllantirish kabi ilmlar, fanlar yordamida amalga oshiriladi. Bularning barchasini ortida qaysi mamlakat turibdi dersiz? Bularning ortida mamlakatlar emas transmilliy korporatsiyalar turibdi. Faqat ijrochilar sifatida ba’zi mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar qo‘llaniladi xolos. Qisqasi, dunyo siyosati maydonida manfaatsiz siyosat bo‘lmaydi.
Oshqozon miyadan aqlli…(mi?)
Har kuni dunyoning barcha nuqtasida urush bormoqda. Urushki — sovuq qurollarsiz, o‘qlarsiz, qonlarsiz ammo qurbonlarsiz emas. Informatsion qo‘shinlar tinimsiz butun dunyoda har soniya — televizoringiz yoniq, telefon yoki kompyuteringiz internetga ulangan har soniyada sizning, bolangizning, ayolingizning ongu shuurini zabt etish uchun urush olib bormoqda. Maqsad esa bitta — insoniyatni ma’naviyatidan, ruhiyatidagi axloqdan mosuvo qilib, uni yashashdan maqsadi — faqat iste’mol qilishdan iborat mahluqqa aylantirishdir. Rahmatli Chingiz Aytmatovning bir gapi bor: «oshqozon miyadan aqlliroqdir, chunki qayt qilib tashlashni biladi, miya esa har qanday axlatni ham yutaveradi».
Telefoningizda internet orqali kelayotgan reklamalarga, aniqrog‘i reklamadagi holatlarga e’tibor qiling: reklama qilinayotgan mahsulot old planda boshqa, ammo orqa planda reklama roligidagi ohang, kiyinish uslubi, o‘zini tutish normalari boshqa. Go‘yoki mahsulotni sizga tavsiya etishadi-yu, aslida esa sizning ko‘zingiz ko‘rmaydigan, ammo ong osti darajada ta’sir etuvchi yigirma beshinchi kadr ongingizni zaharlaydi. Siz u mahsulotni balki umuman sotib olmassiz, ammo reklama ongingizning siz bilmagan nuqtalarida o‘z ishini qilib bo‘lgan bo‘ladi…
Insoniyat tarixi, ma’naviy hamda madaniy, diniy qadriyatlari ustidan kulish orqali inson ongini manipulyasiya qilish — uning ma’naviy ildizlariga bolta urush — ko‘rinmas informatsion qo‘shinlarining strategiyasidir. Asosiy maqsadlarini fosh etmaslik uchun bularning barchasi ko‘ngilochar vositalar orqali amalga oshiriladi. Ko‘ngilochar ko‘rsatuvlar, kanallar ko‘paytiriladi. Qiziqchilar millat qahramonlariga, jamiyat yulduzlariga aylantiriladi. Jamiyat a’zolari hayotiy reallikdan ko‘ra ko‘proq televizor ko‘rib «zombi»ga aylanishiga, ko‘proq o‘yin kulgu qilishga, «yulduz»larning yoki sport klublarining fanatiga aylanishi uchun harakat qilishadi.
Erkin fikr bildirish deb san’at emas san’atkorlarning ko‘ylak ishtonini muhokama qilish, siyosiy pozitsiya deb siyosiy jarayonlar emas siyosatchilarning shaxsiy hayoti, puli, harakatlariga munosabat bildirish deb qabul qildiriladi. Bu ishni qilayotganlar fath etib bo‘lgan o‘lkalarda esa ularning bayroqlari markaziy ko‘chalar va binolarda osig‘liqdir. Ularning bayroqlari — korporatsiya va kompaniyalarning brendlaridir. Shukrki, bizning mamlakatni bu infoqo‘shinlar hozircha zabt eta olgani yo‘q. Ammo urush davom etayapti.
Bizga qarshi bu urushni olib borayotganlar kim deb so‘rarsiz. Javob beray: tungi klublarda bolalaringiz qaysi musiqalardan huzur qilayotganiga, qaysi uslubda kiyinayotganiga, qaysi internet saytlarida «mazza» qilayotganiga, ijtimoiy tarmoqlardan bir — biriga qaysi videolarni ulashayotganligiga e’tibor qiling — savolingizga javobni topasiz. Chingiz aka rahmatlining haqligiga iymon keltirasiz.
Nima qilmoq kerak?
Bugun insoniyat ana shunday tahlikali bir davrni boshidan kechirayotganida, biz ya’ni millati va dinidan qat’i nazar O‘zbekiston vatandoshlari transmilliy korporatsiyalar qo‘lida o‘yinchoq bo‘lib qolmaslik uchun, yashayotganimiz Vatanimiz tuprog‘ida qonlar to‘kilmasligi uchun, bolalarimiz ertaga ko‘chada yurishga qo‘rqmasligi uchun, odamiylik, odamgarchilik deb ataydigan milliy o‘zligimiz, milliy xosligimiz, turmush tamoyilimizdan mahrum bo‘lmaslik uchun, O‘ZBEKISTON degan DAVLAT boqiy turishi uchun nima qilishimiz kerak?
Qilinishi kerak bo‘lgan ish ko‘p. Bu hakda chetdan turib maslahat beruvchilar (aslo yomon ma’noda emas!) barobarida o‘z fikr mulohazalari bilan bo‘lishayotgan olimlaru, oddiy vatandoshlarimiz ko‘p. Bunday takliflar «portal»da ham qalashib yotibdi aslida. Ammo bu borada mening ham fikr bildirish huquqimdan foydalanib, aytadigan takliflarim bor.
Birinchi qadam hamisha og‘ir !
Biz millat sifatida, eng avvalo, yolg‘ondan voz kechishimiz kerak. Mashhur Singapur iqtisodiy mo‘’jizasi ham aslida ana shu qadamdan boshlangan edi. O‘zimizni aldashni bas qilish ayni onda haqiqatni qabul qilish demakdir. Ishga o‘n daqiqa kech kelsa, mukofotdan mahrum qilib, ish soati oltida tugasa-da yana ikki uch soat ishlatib, ayni maoshni berish yolg‘ondir! Besh ish kuniga shartnoma tuzib, olti kun ishlatib, besh kunlik maosh berish yolg‘ondir! Har kuni ishga kelib ketib, na haftalik, na oylik maqsad qo‘ymasdan, natijasiz ishlash yolg‘ondir!
O‘qituvchi, shifokor, nafaqachi (nafakaxo‘r emas!), ziyolilarning jamiyat ijtimoiy hayotida mavqe’i va ijtimoiy ahvoli past bo‘lsa, buyuk kelajak haqidagi o‘ylar yolg‘ondir! Qirq kunlik askarlikka borib kelib, bir marotaba o‘q otmagan, avtomatni bo‘lish va yig‘ishni bilmagan askarning harbiy guvohnomasi yolg‘ondir! O‘ttiz uch millionli xalqning nomidan bekorchilikda o‘tirib sms yo‘llab, qo‘shiqlarga berilgan atigi besh yuz ming (agar haqiqatda shuncha odam ovoz bersa!) berilgan ovoz orqali O‘zbekiston xitlari nomi berilgan qo‘shiqlarning xitligi yolg‘on!
To davlat rahbari aytmaguncha yoki tepadan topshiriq bo‘lmaguncha nima ish qilishi kerakliligini bilmay o‘tiradigan amaldorlarning fidoiyligi yolg‘on! Millat baqosi uchun ertayu kech tinimsiz ishlayapman deb o‘zini ovutayotgan, aslida Farobiy, Xos Hojib, Mahmud Qoshg‘ariy, Makiavelli, Qozi Muhammad, Dostoyevskiy, Tolstoy, Behbudiy, Zbignev Bjezinskiy, Genri Kissenjerlarning asarlarini o‘qimagan mas’ullarning layoqatliligi yolg‘on!
Bir adolatsizlik yoki haqsizlikni ko‘rib indamay ketish jinoyat emasligi yolg‘on! Pora orqali mansabga o‘tirayotganlarning davlatga xizmat qilish da’vosi yolg‘on! Pora olayotganlarning o‘zlarini hojatbaror deb bilishlari yolg‘on! Uyidagi ayoliga ko‘chada vafo qilmagan erkakning yaxshi oila boshlig‘ligi yolg‘on! Ayollarining kamqonlik kasali bilan og‘rigan millatning to‘qligi, o‘sha davlatning iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichi 8 foizligi g‘irt yolg‘on! G‘iybatchining adolatliligi yolg‘on! O‘qituvchi paxta terishga, ko‘cha tozalashga majbur qilgan hokimning minbardan muallim millat me’mori degani yolg‘on! Eng yomoni esa, maddoh va munofiqning duosi yolg‘on! Biz bu yolg‘onlardan voz kechishimiz kerak.
Milliy «brend» darajasidagi qusurlarimiz
Millatimizning ulug‘ligiyu, yuksak ma’naviy taraflari haqida bizdan boshqa millionlab gapirganlar, gapirayotganlar va gapiradiganlar topiladi. Biz esa milliy «brend» darajasiga ko‘tarilgan qusurlarimiz haqida mushohada etishga jazm etdik. Tafakkurdagi qusurlar haqida so‘z yuritganimizda ularning butun boshli millatga xos kamchilik sifatida tamg‘alanmasligini istardik. Biroq millatimiz vakillari orasida ba’zi qusurlar kundan-kunga urchiyotirki, falokatga olib boruvchi bu illatlarning oldini olish, oqibatlari haqida ogohlantirishni fuqaroviy burchimiz deb bildik.
Ana shunday qusurlardan biri maddohlik deb etaladi. Bugun jamiyatda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, islohotlar, muammolar to‘g‘risida konstruktiv muloqot o‘rnini yig‘ilishlar, majlislar, teleko‘rsatuvlarlarda aravani quruq olib qochishu «Feysbuk» sahifalarida davlat rahbarini, hukumatni alqash, ko‘kka ko‘tarish tendensiyasi egallab oldi. Va bu kundan-kunga avj olayapti.
Maddohlik mustaqillikni qo‘lga kiritgan ilk kunlarimizdan boshlanmadi yoki sovet tuzumi davrida shakllanmadi. Uning ildizi olis-olislarga borib taqaladi. Tuprog‘imizda vujudga kelgan ulkan davlatlarning aksariyati saroy a’yonlari va amaldorlarining zimmasidagi vazifalarni ado etish o‘rniga maddohlikni kasb etgani, maqtov va aldov orqali davlat rahbarining ko‘zini ko‘r qilib, haqiqiy ahvoldan uzoqlashtirgani sababli inqirozga yuz tutgani haqida ko‘p o‘qiganmiz. «Moziyga qaytib ish ko‘rmoq xayrlidir», deganda Abdulla Qodiriy o‘tmishdagi xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarish, ularni takrorlamaslikni nazarda tutgan bo‘lsa kerak?! Afsuski, o‘tmishdagi ana shu xatolar bugun qayta bo‘y ko‘rsatmoqda, ayrimlarning qon-qoniga singib ketgan, ta’bir joiz bo‘lsa, yo‘rgakda yuqqan eski illatlar yana jonlanmoqda.
Maddohlikning eng yomoni ziyolilarnikidir. Chunki u davlatni hamisha jarga yetaklagan.
Bundan avval siyosiy partiyalar, deputatlar Prezident tanqidiga xuddi shu formatda javob bergan edi. Birortasi mard bo‘lib: «Men o‘zimga bildirilgan ishonchni oqlolmaganim sababli iste’fo beraman, xalqim meni kechir!» — demadi.
Taraqqiyotimizni ortga surayotgan yana bir qusurlardan biri andisha deb ataladi. Aslida ijobiy bo‘yoqqa ega bu xususiyat yillar mobaynida mohiyatini o‘zgartirdi. Bugun nohaqni nohaq demaslik, haqsizlikka indamay ketish, axloqsizlikka keskin munosabat bildirmaslik, kerakli o‘rinda o‘z fikrini, o‘z munosabatini bildirishdan uyalish — bularning barchasini biz andisha deya o‘zimizni alday boshladik. Nadomatki, jasoratsizligimizga, qo‘rqoqliligimizga, mas’uliyatsizligimizga ma’naviy vaj topib o‘zimizni oqlab, andishalimiz deb vijdonimizni tinchlantirib, o‘z yolg‘onimizga o‘zimiz ishonib kelayapmiz.
Darvoqe o‘zini aldash xususida. O‘zini o‘zi aldash — eng buyuk xiyonat. Nafaqat insonning o‘ziga balki millatga nisbatan eng katta xiyonatdir. Chunki o‘zini o‘zi aldayotgan olomon o‘z yolg‘onlarini kultga, «brend»ga aylantiradi. Yolg‘onlaridan butlar yasab oladi va ularga sig‘ina boshlaydi. Avlodlarini ham sig‘intiradi.
Butlarni sindiring! Najot ilm taraqqiyoti va axloq ravnaqida!
Qachonki sabablar bilan emas, tafakkur darajasining mahsuli bo‘lgan asoratlar bilan kurashda davom etar ekanmiz, go‘yoki soyalar bilan jang qilayotgan odam uni yengolmaganidek, millat sifatida qismatimiz aysbergning ko‘zdan panadagi, ya’ni suv ostidagi katta qismi halok qilgan Titanikdek fojiali tugashi mumkin. Bunday bo‘lmasligi uchun nima qilish kerak???
Gay Sallyustiy Krisp Sezarga yozgan to‘rtinchi maktubida shunday nasihat qiladi:
«Hech qachon o‘z davlatingda axloqsiz insonlarning faqat puldorligi uchun obro‘ topishiga yo‘l qo‘yma! Chunki kambag‘al bo‘lsada axloqli insondan ko‘ra, axloqsiz boy jamiyatda obro‘ topsa, axloqsizlik o‘sha jamiyatda urf bo‘ladi va Sening har qancha qudratli imperiyang tanazzulga yuz tutadi».
Ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini qayta isloh qilishdir. Islohki, fundamental isloh. Aholisi o‘ttiz uch milliondan ortiq mamlakat sifatida 63 tagina oliy o‘quv yurtiga egaligimiz milliy ilmiy salohiyat tarafidan nochor ekanligimizni ko‘rsatadi. Har yili salkam olti yuz ming bitiruvchidan yetmish mingga yaqinigina o‘qishga qabul qilinadi. Qolganlarining taqdiri nima bo‘ladi? Bu o‘qishga kirib bitirganlarning diplomlari nechta mamlakatda o‘tadi? Xalqaro standartlar talablariga nechta OO‘Yu javob berar ekan?
Davlat OO‘Yulari barobarida chet el OO‘Yulari, xususiy OO‘Yulari ochilishiga imkon berish kerak. OO‘Yulari Yevropaning aksariyat davlatlarida qo‘llaniladigan tizim asosida faoliyati qayta tashkil etilishi maqsadga muvofiqdir.
Jumladan, OO‘Yulariga talabalarni qabul qilish imtihonsiz amalga oshirilishi kerak. Istagan bitiruvchi istalgan OO‘Yuga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Ammo, kontrakt to‘lovi evaziga. Kontrakt to‘lovi mikdori bozor sharoitidan kelib chiqqan holda, albatta, qimmat bo‘ladi. Hozirgi davrda taxminan o‘ttiz million so‘m atrofida. Buning natijasida OO‘Yulari o‘rtasida raqobat kuchayadi. Professorlik tarkibini kengaytirishga, sharoitlarni yaxshilashga harakat qilishadi. Xalqaro standartlarni qo‘lga kiritish orqali taqdim etayotgan diplomlarining boshqa davlatlarda tan olinishi uchun imkoniyat yaratishadi. Ko‘proq talaba jalb qilishga harakat boshlanadi. Chunki qancha ko‘p talaba bo‘lsa, OO‘Yulari shunchalik ko‘proq iqtisodiy manfaat topadi, o‘qituvchilariga ko‘proq maosh to‘laydi. Imkoniyatlarini kengaytiradi.
Har yili yoki semestr oxirida Davlat standarti asosida imtihon qilinadi talabalar. O‘tmaganlar haydalmaydi. Qaytadan o‘sha yilni yoki semestrni qaytadan to‘lov orqali davom ettiradi. Albatta, kimdir xalqning iqtisodiy ahvoli bolasini o‘qitish uchun buncha ko‘p pul to‘lash imkoniyatini topolmaydi deyishi mumkin. Birinchidan, Davlat hozir bu tizimga milliardlab ajratayotgan OO‘Yularini moliyalashtirishdan ozod bo‘ladi va bu mablag‘larni Davlat grantlari dasturi tashkil qilib, unga yo‘naltirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Davlat grantlari dasturi OO‘Yu tizimidan alohida bo‘ladi. Bunda grant olishni istagan talabalar dasturga ma’lum bir imtihon topshirib, grantni qo‘lga kiritishi mumkin bo‘ladi. Ya’ni o‘z yo‘nalishi bo‘yicha qo‘yilgan talab — ballni yiqqan holatda dastur tomonidan bir yillik kontrakti to‘lab beriladi.
Bundan tashqari, istalgan kompaniya va firmalar o‘zlariga yuqori malakali mutaxassis tayyorlash uchun, keyinchalik ma’lum muddat ishlab berish sharti bilan grantlar taqdim etadi. Albatta, davlat yoki xususiy grantlar bo‘lsin, ularni qozonishning yagona yo‘li ilm sinovi bo‘ladi. Tabiiyki, ilmi kuchlilar grant asosida o‘qishadi. Natijada sohadagi korrupsiya tugatiladi, yoshlarning katta qismi OO‘Yularida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi, davlat milliardlab harajatdan qutuladi, OO‘Yulari hamda mutaxassislar sifati oshadi, mamlakat ilmiy salohiyati o‘sadi, xususiy sektor rivojlanadi.
Yana bir oddiy tilda aytiladigan, oddiy haqiqat bor — puli kuygan sovunni yerkan deganlariday, bepul erishilgan narsaning qadri bo‘lmaydi. Ya’niki, odamlar pul topish uchun, sarflangan puldan natija olish uchun tanballikka chek qo‘yishga majbur bo‘ladi. Keng profilli sifatsiz mutaxassislardan, aniq yunaltirilgan tor profilli mutaxassislar yetishtiriladi.
Sog‘liqni saqlash tizimida sog‘liq sug‘urtasini joriy etish, sohaning rivojlanishiga, davlatning sohaga sarf-harajatini keskin kamaytirishga sabab bo‘ladi. Eng asosiysi ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati yaxshilanadi. Shukrki bu sohada ilk qadamlar tashlana boshlandi.
Shakl va mohiyat
Komillik shakl va mohiyat uyg‘unligida ekanligini hammamiz bilamiz. Bizning shaklimiz mohiyatimizga va aksincha mohiyatimiz shaklimizga uyg‘un bo‘lmas ekan, tafakkurimiz o‘zgarmas ekan biz baxtli bo‘la olmaymiz. Murodimizga yetmaymiz. Jaloliddin Rumiy hazratlarining mashhur yetti o‘gitidan eng asosiysini eslang: «Yo bo‘lganing kabi ko‘rin, yo ko‘ringaning kabi bo‘l!».
Bugun hukumat Prezident qabul qilgan harakatlar strategiyasini ulug‘lash bilan, uni madh qilish bilan ovora. E’tibor qiling: uning mohiyatini tarannum etish bilan band hamma. Ammo uning chinakamiga, hov, o‘sha olis qishloq odami hayotiga ijobiy ta’sir qilishi borasida amaliy ishlar kam. Ertaga Prezident oldiga chiqib uncha uy qurdik, buncha ko‘prik qurdik, aholini ijtimoiy himoyasini kuchaytirdik deya go‘zal hisobotlar beriladi.
Ammo bu hisobotlarda qishloqdagi oddiy mehnatkash onalarimizu singillarimizning qonidagi gemoglabin miqdori nega oshmaganligi, millat bolasining jismida yod tanqisligi nega kamaymaganligi, nega qishloqdagi har bir go‘dak har ertalab shahardagi bolalar kabi sutli ovqat, kolbasa, saryog‘ yeyish imkoniyati yo‘qligi haqida biror so‘z bo‘lmaydi. Prezident bu savollarni so‘ramaydi deb umid qiladi. Biroq Prezident bularning barchasini so‘raydi. Chunki u o‘g‘rini o‘g‘ri, to‘g‘rini to‘g‘ri deyishdan qo‘rqmaydi. Harakatlar strategiyasi oddiy qishloq mehnatkashi hayotiga ijobiy o‘zgartirish kiritmagunicha tinchimaydi.
Shu o‘rinda yana bir fikr. Biz Harakatlar strategiyasini tilga olgan ekanmiz, uni to‘laqonli hayotga tadbiq etishda muammo tug‘dirayotgan kichik bir nuqtaga to‘xtalishimiz lozim. Harakatlar strategiyasi qanchalik ulug‘ marralarni maqsad qilib olgan bo‘lmasin, toki har bir strategiyani amalga oshirish bo‘yicha aniq konseptual dasturlar ishlab chiqilmas ekan, murodga yetilmaydi.
Bu ko‘tarilgan masalalar o‘z yechimini topar yoki topmas, takliflar o‘rganib chiqilar yoki chiqilmas, ammo, dunyoda ro‘y berayotgan hodisalar, yangidan yangi tahdidlar zamonida millatni birlashtirib, uni yashatadigan kuchli bir mafkura, yangi bir tamoyil bo‘lmas ekan uch ming yillik davlatchilik tarixiga ega davlat tahlika ostida qoladi.
Adolat davlatning tamalidir!
Zamonning o‘zi oldimizga yangi tahlikalar, yangi shartlar, yangi chaqiriqlarni, yangi shartlarni qo‘ymoqdaki, bugun yangi bir g‘oyaga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Fikrimcha, bu g‘oya yuqorida keltirilgan islohotlarni o‘z ichiga olgan ADOLATLI JAMIYaT — KUChLI DAVLAT g‘oyasi bo‘lishi kerak. Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ham o‘z chiqishlarida adolatning naqadar muhimligi haqida ko‘p to‘xtalmoqdalar. Zotan istalgan davlatning tamali adolat ekanligini, bunday tamalga ega bo‘lmagan davlatlar tezda parchalanib, tanazzulga yuz tutganligi tarixdan ma’lum.
Iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar aynan adolat tamoyiliga qurilmas ekan davlat kuchli bo‘la olmaydi. Adolat tamoyili faqatgina iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy sohalarda emas, har bir xonadonda, jamiyatimiz a’zolari orasidagi o‘zaro ijtimoiy munosabatlarda, oilada, har bir vatandoshimiz turmush tarzida aks etishiga erishsakgina dunyoda benazir kuchga ega davlat qurdik deya olamiz. Bu albatta juda katta sifatli ma’naviy targ‘ibotni taqozo etadi.
Ammo, buni amalga oshirishga kirishishning o‘ziyoq millat sifatida yangi bir iqtidorga erishayotganimizni ko‘rsatadi. Chunki faqatgina millatini Ona, davlatini Ota o‘rnida bilish orqaligina dunyoda ro‘y berayotgan va berishi kutilayotgan bo‘xronlardan davlatimiz va qadriyatlariga sodiq millatimizni qutqarib qolishimiz, tinchlikni va to‘qlikni, sokin va tahlikasiz hayot tarzini, rivojlangan va himoyalangan iqtisodni, erkin kelajak kafolatini bolalarimizga ta’minlay olamiz. Buning uchun kuchli g‘oya kerak: ADOLATLI JAMIYaT — KUChLI DAVLAT g‘oyasi. Zero, millatimizning azaldan jismi — odamiylik, ruhi — adolat bo‘lgan.
Fobiyalar — taraqqiyot kushandasi
Biz bugun nafaqat Markaziy Osiyoda, balki dunyoda eng rivojlangan Davlat bo‘lish maqsadida dunyoga ochilgan ekanmiz, milliy tafakkurimizdagi turli fobiyalardan voz kechishimiz kerak. Fobiya — u qanaqa shakldagi qo‘rquv bo‘lishidan qat’iy nazar ruhiyat bilan, yanada to‘g‘rirog‘i, tafakkur bilan bog‘liq muammodir. Ammo asosiysi shuki, fobiya (qo‘rquv) o‘ziga ishonmagan shaxsda, kengroq olinganda, millatda uchraydi.
Eski SSSRni tiklamoqchi deya rusofobiyani, Turkiy mamlakatlarni birlashtirib o‘ziga bo‘ysundirib olmoqchi deya Turkofobiyani, hamma namoz o‘qisa terroristlar bosib ketadi deya islomofobiyani, yangiliklar yaxshilikka olib kelmaydi deya neofobiyani urchitmaslik kerak.
O‘ziga ishongan millat, o‘z qudratiga ishongan Davlat hech narsadan qo‘rqmaydi. Kuchli ma’naviyatga, mustahkamga e’tiqodga ega shaxs dahriy bilan muloqot qilib dahriy bo‘lib qolmaganidek, uch yarim ming yillik davlatchilik tarixiga ega bu Davlatni hech qanday kuch o‘z yo‘lidan, o‘z e’tiqodidan qaytara olmaydi!
Murakkab davr
Umuman olganda, yuqorida aytganimiz barcha iztirobli masalalar ortida milliy tafakkur va mafkura masalasi yotadi. Bugungi kun uchun yangi bir mafkura zarurligini hayotning o‘zi isbot qilib turibdi. Biz bir ongli jamiyat sifatida do‘ppini boshdan olib bizga qanday mafkura kerakligi haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Bu juda og‘ir tanlov. Chunki yashayotganimiz va murakkab deyayotganimiz hozirgi zamon faqat O‘zbek uchun emas, barcha millatlar uchun murakkab bir davrdir.
Mafkura borasida oldimizda to‘rt xil tanlov bor: birinchisi, millatchilik ruhidagi mafkura; ikkinchisi, diniy-monarxik mafkura; uchinchisi, liberal-demokratik mafkura; to‘rtinchisi, konservativ mafkura.
Qaysi birini tanlashdan qat’i nazar, muhim bir nuqtani unutmasligmiz lozim: biz mafkurani ommani boshqarish vositasi emas, mamlakatimiz va butun dunyo oldida turgan muammolarini yechish instrumenti sifatida ko‘rishimiz kerak.
Bu tanlovning og‘irligi shundaki, bularning hech biri ideal emas. Barchasining foydasi kabi zarari, yaxshisiga barobar yomon oqibatlari bor. Biz bugun yaxshi yoki yomon o‘rtasida tanlash imkoniyatimiz yo‘q. Bizda faqat ko‘p yomondan ko‘ra ozroq yomonini, ko‘p zarardan ko‘ra ozroq zararlisini tanlash imkoni bor xolos. Ammo bunda ham adashmasligimiz, buning uchun har tomonlama chuqur o‘ylab, yetti o‘lchab bir kesishimiz zarur. Holatning og‘irligi shundaki, o‘ylashga vaqtimiz oz. Juda ham oz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter