Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putin urushni to‘xtatib turishga buyruq berdi

Putin urushni to‘xtatib turishga buyruq berdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Mudofaa vazirligiga Rojdestvo bayrami munosabati bilan maxsus harbiy operatsiya zonasida butun o‘zaro to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etish bo‘yicha topshiriq berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘t ochmaslik rejimi 6-yanvar kuni 12:00 dan 7-yanvar 24:00 gacha amal qiladi. Qayd etilishicha, bunday qaror Patriarx Kirill tegishli iltimos bilan chiqqanidan keyin qabul qilingan.

«Pravoslavlikni tan olgan ko‘plab fuqarolar jangovar harakatlar sodir bo‘layotgan hududlarda istiqomat qilayotganidan kelib chiqib, Masihning tug‘ilgan kuni munosabati bilan biz Ukraina tomonini o‘t ochishni to‘xtatishga va ularga Rojdestvo arafasida, shuningdek, bayram kuni marosimlarda qatnashish imkoniyatini berishga chaqiramiz», – deyiladi xabarda.

Xabar e’lon qilingach, ko‘p o‘tmasdan Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Rojdestvo kunida maxsus operatsiya zonasida o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga javob berdi.

«Rossiya bosib olingan hududlarni tark etishi kerak – shundan keyingina u vaqtinchalik sulhni boshlaydi», — dedi Podolyak.

Ma’lumot uchun, kecha 5-yanvar kuni Moskva va Butun Rus patriarxi Kirill pravoslavlar Rojdestvo bayramini tinchlikda nishonlashlari uchun Ukraina va Donbassda sulh tuzishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, 1-yanvar kuni soat 00:01 da Ukraina armiyasi Himars MLRS raketa tizimi orqali Donetsk viloyatining Makeyevka hududida joylashgan Rossiya harbiy qismlariga zarba bergandi. Raketa zarbasi oqibatida 89 nafar Rossiya harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring