Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putin «Krokus» terakti uchun o‘ch olishga chaqirdi. Kimdan?

Putin «Krokus» terakti uchun o‘ch olishga chaqirdi. Kimdan?

Vladimir Putin «Krokus» uchun terakt ishtirokchilari va homiylaridan qasos olishni talab qildi. Hujum uchun mas’uliyatni ekstremistik tashkilot o‘z zimmasiga olgan, ammo Moskva ehtimoliy «Ukraina izi» haqida gapirmoqda.

Xalqaro terrorizm zamonamizning asosiy tahdidlaridan biri bo‘lib qolmoqda, terrorchilar davlatlarni beqarorlashtirishga, dinlararo va etnik adovatni qo‘zg‘atishga intilmoqda, ularning usullari tobora vahshiy bo‘lib bormoqda, degan Vladimir Putin xavfsizlik masalalari bo‘yicha mas’ullarning 12-xalqaro yig‘ilishida.

«Buni 22 mart kuni Moskva viloyatida yuz bergan qonli terakt yana bir bor namoyon etdi. Rossiya razvedka xizmatlari va huquqni muhofaza qilish idoralari ushbu jirkanch jinoyatning barcha tafsilotlarini aniqlash va o‘rganish, uning ishtirokchilari, shu jumladan homiylar va tashkilotchilarni aniqlashda davom etmoqda. Ularning hech biri adolatli jazodan qutulib qolmasligi kerak», — dedi u.

Krokusdagi terakt uchun javobgarlikni «Viloyati Xuroson» tashkiloti o‘z zimmasiga olgandi. Biroq Rossiya Bosh prokuraturasi ishda «Ukraina izi» borligini da’vo qilmoqda. Rossiya prezidenti ham bu teraktda Ukrainani aybdor qilishga urinib keladi. AQSh va Ukraina rasmiylari esa Kiyevning teraktga aloqadorligini keskin rad etib keladi.

Eslatib o‘tamiz, otishma va yong‘in natijasida 145 kishi halok bo‘ldi, ulardan olti nafari bolalardir. 550 kishi jarohatlandi. Hodisaga aloqadorlikda gumonlanib, o‘ndan ortiq kishi, jumladan, teraktning to‘rt nafar bevosita ishtirokchisi deb hisoblanayotganlar hibsga olingan. Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin gumondorlarning qiynoqqa solinganiga munosabat bildirib, jismoniy bosim ostida iqror bo‘lish qanday natija berishi «yaxshi ma’lum», degandi.

Rossiyadagi teraktdan so‘ng o‘lim jazosini qaytarish haqidagi munozaralar qayta boshlandi. Hozirda bu jazo Konstitutsiyaviy sud tomonidan moratoriy ostida. Konstitutsiyaviy sudning yangi rahbari Irina Podnosova o‘zidan oldingi rais Vyacheslav Lebedevning fikriga qo‘shiladi, uning qayd  etishicha, masala allaqachon hal bo‘lgan va o‘lim jazosini qaytarish haqida gap bo‘lishi mumkin emas.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring