Pul emas, lafz inflyasiyaga uchramoqda
— Muhtaram ustoz, «Qarz munosabatlarni buzadi» deyishadi. Bunga sabab keyingi paytlarda qarz olib qaytarmaydiganlar ko‘paygani bo‘lsa kerak. Sizga pul emas, odamlarning lafzi inflyasiyaga uchrayotganday tuyulmayaptimi?
— Aslida, qarz kishilar o‘rtasidagi munosabatlarni buzmaydi, aksincha, mustahkamlashga xizmat qiladi. Agar qarz oluvchi ham, beruvchi ham imon-e’tiqodli, insofli odamlar bo‘lsa! Afsuski, siz aytgandek, bugun birovdan qarz olib, qaytarmaydiganlar ham yo‘q emas. Bu lafzsizlikdir. Lafzsizlik esa yolg‘onning bir turi, yolg‘on — gunohi kabiralardandir.
Qarz olib, qarz berishning shariatda aybi yo‘q. Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallollohu alayhi vasallam ham qarz olib, qarz berganlar. Faqat hammasi o‘z o‘rni va vaqtida bo‘lgan. Hozir bir kishi boshqasidan yalinib qarz oladi, tilxat ham beradi, lekin belgilangan muddat yetganda, daragini topolmaysiz. Hayotda har xil vaziyatlar bo‘ladi, ba’zan aytilgan muhlatda pulni to‘g‘rilay olmaslik mumkin, lekin shuni qarz bergan kishiga tushuntirsa bo‘ladi-ku. Yo‘q, tushuntirish ham, uzr ham, pulni qaytarish ham yo‘q. Pulni yig‘a olmaganlar-ku, mayli, ehtimol, gunohi yengilroq bo‘lar, ammo bor bo‘la turib, qarzini uzmay yurish zulmdir. «Sahihul Buxoriy»da keltirilgan: «Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sallollohu alayhi vasallam: «Imkoniyati bor odamning qarzni bermay, cho‘zishi zulmdir...», dedilar».
Mavzuga doir:
Sehr-joduning yaratilishidagi hikmat neligini bilasizmi?
Qarz juda nozik masala. Uning hisobi qattiq. Kimdir vafot etsa, albatta, vorislari, yaqin insonlari uning qarzini o‘z zimmalariga olishadi. Nega? Sababi qarzdor odamga Qiyomatda Alloh taolo: «Ey bandam, men sen bilan o‘zimning oramdagi buzilgan haqlarni kechib yuborishim mumkin, lekin sen bilan boshqa bandalarim orasidagi haqlardan kecholmayman, ularning roziligini ol», der ekan. Agar banda qarzdor holda vafot topib, yaqinlari ham uning qarzini uzib qo‘ymagan bo‘lsa, oxiratda haqdorni rozi qilmaguncha tinch qo‘yilmas ekan. U paytda odamda qilgan amallaridan boshqa nimasi bo‘ladi? Hech narsa. U o‘zining savoblaridan berib qutular ekan. Savobi qolmasa, o‘sha qarz bergan kishining gunohlarini olib, qutular ekan.
Shuning uchun, azizlar, odamlarning haqidan hazar qilmog‘imiz shart. Qarz olsak, to‘g‘ri niyatda, nasib etsa, uzaman, degan niyatda olaylik. Shunda Alloh ham bizga yordam beradi. Yeb ketish yoki ha, bir kuni beraman-da, qochib ketarmidim, degan maqsadda qarz olgan odam baraka topmaydi.
Savolga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansur javob berdi.
«Ma’naviy hayot» jurnalidan olindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter