Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Prokuror» Sirdaryoda qo‘lga tushdi

«Prokuror» Sirdaryoda qo‘lga tushdi

Foto: «Postda»

Oliy ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolarning jinoyatga qo‘l urishini aslo oqlab bo‘lmaydi. Hikoyamiz «qahramoni» oliy ma’lumotli bo‘la turib, o‘ziga xavfli retsidivist degan qora tamg‘ani olgan va o‘z kelajagiga qora chizgilar chizgan inson...

«Tadbirkor operatsiyasi»

Ikrom Karimov (ism-shariflar o‘zgartirildi) 2018-yil noyabr oyida Yangiyer shahridagi «Dehqon bozori»ga borib, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqaro Yo. Xo‘jamovga o‘zini «Alisher ismli Sirdaryo viloyati departamenti xodimi» deb tanishtiradi va kelajakda qo‘llab-quvvatlab turishni va’da qiladi. So‘ng bozorda valyuta tadbiri o‘tkazilayotganligi uchun 3500000 so‘m pul yetmay qolganligi, tadbir tugagach, qaytarib berishini aytib, undan ushbu summani oladi... 

«Jentra» tomoshasi

Ikromning tuzog‘iga tushgan navbatdagi jabrlanuvchi samarqandlik Q.Murodov bo‘ldi. Ikrom o‘ziga avvaldan notanish bo‘lgan bu fuqaro bilan  o‘tgan yilning 3-dekabr kuni Samarqand shahridagi Rudakiy ko‘chasida ko‘rishadi. Ikrom unga davlat hisobiga musodara qilingan «Jentra» rusumli avtomashinani arzon narxda auksion orqali olib berishni aytadi. Harakatlari ishonchli bo‘lishi uchun Q.Murodovning fuqarolik pasportini qo‘lga kiritadi. So‘ng avtomashinani rasmiylashtirib berishini aytib, undan 18252800 so‘m, ya’ni 2200 AQSh dollarini oladi.

«Prokuror»ning mahkumni ozodlikka chiqarish rejasi...

Ikrom 2019-yilning 16-yanvar kuni tanishi Ahmad Murodovga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini Yodgor ismli Toshkent shahar prokuraturasi xodimi deb tanishtirdi va unga o‘g‘li M. Murodovni Oliy sudga protest kiritish yo‘li bilan qamoqdan chiqishiga yordam berishini aytdi. Oradan uch kun o‘tgach, «Oltin baliq» kafesi oldida u bilan ko‘rishib, xizmati evaziga 2000 AQSh dollari so‘raydi. A. Murodov bu haqda Sirdaryo viloyati prokuraturasi va Departamentning viloyat boshqarmasi xodimlariga ma’lum qilgach, o‘tkazilgan tezkor tadbirda firibgar qo‘lga olindi.

Yuqoridagi kabi firibgarlik harakatlarini sodir etgani uchun u 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Albatta, har kim qilmishi uchun tegishli jazoni olishi shart. Bu, o‘z navbatida, mana shunday qabih yo‘llar bilan odamlar ishonchiga kirib, boyib ketishni ko‘zlagan shaxslarga saboq bo‘ladi, boshqalarni esa hushyorlikka chorlaydi...

O.NABIYEV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xovos tuman sudi raisi.
Sirdaryo viloyati

Manba: postda.uz

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring