Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prokuror Fozilovga jazo qo‘llanildi

Prokuror Fozilovga jazo qo‘llanildi

Jasur Fozilov

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilovning videomurojaatlari keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Avvalroq, Bosh prokuratura tomonidan Buxoro shahridagi tadbirkorning Buxoro shahar prokurori J.Fozilovning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yozgan arizasi yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganligi haqida rasmiy bayonot berilgan.

Tekshiruvning xolisona va adolatli o‘tkazilishini ta’minlash, ish holatlariga to‘liq oydinlik kiritish, har qanday aralashuv va ta’sirlarning oldini olish maqsadida Buxoro shahar prokurori J.Fozilov 2020-yil 2-dekabr kuni xizmat vazifalarini bajarishdan vaqtincha chetlashtirilgan edi.

Xizmat tekshiruvi yakunlanganligi munosabati bilan Bosh prokurorning buyrug‘iga asosan J.Fozilov joriy yil 19-dekabrdan xizmat vazifalarini bajarishga kirishdi.

Xizmat tekshiruvida J.Fozilov o‘z xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmasdan, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yib, o‘zi rahbarlik qilayotgan prokuratura ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishining tergovi ustidan nazoratni ta’minlamaganligi, amaldagi qonunchilik bilan muqobil tekshiruvlar bekor qilingan bo‘lsa-da, jinoyat ishiga aloqasi bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar mansabdor shaxslarini tergovga jalb qilib, so‘roq qilish orqali muqobil tekshirish, shuningdek, asossiz ravishda tadbirkorni chaqirtirish va majburiy keltirish haqida qo‘l ostidagi tergovchiga topshiriq berganligi aniqlandi.

Shularga ko‘ra, Bosh prokurorning 21.12.2020-yildagi buyrug‘i bilan Buxoro shahar prokurori J.Fozilovga «Hayfsan» intizomiy jazosi qo‘llanildi, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring