Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustaqillik yo‘lidan hech qachon qaytmaymiz! Prezidentning to‘liq nutqi

Mustaqillik yo‘lidan hech qachon qaytmaymiz! Prezidentning to‘liq nutqi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma sakkiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi mamlakat rahbarining matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Mana shu quvonchli ayyomda siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni Mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklashga ijozat bergaysiz.

Bundan yigirma sakkiz yil oldin Birinchi Prezidentimiz, muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimov xalqimiz va jahon hamjamiyatiga O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qildi.

O‘tgan qisqa davrda jonajon O‘zbekistonimiz mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli istiqlol yo‘lini bosib o‘tdi.

Bugun bir haqiqatni katta g‘urur va iftixor bilan aytishga to‘la asosimiz bor: mard va matonatli xalqimiz qanchalik qiyin va og‘ir sinovlarga duch kelmasin, o‘zining mustahkam irodasini namoyon etib, o‘zi tanlab olgan mustaqillik yo‘liga doimo sodiq bo‘lib kelmoqda.

Bugun O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga dadil qadam qo‘ymoqda. Mamlakatimizni modernizatsiya qilish, inson huquq va erkinliklarini, qonun ustuvorligini ta’minlash asosida O‘zbekistonning yangi, demokratik qiyofasi yaratilmoqda. Bu borada Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan «Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari» degan ustuvor g‘oya biz uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Milliy yuksalish deganda, biz mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimizning hayot darajasi va turmush sifatini har tomonlama yuqori bosqichga ko‘tarishni tushunamiz.

Davlatimiz, el-yurtimizning salohiyati va kuch-qudratiga tayanib, tabiiy boyliklarimizdan oqilona foydalanib, biz o‘z oldimizga qo‘ygan ana shunday maqsadlar sari izchil qadam qo‘ymoqdamiz.

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Biz bugun qanday islohotlarni, qanday o‘zgarishlar, qanday yangi loyihalarni amalga oshirayotgan bo‘lmaylik, ularning barcha-barchasi yagona, ulug‘ bir maqsadga qaratilgan. U ham bo‘lsa, mana shu mehnatkash, zahmatkash, olijanob xalqimizni rozi qilish, hayotning barcha sinovlarini matonat bilan yengib yashayotgan vatandoshlarimizning ishonchini oqlash, og‘irini yengil qilishdan iboratdir.

Lekin hammamiz yaxshi tushunamizki, bunday ulug‘ maqsadlarga o‘z-o‘zidan, quruq va balandparvoz gaplar bilan erishib bo‘lmaydi. Bunday marralarga faqat tinimsiz, og‘ir va fidokorona mehnat bilan erishiladi.

Shu maqsadda so‘nggi yillarda davlat va jamiyat boshqaruvi, sud-huquq tizimini takomillashtirish, mamlakatimizning mudofaa qudratini mustahkamlash, haqiqiy bozor iqtisodiyotiga o‘tish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Xususiy mulk va tadbirkorlik uchun keng sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Makroiqtisodiy barqarorlik ta’minlanmoqda.

Qishloq xo‘jaligida tub islohotlar olib borilmoqda. Bu yilgi tabiat qiyinchiliklariga qaramasdan, mirishkor fermer va dehqonlarimiz mardona mehnat qilib, ko‘plab sohalarda mo‘l hosil yetishtirdilar.

Fursatdan foydalanib, barcha dehqon va fermerlar, dala mehnatkashlarini xalqimiz farovonligini ta’minlash yo‘lida erishayotgan katta yutuqlari bilan samimiy tabriklashni o‘z burchim, deb bilaman.

Aziz do‘stlar!

Yurtimizda ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha o‘ziga xos tizim shakllanmoqda. Bu borada «Obod qishloq», «Obod mahalla», «Yoshlar – kelajagimiz», «Besh ijobiy tashabbus» kabi dasturlarimiz aholini yangicha fikrlash va ishlashga safarbar etishda muhim rol o‘ynamoqda. Buning natijasida yuzlab tuman, shahar va qishloqlarning me’moriy qiyofasi tubdan yangilanmoqda.

Ilm-fan, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport sohalarida bo‘layotgan katta o‘zgarishlar ham sizlarga yaxshi ma’lum.

Biz umumta’lim maktablarida 11 yillik tizimni tikladik. Maktab ta’limini rivojlantirish masalasi buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda oliy ta’lim sohasi ham jadal rivojlanmoqda. Faqat keyingi uch yilda 35 ta yangi oliy o‘quv yurti tashkil qilindi va ularning umumiy soni 112 taga yetdi. Bularning 13 tasi nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari ekanini alohida ta’kidlash lozim.

Sog‘liqni saqlash sohasining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash doimo e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda. Yurtimizda ko‘plab yangi shifoxonalar, tibbiyot markazlari, oilaviy va xususiy klinikalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Keyingi yillarda kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan insonlar, yoshlar, xotin-qizlar, keksa avlod vakillarini ijtimoiy himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Bu borada Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi, Nogironligi bo‘lgan insonlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilganini qayd etish lozim.

Aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash biz uchun eng dolzarb vazifa bo‘lib kelmoqda. Bizning barcha iqtisodiy va ijtimoiy dasturlarimiz, yirik investitsiya loyihalarimiz, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarimizning markazida aynan shu muhim masala asosiy maqsad va vazifa bo‘lib turibdi.

Uzoq vaqt davomida o‘tkir muammo bo‘lib kelgan aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha ham yurtimizda yangi davr boshlandi, desak, xato bo‘lmaydi.

Mamlakatimizning madaniy hayotida ham ulkan o‘zgarishlar yuz bermoqda. Birinchi marta Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom san’ati anjumani, Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik san’ati festivali katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazildi. Kuni kecha Samarqand shahrida yuksak saviya va baland ruh bilan o‘tkazilgan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali betakror mumtoz san’atimizni yana bir marta dunyoga namoyon etdi. Sentyabr oyida esa Qo‘qon shahrida ilk bor Xalqaro hunarmandchilik festivalini o‘tkazamiz.

Biz ma’naviyat va ma’rifat ishini vatanparvarlik ishi, vijdon ishi, deb bilamiz. Vijdoni, ma’naviyati bor inson Vatanni albatta yaxshi ko‘radi. Vijdon, ma’naviyat degani – xalqqa, Vatanga chin yurakdan xizmat qilish deganidir.

Mana shunday qarash butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz tomonidan keng va qizg‘in qo‘llab-quvvatlanayotgani ma’naviy tarbiyaning naqadar dolzarb ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.

Aziz do‘stlar!

O‘zbekiston inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha mustaqil siyosatini qat’iy davom ettirmoqda va bu siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda.

Mamlakatimizda mahbuslarni afv etish instituti joriy etildi. Keyingi uch yilda yetti marta afv e’lon qilindi. Natijada qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 4 mingga yaqin mahbus jazoni o‘tash joylaridan ozod etildi.

Kuni kecha afv etish haqidagi yana bir farmonga imzo chekdim. Unga ko‘ra jazo muddatini o‘tayotgan 65 nafar fuqaro afv etildi.

Tasavvur qiling, o‘z uyiga, yaqinlari bag‘riga qaytayotgan bu insonlarning, ularning ota-onasi, farzandlarining quvonchi, xursandchiligini «oynai jahon» orqali ko‘rgan odam, bu haqiqatan ham ezgu va savobli ish ekaniga yana bir bor ishonch hosil qiladi.

Mustaqillik bayrami arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jasliq qo‘rg‘onidagi jazoni ijro etish koloniyasi yopilgani insonparvar siyosatning yana bir ifodasi bo‘ldi.

Bu tarixiy qadam mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish vaqtinchalik kampaniya emas, balki davlat siyosati darajasidagi uzluksiz jarayon ekanini ko‘rsatadi.

Bugungi kunda O‘zbekiston o‘z fuqarolarining huquq va manfaatlarini, ular qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, himoya qilishga qodir mamlakat sifatida o‘zini namoyon etmoqda.

Chet ellarda ishlayotgan va ta’lim olayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalar mustahkamlanib, ularning huquq va manfaatlari ta’minlanmoqda. O‘zbekistonga qaytib, ish yoki o‘qish faoliyatini davom ettirish istagida bo‘lgan fuqarolarimiz uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.

Bu yil 156 nafar vatandoshimiz – asosan ayollar va bolalar jangovar harakatlar davom etayotgan Suriyadan qaytarib olib kelindi va ularning fuqarolik huquqlari tiklandi.

Albatta, kechirimli, mehr-oqibatli bo‘lish xalqqa ham, Xudoga ham manzur bo‘ladi. Mana shunday ezgu fazilatlar bizning bag‘rikeng xalqimizni yanada ulug‘laydi.

Hurmatli vatandoshlar!

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston tashqi siyosat sohasida ham faol va samarali faoliyat olib bormoqda. Uzoq va yaqindagi barcha davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarimiz tobora kengayib, rivojlanmoqda.

Avvalo, Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari o‘rnatilib, o‘zaro manfaatli aloqalar yo‘lga qo‘yilmoqda. Minglab oddiy odamlarning chegaralardan bemalol o‘tishi, mintaqamiz bo‘ylab erkin harakatlanishi, qarindosh-urug‘lari bilan bordi-keldi qilishlari uchun barcha sharoit yaratildi.

O‘zbekiston mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga qaratilgan muloqotlarda faol ishtirok etmoqda.

Bularning barchasi mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini oshirishda, yurtimizning do‘stlari va hamkorlarini ko‘paytirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Fursatdan foydalanib, mamlakatimizdagi demokratik islohotlarni qo‘llab-quvvatlab, xayrixoh bo‘lib kelayotgan, bugungi tantanada ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, xalqaro tashkilotlar vakillariga, chet ellik sheriklarimizga, O‘zbekistonning barcha do‘stlariga samimiy hurmat va minnatdorlik bildirishga ijozat etgaysiz.

Muhtaram yurtdoshlar!

Hayotimizda tinchlik-totuvlik, millatlar va dinlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik mustahkamlanib bormoqda. Biz buni barcha islohotlarimizning kafolati, eng muhim natijasi, deb bilamiz.

Bugungi kunda amalga oshirayotgan islohotlarimiz, xalq bilan muloqot davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani tufayli jamiyatimizda ochiqlik va erkinlik muhiti tobora kuchayib bormoqda.

Odamlar tashabbus ko‘rsatib, nafaqat o‘z shaxsiy muammosi, balki ko‘pchilikning dardu tashvishlarini hal qilish uchun davlat idoralari bilan hamkorlikda ishlashga o‘rganmoqda.

Bilasizlar, men mamlakatimiz bo‘ylab juda ko‘p safarlarda bo‘laman. Joylarda, olis tuman, qishloq va ovullarda bo‘lib, yangi-yangi iqtisodiy-ijtimoiy loyihalarni joriy etishga, odamlar nima bilan yashayapti, ularning ahvoli, kayfiyati qanday ekanini yaqindan bilishga, ularni qiynayotgan muammolarni yechish uchun yordam berishga intilaman.

Mana shunday ochiq, samimiy muloqotlar asosida bugun xalqimiz bilan ko‘p-ko‘p murakkab, muhim masalalarni birgalikda hal qilmoqdamiz. Va bu odamlarimiz qalbida kelajakka ishonch uyg‘otib, ularni yangi, ulkan marralar sari ruhlantirmoqda. Hech shubhasiz, bu – bizning eng katta yutug‘imizdir.

Shu ulug‘ ayyomda har qanday og‘ir sinov va mashaqqatlarda ham Vatanimiz mustaqilligini asrab, uning barqaror taraqqiyotini ta’minlab kelayotgan mard va bag‘rikeng xalqimizga halol va fidokorona mehnati, istiqlol g‘oyalariga sadoqati uchun chuqur ta’zim qilaman.

Muhtaram vatandoshlar!

Albatta, hayot bor ekan, uning o‘tkir talablari, muammolari bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘ladi. Lekin har qanday muammoni oqilona hal qilish uchun, avvalo, birlik, hamjihatlik zarur.

Barchamizga, ayniqsa, rahbar va yetakchilarga chuqur bilim, aql-zakovat, sabr-toqat kerak. Shuning uchun «Jaholatga qarshi – ma’rifat» degan fikrda katta ma’no bor. Bu g‘oya faqat diniy tarbiya bilan bog‘liq ishlarda emas, balki hayotimizning barcha sohalarida hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Har bir masalani ma’rifat asosida chuqur o‘ylab, xalqqa hurmat bilan, takror va takror aytaman, odamlar fikrini inobatga olib, faqat qonun va adolat mezoniga tayangan holda hal etsak, el-yurtimiz bizdan albatta rozi bo‘ladi.

Bugun zamon o‘zgardi. Endi hammamiz erkinlik, ochiqlik, oshkoralik sharoitida ishlashga o‘rganishimiz lozim. Barcha rivojlangan davlatlar, dunyo hamjamiyati shunday yashamoqda.

Davrning, hayotning keskin talablaridan orqada qolmaslik uchun barchamiz har kuni o‘qib-o‘rganishimiz, o‘z ustimizda ishlashimiz, bilim va saviyamizni doimo oshirib borishimiz kerak.

Bizning tomirlarimizda ulug‘ ajdodlarimizning qoni oqmoqda. Buyuk bobolarimizning munosib izdoshlari va davomchilari bo‘lish biz uchun ham qarz, ham farz, desam, o‘ylaymanki, barchangiz bu fikrga qo‘shilasiz.

O‘z Vatanini, ona xalqini ravnaq toptirish uchun o‘zini ayamasdan mehnat qilish: bu – jasorat va mardlik, bu – ona yurtga muhabbat va sadoqat, bu – to‘g‘ri tarbiya va amaliy namuna demakdir.

Shu kunlarda o‘zining fidokorona mehnati bilan mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib, barchaga namuna bo‘layotgan yurtdoshlarimizga markazda va joylarda davlatimizning yuksak unvonlari, orden va medallari tantanali ravishda topshirilmoqda.

El-yurtimizga sadoqat bilan xizmat qilib, xalqimiz o‘rtasida katta obro‘-e’tibor topgan ana shunday vatandoshlarimizni o‘z nomimdan, sizlarning nomingizdan samimiy tabriklab, ezgu tilaklarimizni bildirishga ruxsat etgaysiz.

Aziz do‘stlar!

Bugun bir fikrni qat’iyat bilan ta’kidlashni zarur, deb bilaman: O‘zbekistondagi demokratik jarayonlar endi orqaga qaytmaydigan, muqarrar tus oldi.

Biz mana shu yorug‘ kunlar uchun kurashib, jon fido etgan ota-bobolarimizning haqqi-hurmati, 33 millionlik xalqimizning haqqi-hurmati, bizga umid va ishonch ko‘zi bilan boqib turgan bolalarimiz, nabiralarimizning haqqi-hurmati – mustaqillik va istiqlol yo‘lidan hech qachon qaytmaymiz!

O‘z maqsadlarimizga albatta yetamiz – kelajagi buyuk O‘zbekistonni barchamiz birgalikda barpo etamiz!

Qadrli vatandoshlar!

Hammamizga yaxshi ma’lumki, oldimizda katta siyosiy voqea turibdi. Shu yil dekabr oyida mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlarga saylovlar bo‘lib o‘tadi.

Bu saylovlar milliy mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, O‘zbekistonni dunyodagi rivojlangan, demokratik davlatlar qatoriga ko‘tarishda yana bir muhim amaliy qadam bo‘ladi.

Bu saylovlar butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning orzu-intilishlarini ifoda etib, ular uchun yangi imkoniyatlar ochib beradi, deb ishonaman.

Bugungi kunda qancha-qancha bilimli, nufuzli xorijiy universitetlarda tahsil olgan, chet tillarni, zamonaviy boshqaruv usullarini yaxshi biladigan navqiron yoshlar hayotimizga kirib kelmoqda.

Ular bizning umidimiz, ertangi kunimiz. Shuning uchun yoshlarga keng yo‘l ochib berish, ehtiyoj va manfaatlarini ta’minlash, qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarish, hayotda o‘z o‘rnini topishiga yordam berish, ularga mas’ul lavozimlarni ishonib topshirish bundan buyon ham doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Aziz farzandlarimiz el-yurtimizning ana shunday yuksak e’tiboriga munosib bo‘lib, o‘z salohiyati bilan, milliy g‘oyamizga sadoqati bilan O‘zbekistonimizni butun dunyoga tarannum etishlariga ishonaman va bu yo‘lda ularga baxt va omad tilayman.

Muhtaram vatandoshlarim!

Sizlarni O‘zbekiston davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayrami bilan yana bir bor chin dildan samimiy tabriklayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, yangi-yangi yutuqlar, oilaviy xotirjamlik yor bo‘lsin, farzandlar, nabiralarning baxtu kamolini ko‘rish nasib etsin!

Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, jonajon O‘zbekistonimiz omon bo‘lsin!

Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring