Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Prezidentni haqoratlaganlik uchun jazo faqat O‘zbekistonda mavjud emas» — deputat

«Prezidentni haqoratlaganlik uchun jazo faqat O‘zbekistonda mavjud emas» — deputat

«Yuksalish» umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov so‘nggi kunlarda muhokama qilinayotgan Prezidentni telekommunikatsiya va internet tarmoqlarida haqoratlash uchun jinoiy javobgarlik belgilanganligi mavzusiga to‘xtaldi.

Uning qayd etishicha, qonunga ushbu o‘zgartishning kiritilishi so‘z erkinligiga tahdid sifatida talqin qilish kabi manipulyativ harakatlar ham bo‘layotganligi kuzatilmoqda.  

«Birinchidan, Konstitutsiyamizga ko‘ra, nafaqat Prezident yoki biror davlat xizmatchisi, balki har bir insonning  hayoti, sha’ni va qadr qimmati oliy qadriyat hisoblanadi. Shuning uchun ham, mansabidan qat’iy nazar, har bir  insonni haqorat qilganlik va unga tuhmat qilgan uchun ma’muriy javobgarlik o‘rnatilgan, og‘irlashtiruvchi holatlarda ushbu harakatlarni sodir etganlik uchun esa jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan.

Ikkinchidan, Prezidentni haqorat va unga tuhmat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik avval ham bor edi. Yangi qonun bilan, zamon talabiga ko‘ra, faqat «telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda» degan ibora qo‘shimcha qilingan xolos.

Uchinchidan, biz Prezidentlik Respublikasimiz va Prezident institutining nufuzi davlat va xalqning nufuzi bilan bevosita bog‘liq. Konstitutsiyaga ko‘ra Prezidentlik  — O‘zbekiston xalqi nomidan ish olib boradigan institut hisoblanishini, Prezidentning shaxsi dahlsiz ekanligini ham unutmaslik lozim. Ya’ni Prezident konstitutsiyaviy maqomga ega.

To‘rtinchidan, agar gap xalqaro amaliyot haqida ketayotgan bo‘lsa, rivojlangan demokratiyalarda ham bu borada qat’iy javobgarlik  mavjudligini ko‘rishimiz mumkin», — deb yozadi u.

Misol keltirilishicha:

  • Polshada Prezidentni omma oldida haqorat qilish 4 yilgacha qamoq jazosi;
  • Germaniyada Prezidentni omma oldida haqorat qilganlik uchun 3 oydan 5 yilgacha qamoq jazosi va jarimalar;
  • Kanadada davlat rahbariga tuhmat qilish yoki shunday mazmundagi postlar uchun 14 yilgacha qamoq jazosi;
  • Niderlandiyada monarx, uning rafiqasi va vorisini haqorat qilish 5 yilgacha qamoq jazosi;
  • Turkiyada Prezidentni haqorat qilish 1 yildan 4 yilgacha qamoq jazosi belgilanadi va jahon mamlakatlari tajribasida bu normal amaliyot hisoblanadi.

«Va eng asosiysi, huquq ustuvorligi va o‘zaro hurmat jamiyat barqarorligi uchun favqulodda muhim. Har qanday haqorat va tuhmat destruktiv harakat hisoblanadi va unga qat’iy javobgarlik bo‘lishi shart. Konstruktivlikka o‘rganishimiz kerak», — deydi Bobur Bekmurodov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring