Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentlar ham yig‘laydi

Prezidentlar ham yig‘laydi

J.Koreya sobiq prezidenti Li Myon Bak.

Kuni kecha Seul sudi Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Li Myon Bakni 17 yilga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqardi. 78 yoshli siyosatdon poraxo‘rlik, vakolatlarni suiiste’mol qilish hamda davlat mablag‘ini talon-toroj etishda aybdor deb topildi.

2008-2013-yillarda mamlakatni idora etgan Li Myon Bak avvalroq mazkur ayblovlar bo‘yicha 15 yilga qamalgan, ammo betobligi bois garov puli evaziga ozodlikka chiqarilgan edi. Pirovardida esa mahkama sobiq prezidentga yana ikki yil qamoq jazosi qo‘shib berdi.

Yuksak lavozimda faoliyat yuritib, keyinroq poraxo‘rlik va boshqa jinoyatlarda ayblangan prezidentlar talaygina. Quyida ularning ayrimlarini yodga olib o‘tamiz.

Pak Kin Xe (Janubiy Koreya)

Pak Kin Xe (chapda). 

Janubiy Koreyani Li Myon Bakdan so‘ng, 2013-2017-yillar mobaynida idora etgan Pak Kin Xe xonimning taqdiri ham salafi kabi kechdi.

2016-yilda mamlakatda korrupsiyaga oid shov-shuvli jinoyat fosh etildi. Prezidentning dugonasi Chxve Sun Sil, garchi rasmiy lavozimga ega bo‘lmasa-da, davlat rahbari nomidan foydalanib, yirik kompaniyalardan tovlamachilik yo‘li bilan pul undirib kelgani oshkor bo‘ldi. Buning ortidan mamlakat bo‘ylab prezidentga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari avj oldi. 2016-yil dekabrda parlament prezidentni muddatdan oldin lavozimidan bo‘shatish – impichment haqida qaror qabul qildi. Ko‘p o‘tmay Pak Kin Xe xonim hibsga olindi. Korrupsiya, vakolatlarni suiiste’mol qilish, maxfiy ma’lumotlarni oshkor etish va parlament sayloviga noqonuniy aralashuvda ayblangan sobiq birinchi rahbar 25 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Nikolya Sarkozi (Fransiya)

Nikolya Sarkozi

Nikolya Sarkozi 2007-2012-yillarda Beshinchi respublikaga rahbarlik qilgan. Vakolat muddati tugashi va daxlsizlik maqomi bekor qilinishi bilan unga qarshi korrupsiya, firibgarlik va saylov kampaniyasi tartibini buzish bo‘yicha ayblovlar ilgari surildi.

Tergov idorasiga ko‘ra, 2007 va 2012-yillardagi saylov kampaniyasi davrida N.Sarkozi Liviyaning marhum rahbari Muammar Qazzofiy hamda L’Oreal kompaniyasi egasi Lilian Betankurdan noqonuniy ravishda mablag‘ olgan. Bundan tashqari, sobiq prezident lavozimini ko‘tarishni va’da qilib, sudya Gilbert Azibertdan tergovga oid maxfiy ma’lumotlarni olishga uringan. Mazkur holatlar bo‘yicha mahkama jarayoni joriy yil oktyabrda boshlanadi. Qayd etish joizki, bu Fransiya sobiq prezidenti korrupsiyada ayblanishi bilan bog‘liq dastlabki holatdir. To‘g‘ri, bunga qadar Jak Shirak ham g‘azna mablag‘ini talon-toroj etishda ayblanib ikki yil shartli jazoga hukm qilingan. Ammo J.Shirak prezidentlik emas, balki Parij meri bo‘lgan davrdagi qilmishi uchun jazolangan.

Almazbek Atambayev (Qirg‘iziston)

Almazbek Atambayev

2019-yil iyun oyida Qirg‘iziston parlamenti sobiq prezident Almazbek Atambayevni daxlsizlik huquqidan mahrum qildi. Sobiq rahbar korrupsiya hamda jinoiy olam yetakchisi Aziz Batukayevning muddatdan oldin ozodlikka chiqarilishi bo‘yicha tergov ishiga guvoh sifatida chaqirildi. A.Atambayev ikki marta tergovga borishdan bosh tortdi. Pirovardida, sobiq prezident tarafdorlari hamda Qirg‘iziston huquq idoralari xodimlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuv ro‘y berdi. A.Atambayev ikki kun davom etgan qonli ziddiyatdan keyingina hibsga olindi.

Endilikda u qotillik, ommaviy tartibsizlik keltirib chiqarish, vakolatlarni suiiste’mol qilish, noqonuniy yo‘l bilan davlat orttirish kabi 10 dan ziyod og‘ir jinoyatlarda ayblanmoqda.

2019-yil noyabr oyida A.Batukayevning noqonuniy ravishda hibsdan ozod etilishiga doir dastlabki mahkama jarayoni boshlandi. Barcha ayblovlarni rad etgan Atambayev dastlabki sud jarayonida ham qatnashmadi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, «demokratiya oroli»ning sobiq rahbariga nisbatan tergov-sud jarayoni ko‘pga cho‘zilishi mumkin.

Robert Kocharyan (Armaniston)

Robert Kocharyan

Robert Kocharyan 10 yil (1998-2008) davomida Armanistonni idora etgan. 2018 yil iyul oyida mamlakat tergov idorasi sobiq prezidentga konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik yo‘li bilan ag‘darish aybini ilgari surdi. Gap shundaki, 2008-yil, prezidentning vakolati muddati tugayotgan paytda uning buyrug‘i bilan poytaxt Yerevanga harbiy bo‘linma kiritilgan. Oqibatda ommaviy norozilik namoyishi qatnashchilarining 10 nafari halok bo‘lgan.

R.Kocharyan, shu bilan birga, tadbirkor Silva Ambarsumyandan juda katta miqdorda pora olishda ham ayblanmoqda. Sobiq rahbar 2018-yil iyul oyida hibsga olingan. Bu orada garov evaziga ozod qilingan, ammo apellyasiya sudi ayblanuvchini qayta qamoqqa olish haqida ajrim chiqargan.

Ushbu jinoiy ishga bo‘yicha navbatdagi sud majlisi joriy yil fevral oyi oxirida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Viktor Yanukovich (Ukraina)

Viktor Yanukovich

Viktor Yanukovich turli yillarda Ukraina hukumatiga rahbarlik qilgan, 2010-2014-yillarda prezident lavozimida faoliyat yuritgan. 2013-yil oxirida mamlakat ommaviy norozilik namoyishlari domida qoladi. Prezidentning Yevropa ittifoqi bilan yaqin hamkorlikka doir bitimni imzolamagani ko‘p sonli aholi noroziligiga sabab bo‘lgan edi. Pirovardida namoyishchilar prezident iste’fosini talab qiladi. Kiyevdagi to‘qnashuvlarda o‘nlab odam qurbon bo‘ladi.  2014-yil 22-fevralda Oliy rada V.Yanukovichni davlat rahbari vakolatlaridan mahrum etgach, u Rossiyadan panoh topadi. Ukraina huquq idoralari davlatga xiyonat, namoyishchilarni o‘qqa tutish, poraxo‘rlik kabi moddalar bo‘yicha jinoiy ish ochadi. 2015-yil fevral oyida Rossiyaga V.Yanukovichni hibsga olish va Ukrainaga topshirish bo‘yicha talabnoma yuboriladi. Ammo Rossiya bosh prokuraturasi Kiyev talabini rad etadi.

Ikki yilga cho‘zilgan mahkama yakunida, 2019-yil 24 yanvar kuni sud V.Yanukovichni davlatga xiyonat va boshqa moddalarda aybdor deb topib, 13 yilga ozodlikdan mahrum etdi. Mahkumning o‘zi esa barcha ayblovlarni uydirma deb atadi. 

Mishel Temer (Braziliya)

2019-yil mart oyida Braziliya federal politsiyasi sobiq prezident Mishel Temerni korrupsiyaga doir ish bo‘yicha hibsga oldi. Avvalroq mazkur mamlakatning Dilma Rusef, Lula da Silva kabi ikki prezidenti ham korrupsiyada ayblangan.

Mishel Temer

Mishel Temer bir necha jinoiy ish bo‘yicha ayblanuvchi deb e’lon qilingan. Ulardan biri mamlakatdagi portlar boshqaruviga doir. Tergov xulosasiga ko‘ra, sobiq prezident katta miqdordagi shirinkoma evaziga Rodrimar S. A. shirkatiga portlar boshqaruvini topshirgan. Sobiq prezident, shuningdek, atom elektrostansiyasi qurilishi bo‘yicha shartnoma uchun ham 260 ming dollar pora olganlikda ayblanmoqda.

Mishel Temer tilxat asosida qamoqdan chiqarilgan. Sud uning barcha mol-mulkiga taqiq qo‘ygan. Tergov esa davom etmoqda.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring