Prezidentga davlat mukofotini kim topshiradi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Davlat mukofotlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonunga imzo chekkani haqida yozgan edik. Qonunning to‘liq matni «Xalq so‘zi» gazetasida e’lon qilindi.
Qonunning 14-moddasi davlat mukofotlarini topshirish tartibiga bag‘ishlangan.
Davlat mukofotlarini topshirish tantanali vaziyatda amalga oshiriladi.
Davlat mukofotlarini topshirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, Qonunchilik palatasining Spikeri, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari, Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi, Markaziy banki, Davlat xavfsizlik xizmati, Hisob palatasi, Markaziy saylov komissiyasi raislari, Bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining, boshqa respublika muassasalarining rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi diplomatik korpusining vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti shunga vakolat bergan boshqa shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidentiga davlat mukofotlarini topshirish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining raisi va Qonunchilik palatasining spikeri tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan shaxslarga bir vaqtning o‘zida belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi.
Shaxs vafot etgandan keyin mukofotlangan taqdirda davlat mukofoti mukofotlangan shaxsning yaqin qarindoshlaridan biriga uni taqib yurish huquqi berilmagan holda topshiriladi.
Davlat mukofotlari vafot etgan mukofotlangan shaxsning yoki vafotidan keyin mukofotlangan shaxsning yaqin qarindoshlaridan birining roziligi bilan davlat muzeylariga topshirilishi mumkin.
Agar mukofotlangan shaxsning yaqin qarindoshlari bo‘lmasa, uning vafotidan keyin davlat mukofoti va unga doir guvohnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiyaga topshiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter