Prezident yoqilg‘i-energiya nazorati bo‘yicha yangi qarorni imzoladi
Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida Prezident qarori e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini bartaraf etish va oldini olish, ulardan samarali va oqilona foydalanish orqali iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, iste’molchilar tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda – O‘zenergoinspeksiya) tashkil etilgan.
O‘zenergoinspeksiyaning Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan jami boshqaruv shtat birliklari soni 357 ta, shu jumladan, O‘zenergoinspeksiya boshlig‘i o‘rinbosarlarining soni 2 nafar etib belgilangan.
Qaror bilan O‘zenergoinspeksiya faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.
Ta’kidlanishicha, O‘zenergoinspeksiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalari o‘rnatilishini ham nazorat qiladi va belgilangan ko‘rsatkichlarning bajarilishi ta’minlanmagan taqdirda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan choralar ko‘rish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib boradi.
Shuningdek, Bosh prokurorning yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan o‘rinbosari lavozimi kiritiladi.
Yoqilg‘i-energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash va bu boradagi jarayonlarni raqamlashtirish maqsadida mavjud elektr va gaz tarmoqlari hamda qurilmalarining yuklamasi belgilangan me’yordan oshgan taqdirda, ularga yangi iste’molchilarni ulash qat’iyan taqiqlanadi.
2023 yil 1 martdan boshlab nazorat tadbirlarini amalga oshirishda tafovutlarni aniqlash maqsadida O‘zenergoinspeksiyaga «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ, «Hududgazta’minot» AJ, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ, «O‘ztransgaz» AJlarning elektr energiyasi va tabiiy gazni nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlaridagi yoqilg‘i-energiya resurslari iste’moli to‘g‘risidagi ma’lumotlarni monitoring qilish imkoniyati yaratiladi.
Eektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik bo‘yicha tuzilgan dalolatnomalarni elektron shaklda rasmiylashtirish va tegishli ma’lumotlarni «E-ma’muriy ish» tizimiga kiritish tartibi joriy etiladi.
2023 yil 1 iyuldan boshlab yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan elektr energiyasi hamda tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar elektr va gaz ta’minoti korxonalarining dasturiy ta’minoti yoxud «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi orqali elektron raqamli imzodan foydalangan holda tuziladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter