Prezident yig‘ilishda uchta savolni o‘rtaga qo‘ydi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 1-aprel kuni aholi salomatligini saqlash va koronavirusga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumki, 2020-yil 12-noyabrda davlatimiz rahbarining birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish to‘g‘risida farmoni, tibbiy profilaktika ishlari samaradorligini yanada oshirish orqali jamoat salomatligini ta’minlash bo‘yicha qarori qabul qilingan edi. Ularga muvofiq, kasalliklarni erta aniqlash, to‘g‘ri tashxislash va davolash uslublarini o‘zgartirib, bu borada yangicha tizim tashkil etila boshlagandi.
Yig‘ilishda ushbu vazifalar ijrosi haqida so‘z borar ekan, Prezident uchta savolni o‘rtaga qo‘ydi:
birinchi – joriy etilgan yangi tizim bo‘yicha tibbiy xarita shakllantirilgani, aholining xavf guruhlariga bo‘lingani nimani ko‘rsatdi?
ikkinchi – mahallalar kesimida tibbiyot brigadalari shakllantirilib, aholi bilan manzilli ishlay boshlaganidan qancha odam rozi bo‘ldi?
uchinchi – tibbiyot muassasalarida qaysi xizmatlar bepul bo‘ldi?
Hozirgi ahvol talabga javob bermayotgani, sohadagi o‘zgarishlarni aholi tezroq sezishi kerakligi ta’kidlandi. Islohotlarni jadallashtirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarga Bosh vazir o‘rinbosari, sog‘liqni saqlash vaziri va uning o‘rinbosarlaridan mas’ullar biriktirildi.
Prezidentning 12-noyabrdagi yana bir qaroriga ko‘ra, Sirdaryo viloyatida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov o‘tkazildi. Yig‘ilishda Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i va Guliston shahar hokimi mazkur yangi tizim natijalari haqida hisobot berdi.
Aytib o‘tilganidek, Sirdaryo viloyatining 236 ta mahallasini to‘liq qamrab olish uchun 421 ta tibbiyot brigadasi tashkil etilgan. Aholining salomatlik holati xatlovdan o‘tkazilib, ular 4 ta xavf guruhiga ajratilgan va viloyatning «elektron tibbiy xaritasi» yaratilgan.
Misol uchun, Boyovut tumanida 31 ming aholi o‘zini sog‘lom deb bilsa-da, ortiqcha vazn, noto‘g‘ri ovqatlanish, zararli odatlar tufayli ularda yurak-qon tomir, diabet, o‘pka kasalliklariga chalinish ehtimoli yuqori ekani aniqlangan. Shuningdek, ilgari shifokorga murojaat qilmagan 257 nafar fuqaroda kasalliklar og‘ir bosqichda ekani ma’lum bo‘lgan.
Davlatimiz rahbari bu tajribani tizimli davom ettirib, barcha hududlarda joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Buning uchun qishloq va mahallalarda tibbiyot brigadalari tashkil etilib, aholini manzilli ko‘rikdan o‘tkazish va davolash ishlari olib boriladi, hududlarning «tibbiy xaritalari» shakllantiriladi.
Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining vertikal ish tizimini takomillashtirib, ularni oilaviy shifokor punktlari bilan bog‘lash zarurligi ta’kidlandi. Ya’ni, bemorlarni ovora qilib poytaxtga yubormasdan, ularga yashash joyida malakali tibbiy yordam olish imkoniyatini yaratish kerak.
O‘tgan yili ixtisoslashtirilgan markazlarda davolanishga muhtoj 84 ming nafar bemordan atigi 51 ming nafari bepul order bilan ta’minlangan.
Prezident orderlar uchun mablag‘ni deyarli 1,5 baravarga ko‘paytirib, qo‘shimcha 80 milliard so‘m ajratish bo‘yicha Moliya vazirligiga ko‘rsatma berdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligiga hokimliklar bilan birga, yil yakuniga qadar har bir bemorni sog‘lomlashtirish manzili va muddatlarini belgilab, davolashni tashkil etish bo‘yicha vazifa qo‘yildi. Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari o‘z yo‘nalishi bo‘yicha hududlardagi 3 mingdan ziyod oilaviy shifokorni qisqa muddatli kurslarda o‘qitadigan bo‘ldi.
Yana bir masala – bugungi kunda donor bemorning yaqin qarindoshi bo‘lmasa, transplantatsiyaga ruxsat berilmagan. Oqibatda, ko‘pchilik fuqarolarimiz bunday amaliyotni chet elda o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda. Shu bois inson a’zolari transplantatsiyasining qonuniy asoslarini ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.
Tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish maqsadida mamlakatimizda xususiy tibbiyot tashkilotlari uchun barcha huquqiy asoslar, imkoniyatlar yaratilgan. Lekin hududlarda kasalliklarning turiga qarab, xususiy shifo maskanlarini tashkil etish ishlari yetarli darajada emasligi qayd etildi.
Misol uchun, aholi orasida ehtiyoj yuqori bo‘lgan gemodializ, tibbiy diagnostika va reabilitatsiya xizmatlari bo‘yicha xususiy klinikalar yetishmaydi.
Mutasaddilarga davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarni ko‘paytirish, 170 ta tuman va shahar tibbiyot birlashmalarini kompyuter tomograflari bilan ta’minlash, ulardan foydalanish bo‘yicha xodimlar malakasini oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Sohadagi korrupsiya illatiga ham to‘xtalib o‘tildi. O‘tgan yili tizimda 30 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ talon-toroj qilingani aytildi. Shuning uchun, ta’sirchan nazorat tizimini o‘rnatib, ajratilayotgan mablag‘lar joyiga yetib borishi, dori-darmon va tibbiyot uskunalarining ochiq-oshkora sotib olinishi, pullik xizmatlardan tushumlar maqsadli ishlatilishini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda kadrlar masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ma’lumki, bu borada chekka hududlarda ehtiyoj yuqoriligini inobatga olib, «Qishloq shifokori» dasturi qabul qilingan edi. Bunday joylarda ishlamoqchi bo‘lgan shifokorlarga 30 million so‘m pul berilishi belgilanib, bu maqsadlar uchun budjetdan 20 milliard so‘m ajratilgan. Lekin, oradan 4 oy vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, birorta talabgor bilan shartnoma imzolanmagan. Vaholanki, bugungi kunda olis va chekka hududlar uchun 220 ta shifokor zarur. Bundan tashqari, hududlarda 10 ming nafar tor mutaxassis yetishmaydi.
Shu bois kelgusi o‘quv yilidan klinik ordinaturaning qabul kvotasi ikki baravarga oshirilishi belgilandi. Ushbu yangi tizimda ordinatorlar o‘quv jarayonining yarmini oliygoh va ixtisoslashgan markazlarda, qolgan yarmini esa ish joyida davom ettiradi. Viloyat hokimlari o‘z hududi uchun zarur bo‘lgan tor mutaxassislikdagi shifokorlarni tayyorlash uchun mahalliy budjetdan grant ajratadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter