Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident o‘quvchilar bilan suhbatlashdi

Prezident o‘quvchilar bilan suhbatlashdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Mamlakatimizda ixtisoslashtirilgan ta’limning yangi tizimi – Prezident maktablari tashkil etildi. Joriy yilda Qarshi shahrida ham shunday maktab foydalanishga topshirildi.

Davlatimiz rahbari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu muassasani ko‘zdan kechirdi.

168 o‘rinli maktab binosi va yotoqxona Prezident maktablari standarti asosida qurilgan. Fan xonalari, laboratoriyalar, sport zallarida eng zamonaviy sharoitlar yaratilgan.

Bu yil maktabga 10 mingdan ziyod o‘quvchi hujjat topshirib, shundan 144 nafari qabul qilindi. Ta’lim jarayoni rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida olib boriladi. Buning uchun eng malakali o‘qituvchilar, jumladan, 10 nafar chet ellik mutaxassis jalb qilingan. 15 o‘rinli o‘qituvchilar mehmonxonasi qurilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.

«Bu hayotlaringizdagi birinchi eng katta g‘alabangiz. Ana shu g‘alaba bilan sizlarni tabriklayman, ota-onangizga rahmatlar aytaman. O‘z kelajagingizga zamin yaratayapsiz. Vaqtdan, bu sharoitlardan unumli foydalaninglar. Bugungi muvaffaqiyat – tarix. Yanayam ko‘proq o‘qib, izlanishdan to‘xtamanglar. Kelgusida yangi O‘zbekistonning munosib farzandlari bo‘lib yetishasizlar. Men bunga ishonaman», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident maktabi bilan viloyatdagi boshqa maktablar o‘rtasida tajriba almashinuvni yo‘lga qo‘yish, shu asosida aniq fanlarni o‘qitish metodologiyasini yangilash zarurligi ta’kidlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring