Shavkat Mirziyoyev nega bir yilda uch marta Surxondaryoga borganini ma’lum qildi
Termiz shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
«Xalqimiz yaxshi hayot kechirsin, og‘iri yengil bo‘lsin, deb Surxondaryoga shu yilning o‘zida uchinchi marotaba juda katta niyatlar va aniq rejalar bilan keldim», — dedi davlatimiz rahbari.
Kecha Prezident Surxondaryodagi 3,3 milliard dollarlik 4 ta yangi yirik sanoat loyihalari bilan batafsil tanishdi. Jumladan, Boysundagi qariyb 3 milliard dollarlik gaz-kimyo majmuasini ishga tushirish hisobiga:
- yiliga 5 milliard kub metr gaz tozalanib, 6 trillion so‘mlik tabiiy gaz va oltingugurt ishlab chiqariladi;
- viloyatga yiliga o‘rtacha 120 million dollarlik eksport tushumi qo‘shiladi;
- geologiya qidiruv ishlari kengaytirilib, yana 100 milliard kub metr gaz zaxiralari ochiladi, 2-3 yilda mamlakatimiz neft bo‘yicha to‘liq mustaqillikka erishadi;
- ushbu majmuada hozir 7 ming kishi band. Prezident topshirig‘i bilan majmua atrofida kooperatsiya yo‘lga qo‘yilib, qo‘shni tumanlar aholisi uchun ham kamida 2 mingta yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratiladi.
Bu yerda 85 megavattli stansiya ham barpo qilingan. U nafaqat majmua ehtiyoji uchun, balki butun Boysun aholisiga yetadigan elektr ishlab chiqaradi.
Uch yil oldin Surxondaryoda elektr generatsiyasi bor-yo‘g‘i 30 megavatt bo‘lgan.
Bu borada 165 million dollar investitsiya evaziga «To‘palang» GESni modernizatsiya qilish, «Zarchob-1» va «Zarchob-2» GESlarini ishga tushirish orqali quvvatlar 251 megavattga yetkazildi. Ularga qo‘shimcha yana bir loyiha – «Zarchob-3» GES qurilishi ham boshlanayapti.
Bu hali boshlanishi, dedi Prezident. To‘palang daryosining yuqori oqimida umumiy quvvati 265 megavatt bo‘lgan yana 20 ta GES qurish imkoniyati bor.
Shu bilan birga, 1 milliondan ortiq voha aholisi uchun toza ichimlik suvi orzu bo‘lib kelayotgandi. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, «To‘palang» suv omboridan Termiz shahri va 11 ta tumanga toza ichimlik suvi olib kelinayapti. Mazkur loyiha to‘liq ishga tushgach, 2 million aholida tunu-kun toza ichimlik suvi bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter