Prezident jamoatchilik vakillari bilan Bektemir tumanidagi boqqa ko‘chat ekdi

«Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida ko‘chat ekib, yashillik yaratish ko‘lami kengaydi. Poytaxtning Bektemir tumanida yana bir boqqa asos solindi.
Prezident davlat tashkilotlari va jamoatchilik vakillari bilan birga bu yerda ko‘chat ekdi.
Iykota, Majnuntol, Zilola, Rohat va Iqbol mahallalari orasidagi bu hudud avval qarovsiz joy edi. Elning birligi bilan yana bir yashil makon, aholi hordiq chiqaradigan park paydo bo‘lmoqda. Uch gektarlik hududga o‘rmon konsepsiyasi asosida uch ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. Ularning sug‘orilishi va parvarishiga mas’ullar biriktirildi.
Mahalla faollari, nuroniylar va yoshlar bilan samimiy muloqot bo‘ldi. Davlat rahbari jamoatchilik vakillariga ushbu xayrli tashabbusga hissa qo‘shayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Barchani kirib kelayotgan Navro‘z bayrami bilan tabrikladi.
Prezident farmoyishi bilan e’lon qilingan dolzarb bir oylik doirasida mahallalarda dehqonchilik va obodonlashtirish ishlari safarbarlik bilan olib borilmoqda.
Bahorda 125 million tup ko‘chat ekilishi mo‘ljallangan. Bunda ekin joylarini to‘g‘ri tanlash, sug‘orishni yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi bog‘da ekilgan ko‘chatlar ana shu ezgu amalning davomi bo‘ldi.
«Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yili davlat dasturiga muvofiq, bu yil ko‘chatchilikka ixtisoslashgan 18 ta o‘rmon xo‘jaligi tashkil qilinadi. Ularda «ilm-loyiha-amaliyot» tamoyili asosida genetik seleksiya ishlari kuchaytirilib, plantatsiyalar kengaytiriladi. «Yashil olam» platformasi ishga tushirilib, ko‘chatlarni onlayn sotib olish yo‘lga qo‘yiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter