Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident ikki bank taqdimoti bilan tanishdi

Prezident ikki bank taqdimoti bilan tanishdi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 may kuni «Asakabank» va Biznesni rivojlantirish bankining investitsiya faoliyati hamda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga oid taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda investitsiya jarayonlari faol, iqtisodiy loyihalar talay. Shunga mos ravishda banklarning bundagi ishtiroki oshib, investitsion faoliyati kengayib bormoqda.

Taqdimotda «Asakabank» va Biznesni rivojlantirish bankining shu boradagi joriy yilgi rejalari ko‘rib chiqildi.

Xususan, «Asakabank» bu yil loyihalarga 2,1 milliard dollar jalb qilib, ularni to‘liq o‘zlashtirishni maqsad qilib qo‘ygan. Bundan tashqari, farmatsevtika va avtomobil sanoatida jami 3 milliard dollarlik loyihalar shakllantirilgan.

Shuningdek, «Asakabank» ishtirokida 285 ming aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali ularning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish mo‘ljallangan.

Biznesni rivojlantirish bankining taqdimotiga ko‘ra, 2024 yilda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari va investitsiya loyihalariga jami 1,5 milliard dollar jalb qilinadi. Shundan 225 million dollari xalqaro moliya institutlaridan olib kelinadi. Ushbu mablag‘larni o‘zlashtirish orqali yil yakunigacha jami 47 mingdan ortiq mikroloyihalar amalga oshiriladi.

Shuningdek, aholining biznes g‘oyalarini moliyalashtirish orqali 380 mingta o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bankning o‘qitish dasturlari bilan 70 mingdan ortiq aholini qamrab olish belgilangan.

Davlatimizning faol tashqi siyosati natijasida hamkor mamlakatlar va xalqaro tuzilmalar bilan ko‘plab kelishuvlarga erishilgan. Jumladan, «Asakabank» ishtirokida 772 million dollarlik 87 ta, Biznesni rivojlantirish banki tomonidan 485 million dollarlik 45 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi.

Taqdimotda ushbu muhim loyihalarning borishi haqida ham axborot berildi.

Davlatimiz rahbari banklar barcha mijozlari bilan manzilli ishlab, loyihaning har bir bosqichida ko‘maklashishi zarurligini, buning natijasi yangi ish o‘rinlari yaratilishi va mahallalarda kambag‘allikning qisqarishida o‘z ifodasini topishi kerakligini ta’kidladi.

Banklar o‘z ishini yangicha tashkil qilib, faqat kredit ajratadigan markaz emas, balki o‘zi istiqbolli loyihalarni amalga oshiradigan va ularni tayyor biznes sifatida tadbirkorlarga taqdim etadigan zamonaviy investitsiya-tijorat tuzilmasiga aylanishi maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Taqdimotda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash jarayonlarini raqamlashtirish va ularning shaffofligini yanada oshirish, zamonaviy dasturiy yechimlar va innovatsiyalarni joriy qilish bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring