Prezident Yevropaning yirik banki rahbarini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-avgust kuni Budapesht shahriga tashrifi doirasida Yevropaning yetakchi «OTP» banki boshqaruvi raisi Shandor Chanini qabul qildi.
Davlatimiz rahbari Vengriya ishbilarmonlari bilan hamkorlikdagi birinchi yirik loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgani – «OTP» banki O‘zbekiston bozoriga kirganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdi.
«Ipoteka bank»ni xususiylashtirish bo‘yicha bitim muvaffaqiyatli amalga oshirilgani xorijiy investorlarga muhim ishora bo‘lgani va ularning mamlakatimizga qiziqishini oshirgani qayd etildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bank-moliya sohasini rivojlantirish, shu jumladan xizmatlar sifatini oshirish, eng avvalo, biznes uchun innovatsion va arzon mahsulotlarni joriy etish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor tarmoqlardagi qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surishning samarali moliyaviy vositalarini tez fursatda ishga tushirish muhimligi ta’kidlandi.
Bank rahbari Shandor Chani Vengriya kompaniyalari o‘z investitsiyaviy faoliyatini kengaytirishiga yaratilgan qulay sharoitlar uchun O‘zbekiston yetakchisiga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter