Prezident: «Erkin sotib olinayotgan valyuta iqtisodiyotimizning rivojlanish maqsadlariga xizmat qilishi kerak»
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 yanvar kuni valyuta siyosati va tashqi savdo faoliyati sohasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, iqtisodiyot rivojlanishi va tadbirkorlar faoliyati uchun katta to‘siq bo‘lib kelgan valyutani erkin sotib olish va sotish borasidagi cheklov va muammolar bartaraf etildi. E’tiborlisi shundaki, oldingi yillarda eksport tushumlari bo‘yicha majburiy sotuv talabi bor paytda eksportdan tushgan valyuta tushumlarining ichki bozorga ishlatilishi 30 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bunday cheklov va talablar olib tashlanganidan keyin ushbu ko‘rsatkich 61 foizga yetdi.
Buning natijasida tashkilotlar o‘zlari uchun zarur xomashyo va asbob-uskunalarni xarid qilish, joriy va investitsiya ehtiyojlarini qoplash imkoniyatiga ega bo‘ldi, shuningdek o‘tgan yili sanoat hajmlari 14,4 foizga, eksport tushumi 19 foizga o‘sdi va eksportyorlarning banklarga sotgan valyuta hajmi 1,9 barobar oshishiga erishildi.
Bu esa o‘z navbatida, mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, raqobatbardosh ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida valyutani erkinlashtirish siyosatini izchil davom ettirish, barqaror monetar siyosatni amalga oshirish iqtisodiyot sohasidagi muhim vazifalardan ekanini ta’kidlagan edi.
Yig‘ilishda shu boradagi chora-tadbirlar muhokama qilindi. Valyuta zaxiralarimizdan oqilona foydalanish, ushbu zaxirani boshqarishning aniq strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, oltin-valyuta zaxiralari tarkibini optimallashtirish, valyutalarni saqlashda xalqaro tajriba asosida qimmatli qog‘ozlar, jumladan, yuqori likvidli obligatsiyalardan foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Valyuta tushumlari va oltin-valyuta zaxiralarining ko‘payishini ta’minlashda eng optimal yo‘l bu – eksport salohiyatini oshirishdir. Shuning uchun bu yil eksport prognozlari o‘tgan yilga nisbatan 1,3 barobar ko‘proq qilib belgilangan.
Lekin, ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarda hanuzgacha eksport tushumi bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorliklar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.
Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga har bir xo‘jalik birlashmasi kesimida eksport bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlikni kamaytirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqib, ijrosini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Xalqaro ekspertlar fikriga ko‘ra, iqtisodiyot erkinlashgan va investitsiyalar faollashgan sharoitda tashqi savdo aylanmasida o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy holat.
Prezident erkin sotib olinayotgan valyuta iqtisodiyotimizning ertangi kundagi rivojlanish maqsadlariga xizmat qilishi kerakligini alohida ta’kidladi.
Mahalliy ishlab chiqarishning ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish maqsadida investitsiya xarakteriga ega bo‘lgan texnologiya, asbob-uskuna, xomashyo va materiallarni xarid qilishda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va korxonalarning valyutalarini samarali yo‘naltirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Davlat ulushiga ega korxonalarda import o‘rnini bosuvchi va mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilash kerakligi qayd etildi.
Shuningdek, yangi bojxona tariflarining mahalliy ishlab chiqarishga ta’sirini o‘rganib, amaldagi tariflarni yanada takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda iqtisodiyotning yetakchi korxona va tashkilotlar kesimida eksport tushumlari tanqidiy tahlil qilinib, bu boradagi kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Mamlakat eksport salohiyatini oshirish, shu jumladan, yetakchi eksportyor korxonalarning eksport tushumlarini ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi. Bu borada nisbiy ustuvorlikka ega bo‘lgan sohalarni aniqlab olish hamda ularni rivojlantirish bo‘yicha konsepsiya va yo‘l xaritalari ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari eshitildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter