Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Erdo‘g‘onning yangi kitobi chop etildi. Unda yirik davlatlarga yoqmaydigan taklif ilgari surilgan

Prezident Erdo‘g‘onning yangi kitobi chop etildi. Unda yirik davlatlarga yoqmaydigan taklif ilgari surilgan

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning «Dunyo adolatliroq bo‘lmog‘i mumkin» (Daha Adil Dünya Mümkün) deb nomlangan kitobi chop etildi. 

Kitobda dunyo bo‘ylab kuzatilayotgan adolatsizlik, migratsiya inqirozi, xalqaro terrorizm, islomofobiya, siyosiy munofiqlik kabi illatlar xususida so‘z yuritiladi.  Qayd etilishicha, bugun insoniyat uchun eng zarur qadriyat bu – adolatdir.

«Murg‘ak bolalar o‘ldirilayotgan dunyoda hech kim o‘zini aybsiz deya olmaydi», – deb yozadi muallif.

R.T.Erdo‘g‘on kurrai arzdagi jiddiy muammolarni sanar ekan, BMT ularni hal etishga ojizlik qilayotganiga e’tibor qaratadi.

BMTning oliy boshqaruv hay’ati – Xavfsizlik kengashi xalqaro muammolarni hal etishda katta vakolatga ega. Ikkinchi jahon urushidan keyin joriy etilgan tartibga ko‘ra AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya hamda Fransiya Kengashning doimiy a’zolari sanaladi.

Turkiya rahbariga ko‘ra, dunyo faqat besh davlatdangina iborat emas. Hozirgi tartib esa «kimki kuchli bo‘lsa, o‘sha haq» degan qoidani yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda, xolos.

«Dunyo adolatliroq bo‘lmog‘i mumkin» kitobi muallifining ta’kidlashicha, zamonaviy muammolarni eski talablar asosida tuzilgan tashkilot hal qilishga qodir emas. Aksincha, eski tuzilma yangidan-yangi muammolarga doyalik qiladi.

Erdo‘g‘onning fikricha, BMT Xavfsizlik kengashi dunyodagi adolatsizliklarning sabablaridan biri hisoblanadi. 5 doimiy a’zo – Yevropa, Amerika va Osiyo vakili, ammo Kengashda Afrika davlati yo‘q. Qolaversa, xalqaro tuzilmada musulmonlarni tamsil etuvchi mamlakat ham mavjud emas. Xitoyni inobatga olmaganda 4 davlat nasroniy tamadduni vakilidir.

«Biz Xavfsizlik kengashi turli qit’alar, dinlar, etnik guruhlar va madaniyatlar manfaati nuqtai nazaridan, adolat mezoni asosida qayta tashkil etilishi tarafdorimiz. Agar bu amal oshsa, xalqaro muammolarni hal etish va dunyoda tinchlik o‘rnatish borasida inqilobiy qadam tashlangan bo‘lur edi», – deb yozadi Erdo‘g‘on.

Ayni paytda Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari faoliyatiga hatto BMT Bosh assambleyasi ham ta’sir ko‘rsata olmaydi.

Turkiya prezidentiga ko‘ra, Xavfsizlik kengashining 20 a’zosi Bosh assambleya tomonidan muayyan muddatga saylanishi kerak. Rasmiy Anqara taklif etayotgan model Bosh assambleyaning xuddi parlament kabi, Xavfsizlik kengashining esa ijroiya organi kabi faoliyat yurititishi ko‘zda tutadi. Bu orqali kuchlar muvozanatini ta’minlash ham maqsad qilingan. 

Erdo‘g‘on o‘z fikrlarini «kamtarona tashabbus» deb atar ekan, BMTni isloh etish bo‘yicha turli taklif va mulohazalar orasidan eng maqbuli tanlab olinishini ta’kidlaydi. Ayni choqda, u 5 doimiy a’zoning milliy manfaatlari ustun sanalgan mavjud tizim albatta isloh etilmog‘i lozimligini uqtiradi.

«Bizningcha, aynan adolat mezoni jahonda tartib-intizom, osoyishtalik va farovonlikni ta’min etadi. Bu jihatdan, adolatliroq dunyoni barpo etishga ishonch baxsh etadigan tartib-qoida suv bilan havodek zarur», –  deb xulosa qiladi kitob muallifi.

Xabarlarga ko‘ra, turk tilida yozilgan hamda ingliz, arab, olmon, fransuz, rus va ispan tillariga tarjima qilingan kitob sotuvidan tushgan mablag‘ Turkiya hukumati huzuridagi favqulodda vaziyatlarga qarshi kurashish boshqarmasiga (AFAD) o‘tkaziladi.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bir necha yildan buyon BMT boshqaruv tuzilmasini isloh qilishni taklif etib kelmoqda. Xususan, u BMT Bosh assambleyasining 2019 yil sentyabr oyida o‘tgan 74-sessiyasidagi nutqida insoniyat kelajagi BMT Xavfsizlik kengashi doimiy a’zolarining qarorlariga bog‘liq bo‘lib qolishi mumkin emasligini ta’kidlagan.

U joriy yil iyun oyida Antaliya shahrida tashkil etilgan xalqaro diplomatik forumdagi (ADF 2021) ma’ruzasida ham «Dunyo beshdan kattaroqdir!» deya bong urib, o‘tmishning daqqi qarashlari va tangu tor qoliplaridan dadil voz kechish lozimligini uqtirgan edi.  

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring