Prezident adliya organlari faoliyatiga doir yangi farmonni imzoladi

Kecha, 13-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, adliya organlari va muassasalari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
birinchi, adliya organlarini «Odilona qonunlarni qabul qilish, jamiyatda qonunga hurmat ruhini qaror toptirish – demokratik huquqiy davlat qurishning garovidir» degan konseptual g‘oyani hayotga tatbiq etishga qaratilgan yagona davlat huquqiy siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydigan professional xizmatga aylantirish;
ikkinchi, adliya organlari faoliyatiga, ustuvor ravishda, tanqidiy tahlil va huquqiy muammolarni, avvalo, bevosita joylarda ishlarni samarali tashkil etish yo‘li bilan hal etishga asoslangan, sifat jihatidan yangi mexanizmlarni joriy etish;
uchinchi, davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) tuzilmalarining qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tashkil etish sohasidagi faoliyatiga uslubiy rahbarlik qilish va muvofiqlashtirish, tanqidiy tahlil asosida izchil va bir xil huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
to‘rtinchi, huquqiy targ‘ibot va fuqarolarning huquqiy ongini oshirishning zamonaviy va ta’sirchan uslublarini joriy qilish, ularga qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati va ahamiyatini yetkazish, aholining huquqiy savodsizligiga barham berish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
beshinchi, davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini, ma’muriy tartib-taomillar va davlat xizmatlarining sifatini kompleks va tanqidiy tahlil qilishda adliya organlarining rolini oshirish, bu sohalarda qonunchilikni yanada takomillashtirish va huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
oltinchi, o‘z faoliyatlari yuzasidan jamoatchilikka tizimli ravishda ma’lumotlar taqdim etish yo‘li bilan adliya organlari mansabdor shaxslarining hisobot berish tartibini joriy etish, ularning aholini tashvishga soluvchi muammolarga yuzaki munosabatda bo‘lishi holatlariga chek qo‘yish, shuningdek, ularning faoliyatini baholashning aniq mezonlarini belgilash;
yettinchi, yuridik kadrlarni, ayniqsa, talab qilinayotgan tor doiradagi va sohaviy mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning sifat jihatidan yangi tizimini tashkil etish, yurisprudensiya sohasidagi mutaxassislarni o‘qitishning innovatsion shakllari va usullarini joriy etish, yuridik kadrlarni yetakchi xorijiy ta’lim muassasalariga tizimli ravishda yuborish;
sakkizinchi, xalqaro va xorijiy tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining manfaatlarini huquqiy himoya qilishning samarali tizimini, xalqaro jamoatchilik va xorijiy investorlarni mamlakatda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar haqida xabardor qilish mexanizmlarini tashkil etish;
to‘qqizinchi, adliya organlari va muassasalari faoliyatining moddiy-texnika ta’minotini yanada yaxshilash, xodimlarni ijtimoiy va moddiy rag‘batlantirishning yangi mexanizmlarini, shu jumladan ularni xizmat uylari bilan ta’minlashni joriy etish;
o‘ninchi, adliya organlari va muassasalarining barcha tuzilmalari faoliyati samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish kabilar eng ustuvor yo‘nalishlar deb hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter