Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Poymol bo‘layotgan huquqlar: ish vaqti haqida qonunchilikda nima deyilgan?

Poymol bo‘layotgan huquqlar: ish vaqti haqida qonunchilikda nima deyilgan?

Foto:«Norma.uz»

Hozirda bir qator mahalliy va xorij ommaviy axborot vositalari  hamda ijtimoiy tarmoqlarda davlat xizmatchilarining mehnat huquqlariga, shu jumladan, ish vaqtining qonunda belgilangan normal muddatiga amal qilinmayotganligi, turli majlisbozliklar tufayli xodimlarning mehnat unumdorligiga putur yetayotganligi, natijada, ularning o‘z farzandlari va oilasiga yetarlicha vaqt ajrata olmayotganligi kabi holatlar yuzasidan ko‘plab maqola va postlar e’lon qilinayotganligining guvohi bo‘layapmiz.

Shuningdek, yuqorida ta’kidlab o‘tilgan holatlarni bartaraf etish, mamlakatdagi kadrlar siyosati va davlat xizmati tizimini takomillashtirish borasida aniq choralar ko‘rilayotganligi ham haqiqat.


Mavzuga doir: O‘zbekistonliklar haftasiga 7 kun, kuniga 13 soatlab ishlamoqda


Xususan, Prezidentimiz tomonidan joriy yil 3-oktyabrda imzolangan «O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni mamlakatimiz kadrlar siyosatini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini va bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlarni belgilab berdi. Farmonda kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimida mavjud to‘rtta asosiy kamchilik sanab o‘tildi. Bular:

- davlat fuqarolik xizmatiga nomzodlarni ochiq mustaqil tanlov orqali saralab olish jarayonini kompleks huquqiy tartibga solishni ta’minlovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir kuchiga ega qonun mavjud emasligi;

- davlat fuqarolik xizmati masalalari bo‘yicha vakolatli organning yo‘qligi, buning xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirishga, kadrlar zaxirasini raqobat asosida shakllantirishga hamda vakant lavozimlarning o‘z vaqtida egallanishiga yo‘l qo‘ymayotganligi;

- barcha fuqarolarning teng imkoniyatlardan foydalanishini va professional sifatlar asosida mansab pog‘onalaridan ko‘tarilib borishini ta’minlovchi nomzodlarni saralab olishning shaffof mexanizmlari shakllantirilmaganligi;

- davlat fuqarolik xizmatchilarini moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilishning munosib darajasini kafolatlash choralari joriy etilmaganligi hisoblanadi.

Farmonda ilk bora davlat fuqarolik xizmatchisi kim ekanligi  to‘g‘risida aniq ta’rif keltirildi. Unga ko‘ra o‘z faoliyatini Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan lavozimlarda amalga oshiruvchi O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi davlat fuqarolik xizmatchisi hisoblanadi.

Ish haqini belgilashga nisbatan unifikatsiyalashtirilgan talablar o‘rnatilishini nazarda tutuvchi davlat fuqarolik xizmatchilari mehnatiga haq to‘lashning yagona tizimini joriy etish davlat fuqarolik xizmatini yanada takomillashtirish va isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.

Shuningdek, Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Davlat fuqarolik xizmatchilarining ish beruvchilar bilan o‘zaro munosabatlarida ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, ularning mehnat faoliyati va ijtimoiy himoyasi uchun munosib shart-sharoitlar yaratishga ko‘maklashish mazkur agentlikning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

E’tiborli tomoni, Farmonning 11-bandida barcha darajalardagi davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnat huquqlariga so‘zsiz rioya etish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish holatlariga, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatini obro‘sizlantiradigan boshqa xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida qattiq ogohlantirilgan.      

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga bu boradagi talablarga so‘zsiz rioya etilishi ustidan qattiq nazoratni ta’minlash va ushbu talablarning buzilishiga yo‘l qo‘yadigan davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlariga nisbatan javobgarlik choralarini ko‘rish bo‘yicha takliflar kiritish topshirilgan. Ushbu normalar davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining mehnat huquqlariga amal qilinishining qo‘shimcha kafolati bo‘lib xizmat qiladi.

Bundan tashqari, Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosatini va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirishga oid birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan. Dasturda O‘zbekiston Respublikasining «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasini xorijiy ekspertlarning tavsiyalari va keng jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda takomillashtirish orqali O‘zbekiston Respublikasida davlat fuqarolik xizmatining asosiy tushunchalari, reglamentlari va kafolatlarini qonun bilan mustahkamlash vazifasi hamda uni bajarish muddati aniq ko‘rsatilgan. Mazkur qonunda davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnat huquqlari kafolatlarini mustahkamlovchi bir qator normalar belgilanilishi rejalashtirilmoqda.

Yana shuni ta’kidlash lozimki, xodimning mehnat huquqlariga rioya qilish ko‘p jihatdan rahbar va xodimlarning huquqiy savodxonligi darajasiga bevosita bog‘liq hisoblanadi. Ko‘p hollarda xodimlar tomonidan o‘z huquqlarining talab qilinmasligi oqibatida so‘zimiz debochasida keltirib o‘tilgan holatlar yuzaga keladi. Har ikki tomon – ish beruvchi va xodimning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati yuqori bo‘lmas ekan, qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan maqsadlarga erishish qiyin bo‘ladi.

Ma’lumot uchun: Mehnat kodeksining 115-moddasiga ko‘ra xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga qirq soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Olti kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati yetti soatdan, besh kunlik ish haftasida esa sakkiz soatdan ortib ketmasligi lozim.

Davlat xizmatchilarining ish samaradorligi va kompetensiyasini baholovchi mezonlarning belgilanishi  ular faoliyatining ish joyida qancha vaqt o‘tirganligi yoki majlislarda ishtirok etgan-etmaganligiga qarab emas, balki bajarilgan ishlarning samarasi va natijasiga ko‘ra odilona va ob’yektiv asoslarda baholanishiga zamin hozirlaydi.

Sevara O‘rinboyeva,
Adliya vazirligi mas’ul xodimi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring