Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pokiston–Hindiston: urush muqarrarmi? (foto)

Pokiston–Hindiston: urush muqarrarmi? (foto)

So‘nggi 70 yilda ikki davlat o‘rtasida o‘nlab urush va qurolli to‘qnashuvlar ro‘y bergan.

Foto: TRT

Pokiston axborot vaziri Atoulloh Tarar hukumat Hindiston yaqin 24-36 soat ichida hujum uyushtirishi haqida ishonchli ma’lumotga ega ekanini ma’lum qildi. Pokiston vaziri Hindiston harbiy hujum amalga oshirsa, qat’iy va keskin javob berilishini ta’kidlagan

Ayni paytda Hindiston hukumati armiya qo‘mondonligiga harbiy harakatlar borasida to‘liq erkinlik bergani haqida xabar tarqaldi. Xo‘sh, yadro quroli va qudratli armiyaga ega ikki qo‘shni davlat o‘rtasida urush ro‘y berishi muqarrarmi?

Pokiston havo hujumidan mudofaa tizimini shay holatga keltirgan.

Foto: Getty Images

Ma’lumot o‘rnida, Dehli va Islomobod munosabatlarida kuchli taranglik yuzaga kelishiga joriy yil 22 aprel kuni Hindiston nazoratidagi Jammu va Kashmir shtatining Pahalgam tumanida qurolli guruh tomonidan hujum uyushtirilgani sabab bo‘ldi. Hindiston hukumati 26 kishining o‘limiga olib kelgan ushbu teraktda Pokistonni aybladi. Pokiston hukumati bu ayblovni butkul rad etdi.

Teraktdan keyin ikki davlat o‘zaro viza cheklovlari joriy etdi, diplomatik aloqalarni deyarli uzdi, savdo-sotiqni to‘xtatdi, o‘zaro havo hududlarini yopdi. Hindiston bir tomonlama Hind daryosidan foydalanishga doir bitimdan ham chiqdi. Hind daryosi suvining Pokistonga o‘tishini to‘xtatish iqtisodiyoti qishloq xo‘jaligiga bog‘liq bo‘lgan Islomobodga qarshi urush e’lon qilish bilan barobardir.

Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi ushbu ixtilofning ildizi Buyuk Britaniya mustamlakachiligidan meros desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 1947 yilda ingliz imperiyasidan mustaqil bo‘lgan Hindiston va Pokiston Jammu va Kashmirga egalik da’vo qiladi. Dehli hukumati hududni idora etib kelgan hind rojasi Hindistonga qo‘shilish haqidagi bitimni imzolaganini dastak qilib ko‘rsatadi. Pokiston hukumati esa o‘sha bitimni imzolashda Kashmir aholisi fikri inobatga olinmaganini ta’kidlaydi. Pokiston hukumatiga ko‘ra, aholining asosiy qismi musulmon bo‘lgan Kashmirning Islomobod nazoratida bo‘lishi xalqaro huquqqa ham, Dehli bilan o‘zaro kelishuvga ham mosdir.

Hindiston bosh vaziri Narendra Modining millatchilikka asoslangan siyosati ziddiyatni yanada kuchaytirmoqda. 2014 yildan buyon Hindistonga yetakchilik qilib kelayotgan ushbu radikal pozitsiyadagi siyosatchi 2019 yilda Jammu va Kashmir shtatining konstitutsiyaviy avtonomiya maqomini bekor qilgan.

Yetmish yildan oshiq vaqt davomida hudud uchun uch marta keng miqyosli urush va o‘nlab qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan. So‘nggi qurolli to‘qnashuvlar 2016 va 2019 yillarda ro‘y bergan.

Hindiston hukumati hozirga qadar Kashmirda teraktga aloqadorlik gumoni bilan 1500 dan ziyod kishini hibsga olgan. O‘n nafar ehtimoliy aybdorning uyi namoyishkorona buzib tashlangan. Ammo so‘nggi o‘n bir yil mobaynida Nodining diniy millatchilik targ‘ibotidan oziqlanib kelgan hind jamoatchiligi hukumatdan Pokistonga qarshi keskin javob choralarini talab qilmoqda.

Hindistondagi Observer Research Foundation tadqiqot markazi vitse-prezidenti Nandan Unnikrishnanning fikricha, keng miqyosli urush har ikki davlat manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Ammo Hindiston jamoatchilik bosimi ostida qurolli hujum uyushtirishi lozim. Ekspertga ko‘ra, Hindiston 2019 yildagi kabi Pokistondagi ayrim hududlarga zarba berish bilan cheklanadi. Pokiston ham shunday cheklangan tarzda javob qaytarsa, ziddiyat chuqurlashmasligi mumkin.

Harbiy tarixchi Shrinatx Ragxavan ham BBC’ga bergan izohida 2016 va 2019 yilgi ziddiyatlarni yodga olgan. O‘shanda Hindiston Kashmirning Pokiston nazoratidagi qismiga – ehtimoiy jangarilar lageriga aviazarba bergandi.

“(Hindiston) ham ichki auditoriya, ham Pokistondagi siyosiy o‘yinchilarga qat’iyatni namoyish etish uchun keskin javob bersa kerak. 2016, xususan, 2019 yildan keyin transchegara va aviazarba darajasidagi javob harakati (norasmiy qoida tariqasida) belgilangan edi. Endilikda Dehli hukumati ayni shu darajadan past harakat qilmasligi kerak. Pokiston esa avvalgidek javob qaytarsa ajab emas”, – deydi Shrinatx Ragxavan.

Tashqi siyosat bo‘yicha ekspert Maykl Kugelman ham Hindistonning xarbiy javobi ehtimoli yuqori deb hisoblaydi. Chunki hind jamoatchiligi javob chora ko‘rilmasligini kechirmaydi.

Aksar tahlilchilarga ko‘ra, millatchilik ruhida siyosat olib borayotgan Narendra Modi ayni vaqtda o‘zi qazigan chohga o‘zi tushishga majbur. Ya’ni u so‘nggi yillarda saylovlarda g‘alaba qozonish uchun Pokiston hamda aksilmusulmon targ‘ibotiga zo‘r berdi. Oqibatda hind jamoatchiligida musulmonlarga qarshi kayfiyat ortdi.

Xalqaro inqiroz guruhi katta tahlilchisi Pravin Dxontining ta’kidlashicha, bosh vazir Narendra Modi va uning hukumati javob zarbasi borasida jamoatchilikning kuchli bosimi ostida qolmoqda.

“Hukumat va iqtidordagi Hindiston xalq partiyasining (Bharatiya Janata partiyasi – tahr.) Pokistonga nisbatan dushmanlarcha ritorikasi sabab endilikda jamoatchilik shunday qadamni kutmoqda”, – deydi Pravin Dxonti.

Islomobodda joylashgan Xavfsizlik muammolari markazi ijrochi direktori Imtiyoz Gul yadro quroliga ega ikki davlat o‘rtasidagi taranglik keng miqyosli urushga aylanib ketmaydi deb hisoblaydi. Uning taxminicha, yadro quroli tomonlarni keskin qadamlardan qaytaradi.

Ammo yana bir guruh tahlilchilar garchi tomonlar jarayonni o‘z nazoratida tutib turishga umid qilayotgan bo‘lsa-da, vaziyat butkul nazoratdan chiqishi va keng qamrovli urush boshlanib ketishini ham aytmoqda.

Pokistonnning AQShdagi sobiq elchisi Maliha Lodxi Dehlining hujumiga Islomobod keskin javob qaytarishidan ogohlantirgan.

Hindiston chegarada nazoratni kuchaytirgan.

Foto: Reuters

“Hindistonda yadro quroli orqali tiyib turish sharoitida urush cheklangan tarzda kechadi degan fikr yangramoqda. Ammo bu borada jiddiy xatarlar mavjudligini unutmaslik kerak. Ziddiyat nazoratdan chiqib ketishini inobatga olib, bunday ssenariydan (javob sifatida hujum uyushtirish nazarda tutilmoqda – tahr.) qochish kerak”, – deydi sobiq elchi.

Dunyoning ko‘plab yetakchilari, jumladan, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Hindiston va Pokiston rasmiylari bilan muloqot qilib, taranglikni yumshatishga chaqirmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring