Plogging nima? Jizzaxda o‘ziga xos tadbir tashkil etildi
Jizzax shahrida «Plogging: yoshlar o‘rtasida zamonaviy ekologik madaniyatni yuksaltirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish» loyihasi doirasida respublika miqyosidagi seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
«Ekolog» jamoat birlashmasi tomonidan o‘tkazilgan seminar-treningda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan jami 28 nafar yosh lider volontyor yigit-qiz ishtirok etdi.
Tadbirda «Yosh ekovolontyorlarning ushbu seminar-treningdan kelib chiqadigan vazifalari», «Plogging nima?» «Chiqindi turlari va utilizatsiya», «Ekologik vaziyatni yaxshilash uchun har birimiz qanday harakatlarni amalga oshirishimiz kerak?», «Ekologik muammolarni aniqlash va uni bartaraf etish loyihasi» kabi mavzularda O‘zJOKU professori, «Ekolog» jamoat birlashmasi direktori Nargis Qosimova, «Ekolog.uz» sayti va telegram kanali ma’muri Feruzbek Sayfullayev, Jizzax viloyati «Kalb nuri» NNT rahbari Nodira Alimova va boshqalarning chiqishlari ishtirokchilarda chuqur taassurot qoldirdi.
– Respublikamizning yosh ekovolontyorlarini bir joyga yig‘ishimizdan ko‘zlangan asosiy maqsad ular bilan plogging o‘tkazib, ushbu loyihani keng targ‘ib qilish, ekologiya va atrof muhitni toza, ozoda va musaffo saqlashda ularning ekologik madaniyatini oshirishdan iborat, – deydi Nargis Qosimova. – Bugungi kundagi global issiqlikka, atrof muhitimiz, umuman ekologiyaning ifloslanishiga ham, bioxilmaxillikning yo‘qolib borishiga ham aynan, ana shu chiqindilar sabab bo‘layotir.
Shu o‘rinda «Plogging nima?» degan o‘rinli savol tug‘ilishi shubhasiz. Plogging bu ma’lum masofada yengil yugurish bilan birgalikda belgilangan masofadagi chiqindilarni yig‘ishdir. Ushbu harakat 2016 yilda Shvetsiyada paydo bo‘lgan. Mahalliy yuguruvchi Erik Axlstryom ko‘chalarda bir necha hafta yotishi mumkin bo‘lgan katta miqdordagi chiqindilarni ko‘rib qoladi va u har kuni ishga ketayotib, yugurgancha, ularni qopga joylaydi va belgilangan joyga tashlab o‘tadi. Shu ishini ijtimoiy tarmoqlarga joylab do‘stlari bilan baham ko‘radi. Axlstryomning ushbu harakati butun dunyoga yangi loyiha sifatida tarqab, O‘zbekistonimizga ham kirib keldi.Hozir bu harakat biroz o‘zgarib, jamoa bo‘lib chiqindilar bilan ifloslangan hududda o‘tkazilmoqda. Bunda ekovolontyorlar yuguradi, egiladi, ya’niy jismoniy mashq bajaradi va albatta polgging o‘tkazilgan joy chiqindilardan tozalanadi.
Zaldagi mashg‘ulotlardan so‘ng, tadbir ishtirokchilari Jizzax shahrining eng ifloslangan hududi – «Bolalar istirohat bog‘i»da volontyor yosh yigit-qizlar bilan plogging o‘tkazdi. Ana-mana deguncha, «Bolalar istirohat bog‘i», Sangzor daryosi qirg‘oqlaridan volontyorlar tomonidan yig‘ilgan chiqindi uyumi hosil bo‘ldi.
– Jizzax shahrida o‘tgan 2 kunlik seminnar-treningda ekologik mavzuda ko‘p narsalarni o‘rgandik, – deydi «Ekolog» jamoat birlashmasining Surxondaryo viloyatida faoliyat yurituvchi ekovolontyorlar guruhi faoli Shahrizoda Abduniyozova. – Ayniqsa, ushbu tadbir doirasidagi plogging aksiyasi menga juda yoqdi. Unda ma’lum bir ifloslangan hudud tanlanib, ishtirokchilar maxsus qoplar va qo‘lqoplar bilan ta’minlanib, jismoniy tarbiyaning bir qancha usullarini bajarish bilan birga atrof muhitdan kim ko‘proq va tezroq chiqindi yig‘ish yuzasidan bahslashadi. Biz ham Termizga qaytib borganimizdan so‘ng, guruhimiz a’zolari bilan xuddi shunday plogging o‘tkazishni rejalashtirdik.
Har bir trening qatnashchisi o‘z viloyatida «Tengdoshga-Tengdosh» tamoyili asosida ekoko‘ngillilarga plogging bo‘yicha trening o‘tib, har oyda yugurib, chiqindi terish aksiyasini o‘tkazishadi.
Davron Ergashev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter