Piyoda yurgani uchun hamyonini 1 million 800 ming so‘mga boyitdi
Shu yil 10 maydan boshlab yurtdoshlarimiz orasida yurish va yugurishni keng targ‘ib qilishga qaratilgan «Sog‘lom turmush tarzi» (1hls.uz) platformasi test rejimida ishga tushirilgan, 1 iyundan boshlab rasman faoliyat boshlagan edi.
Platformada respublikamiz bo‘yicha tumanlar kesimida 203 ta g‘olib aniqlandi.
Umumiy hisobda platformadan 27 482 nafar yurtdoshimiz ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, shundan 20 774 nafari erkaklar, 6 658 nafari esa ayollardir. Holbuki, O‘zbekistonda 18 va undan yuqori yoshdagi fuqarolar soni 21 475 989 nafarni tashkil qiladi.
2021 yilning iyun oyi yakuniga ko‘ra, Toshkent shahar Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi Timur Rafikovich Axmadullin g‘olib, deb topildi va 1 million so‘m miqdoridagi pul mukofotini qo‘lga kiritdi. Darvoqe, Axmadullin nafaqat respublika, balki tuman va hudud kesimida ham g‘olib chiqqanligi bois, o‘zining elektron hamyonini 1 million 800 ming so‘mdan ko‘proqqa boyitib oldi. Buning uchun u iyun oyi davomida jami 890 947 qadam masofani piyoda bosib o‘tishiga to‘g‘ri keldi.
Umumiy hisobda iyun oyida «Sog‘lom turmush tarzi» (1hls.uz) platformasining tuman, hudud va respublika bosqichi g‘oliblariga 68 million 900 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ mukofot tarzida to‘lab berildi. Shundan 60 900 000 so‘m 203 ta tuman bosqichi g‘oliblariga, 7 000 000 so‘m Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududlari g‘oliblariga hamda yana 1 million so‘m respublika miqyosida eng ko‘p yurgan yurtdoshimizga mukofot tariqasida to‘lab berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter