Peshku tuman BO‘SM xodimlarining majburiy mehnatga jalb etilgani yuzasidan rasmiy bayonot berildi

Bugun, 19 iyun kuni Kun.uz sayti orqali Peshku tuman bolalar va o‘smirlar sport maktabida trenerlar majburiy mehnatga jalb qilinganligi to‘g‘risida xabar e’lon qilindi.
Ushbu xabar e’lon qilinishi bilan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi topshirig‘iga asosan, Buxoro viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi rahbari boshchiligidagi mas’ul xodimlar mazkur holatni o‘rganish maqsadida Peshku tuman bolalar va o‘smirlar sport maktabiga yetib bordi.
Ma’lumki, Respublika Maxsus komissiyasi tomonidan pandemiya talablarining yumshatilishi natijasida respublikamizning barcha «yashil» hududlarida bolalar va o‘smirlar sport maktablarida sport seksiyalari va to‘garaklari faoliyati qayta tiklanmoqda.
Pandemiya davrida ikki oydan ortiq vaqt davomida karantin talablariga rioya qilish maqsadida bolalar va o‘smirlar sport maktabi to‘liq ish faoliyatini to‘xtatilgan. Endilikda sport maktabida sport seksiyalari faoliyati qayta tiklanishiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida ichki imkoniyatdan kelib chiqqan holda maktab jamoasi maktab hududlarini obodonlashtirish uchun ixtiyoriy ravishda shanbalikka taklif etilgan.
Mas’ullar tomonidan holat o‘rganilgach, xodimlarga o‘z faoliyatidan ortiqcha vazifa bergan Peshku tuman jismoniy tarbiya va sport bo‘limi boshlig‘i hamda tuman bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktoriga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi. Shuningdek, Buxoro viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘iga bu kabi holatlar boshqa takrorlanmasligi yuzasidan qattiq ogohlantirish berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi trenerlar va xodimlarning o‘zboshimchalik bilan majburiy mehnatga jalb etilishini oldini olish maqsadida tizimdagi barcha tashkilot va muassasalarda tushuntirish ishlarini kuchaytiradi.
Ma’lum qilamizki, mahalliy yoshlar uchun Peshku tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabiga qarashli markaziy o‘yingoh investitsiya dasturi asosida qayta rekonstruksiya qilinib, joriy yilning o‘zida foydalanishga topshiriladi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Kun.uz tahririyatiga bu kabi holatlar bo‘yicha munosabat bildirganligi uchun minnatdorlik bildiradi va kelgusida jismoniy tarbiya va sportni aholi orasida ommalashtirish borasida hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini ma’lum qiladi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter