Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pandemiya bizga nimalarni o‘rgatmoqda?

Pandemiya bizga nimalarni o‘rgatmoqda?

Foto: «Xabar.uz»

Karantin cheklovlari yana uzaytirildi. Har gal uzaytirilganda tartiblarga shunchaki ko‘nib emas, moslashib boryapmiz. Karantin e’lon qilingan dastlabki kunlarda uyda qolish, niqob taqish, masofadan turib ishlash, xat-hujjat ishlarini onlayn yuritish va shu kabi boshqa tartiblar odamlardan kundalik odatlarini «tortib oldi».

Garchi notabiiy bo‘lsa ham, xuddiki keng ust-bosh kiyishga o‘rgangan odam tor kiydirilganda o‘zini qanday o‘ng‘aysiz sezsa, shunday bir holat yuzaga keldi. Mana endi jahon miqyosida qariyb yetti oylik, bizda esa salkam besh oylik muddat – tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu virus bilan birga yashashga, unga moslashishga majburmiz va hozircha bundan o‘zga yo‘l yo‘q. Boshqacha aytsak, pandemiya jamiyat rivojining yangi yo‘nalishlarini kashf etishga, «tortib olgan»lari o‘rnini muqobillari bilan to‘ldirishga majbur qilmoqda va bu bilan insoniyatga yaxshigina «dars» bermoqda. U bizga nimalarni o‘rgatyapti?

Vaqtni tejash

COVID-19 dunyo kompaniyalarini, davlat organlari xodimlarini uyidan turib ishlashga odatlantirdi. Tabiiyki, bu holat ko‘plab ish beruvchilar uchun kutilmagan bo‘ldi, ammo vaziyat taqozosi shu. Qaytanga, ishni masofadan yuritish «odatiy ish tarzi»dan ko‘ra afzalroq ekanligi ma’lum bo‘lmoqda.

Jumladan, bu xodimlarga vaqtni tejash imkoniyatini berdi.  Ishga borib-kelish, yo‘llardagi tirbandliklarda «havoga uchadigan» vaqt va uning natijasida paydo bo‘ladigan stresslar kamaydi.

YouGov, LinkedIn, USA Today tomonidan 2020 yil may oyida o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, 54 foiz ishtirokchi pandemiya sababli masofaviy ishlash ularning samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatganini ma’lum qilgan.

Buning asosiy sabablari esa, ishga borish vaqti tejaladi (71 %), xodimlar bir birini chalg‘itishmaydi (61 %) hamda turli yig‘ilishlar bo‘lmaydi (39 %).

Shuningdek, masofaviy ishlash tartibi ish beruvchilarga ham bir qator qulaylik yaratadi. Masalan, ushbu tartib xodimlarning ish o‘rnini saqlash, xizmat xonasi, texnikalar, kanselyariya, ofisni ta’mirlash, uni saqlash uchun mablag‘larni tejash imkonini beradi.

Ish vaqti emas, ish hajmi

Bugun O‘zbekiston sharoitida xodimlarning masofadan ishlash tizimini takomillashtirish talab etiladi.

Avvalo, amaldagi mehnat qonunchiligini takomillashtirish lozim. Ayrim sohalarda ish vaqti tushunchasidan voz kechib ish hajmi tushunchasini joriy etish – zamon taqozosi. Ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan davlat va xususiy sektorda ishni masofadan tashkil qilish mumkin ekanini hozirgi vaziyatning o‘zi isbotladi. Hujjatlar almashinuvini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish hisobiga masofaviy ish rejimini pandemiyadan keyin ham saqlab qolish har tomonlama foydali.

Bu borada FlexJobsning 2019 yildagi (hali koronavirus degan gaplar yo‘q sharoitdagi) so‘rovlariga e’tibor qaratsak, 65 % mutaxassis an’anaviy ofisdan ko‘ra uydan turib ishlash samaraliroq deb hisoblaganiga guvoh bo‘lamiz. Shuningdek, 49 % respondent fikriga ko‘ra, ularda qandaydir stress yoki siqilish bo‘lganida o‘z uylariga borib ishlashni afzal ko‘rishini bildirgan.

Masofaviy ta’lim – chorasizlik emas, talab

Pandemiya o‘zgarishga majbur qilgan eng muhim sohalardan biri, shubhasiz, ta’lim. Bog‘cha, maktab, kolleju litsey, universitet – barida masofaviy ta’limga o‘tildi. Bu «yo‘l» chorasizlikdan emas, davr talabi ham shu. Aslida, karantin sharoitidan oldin ham aksar rivojlangan davlatlarda masofaviy ta’lim ularning kundalik hayot tarziga aylanib ulgurganini ko‘ramiz. Bu har bir davlatning ta’limni bu shaklda olib borishda tayyorgarlik darajasi bilan bog‘liq. Ayrim davlatlarda bunga resurs ham, imkoniyat ham yetarli. Biroq sira kutilmaganda pandemiya sharoiti ko‘p davlatlarning ta’limni masofadan turib olib borishga to‘liq tayyor emasligini ayon qilib qo‘ydi. Bizda ham muammo shu.

Bu borada xorij tajribasi qanday?

Masalan, Kambodjaning Ta’lim, yoshlar va sport vazirligi Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan birgalikda "Think!, Think!» deb nomlanuvchi yangi dastur ishlab chiqdi. Ushbu dastur o‘quvchilarga onlayn dars o‘tishga mo‘ljallangan bo‘lib, talabalarga Internetga yoki shunga o‘xshash tarmoqlarga ulanmagan Satellite Decho TV (DTV) orqali ta’lim olish imkonini beradi. O‘quvchilarni onlayn darslarga qiziqtirish uchun darslar turli o‘yinlar, pazllar ko‘rinishida rejalashtirilmoqda.

Yoki Malayziyada shu yilning 6 aprelidan boshlab barcha o‘quvchilar uchun ta’lim dasturlarini o‘zlashtirishga yordam beruvchi «TV Okey» deb nomlangan yangi telekanal tashkil qilindi. Ushbu kanal asosan internetga ulanish imkoniga ega bo‘lmaganlar uchun mo‘ljallangan.

Bundan tashqari, masofaviy ta’limda kuzatiladigan eng ko‘p muammolardan biri – foydalanuvchilarning axborot xavfsizligi bilan ishlash hamda madaniyat masalalari bo‘lib qolmoqda. Hali internet bilan muloqotni to‘liq o‘zlashtirmay turib, ta’limga aloqador turli dilxira holatlar tarqamoqda. Bunday holatlarni bartaraf etish, ularning oldini olishni ko‘zlab mutaxassislar tomonidan alohida yo‘riqnoma ishlab chiqilsa, ayni muddao bo‘ladi deb hisoblaymiz.

Umuman olganda, har bir soha ertangi kunning g‘amini yeyishi, istiqbolda qaysi yo‘ldan borishini chamalab olishi kerak. Vaqt, masofaviy ishlash, ta’lim asnosida shulardan bir nechtasini sanab o‘tdik, xolos. Sanalmaganlari esa ancha.

Dilmurod Rajaboyev,
Adliya vazirligi mas’ul xodimi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring