Ozodbek Nazarbekov: Madaniyat va san’atning hayotimizdagi o‘rni yanada oshadi
Madaniyat va san’at hayotimizning ajralmas bir qismidir. Go‘dak dunyoga kelar ekan, san’atning eng oddiy va oliy namunasi — ona allasi bilan dunyoni taniydi, hayotni idrok etadi. Quvonchli kunlarimizda ham, iztirob chekkanimizda ham kuy-qo‘shiq bizga hamroh bo‘ladi. Sirasini aytganda, san’atga oshno bo‘lgan insondan yomonlik chiqmaydi. Maqomlar, dostonu laparlar, spektakllar, muzey eksponatlari, sirk tomoshalari har birimizni olijanoblik, mehr-oqibat, do‘stlik, ahillik, vatanparvarlik, mardlik va jasorat ruhida tarbiyalashga hizmat qiladi. Shu bois o‘zini hurmat qilgan har qanday xalq o‘z san’atini asraydi, ardoqlaydi. Uni avlodlarga bus-butun yetkazishga harakat qiladi.
Prezidentimizning «Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni hamda «O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori mazmun-mohiyatida ana shunday ezgu maqsad-muddaolar mujassam ekani xalqimizni nihoyatda mamnun etdi.
Tan olishimiz kerak, sohada uzoq yillardan beri o‘z yechimini kutib yotgan, xalq tili bilan aytganda, oyog‘imizga kishan bo‘lib turgan muammolar talaygina edi. Undan xalos bo‘lmasdan turib, soha taraqqiyoti haqida hech qanday so‘z bo‘lishi mumkin emasdi. Ushbu hujjatlarning qabul qilinishi natijasida endi ana shu dolzarb masalalar o‘z yechimini topadi, desak, mubolag‘a emas.
Madaniyat va san’at shu darajada keng qamrovli sohaki, u bir-birini takrorlamaydigan, bir-biriga o‘xshamaydigan, mustaqil ijodni talab etadigan tizimlarni o‘zida birlashtiradi. Prezidentimiz Farmonida mana shu keng ko‘lamli sohaning har bir halqasi manfaati hisobga olinib, muhim chora-tadbirlar belgilandiki, ularning hayotda to‘la o‘z ifodasini topishi madaniyat va san’atning bir zanjir o‘laroq mustahkam uyg‘unlikda rivojlanishiga zamin bo‘ladi.
Eng katta yangiliklardan biri sifatida san’atkorlarning intellektual va mulkiy huquqlarini himoya qilishning yangi tizimi joriy etilayotganini qayd qilish joiz. Ya’ni endilikda San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi tashkil etilmoqda hamda unga bir qator vakolatlar berilyapti. Mazkur palata, birinchi navbatda, ijodkorlar tomonidan yaratilayotgan asarlarni huquqiy jihatdan himoya qiladi. Bu san’atkorni o‘z iqtidorini namoyon etishga, umrboqiy asarlar yaratishga undaydi. Zero, u mana shu yaratayotgan ijod namunasi chinakam san’at asari darajasiga ko‘tarilsa, unga bo‘lgan talabdan butun umr moddiy rag‘bat topishini biladi. Shuningdek, mazkur palata bugungi kunda ba’zi tortishuvlarga, kelishmovchiliklarga sabab bo‘lib turadigan, sohadagi ko‘chirmakashlik illatiga qarshi kurashadi.
Xalqimiz asl san’atni hamisha qadrlagan. Ushbu jihat Farmonda ham o‘z ifodasini topdi. Unga muvofiq, davlat organlari hamda tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda to‘liq jonli ijro asosida o‘tkaziladigan konsert-tomosha dasturlari uchun ijara to‘lovidan 50 foiz chegirma berish tartibi joriy etilmoqda. Bu nimasi bilan ahamiyatli? Ahamiyati shundaki, bu xalqimizning jonli ijrodan bahramandlik darajasini oshiribgina qolmay, san’atkorlarning o‘z ustida ko‘proq ishlashlariga, ixlosmandlarga haqiqiy ijod namunalarini tuhfa etishga undaydi. Binobarin, shu vaqtga qadar tayyor ashulaga og‘zini qimirlatib, tomosha qo‘yayotgan ham, qo‘shig‘iga mehrini, qalbi qo‘rini qo‘shib, jonli kuylayotgan ham bir xil ijara haqi to‘lab kelardi. Aniqroq aytganda, konsert berayotgan san’atkorlarning chinakam mehnat qilayotganlariga ham, uni bir oz aylanib o‘tib, qaddini urib yurganlariga ham bir xil munosabatda bo‘linardi. Mazkur hujjat bilan adolatning tiklanishi — jonli ijro sohibiga muayyan imtiyozlar ko‘zda tutilayotgani ijodkorlarning haqiqiy san’atga qarashini ham o‘zgartirishiga shubha yo‘q.
Ayniqsa, bu sohaga endi qadam qo‘ygan yoshlarni xalq mehrini qozonishda oson yo‘ldan bormasdan, ko‘proq mehnat qilishga chorlaydi. Shu bilan birga, 50 foizlik chegirma konsert chipta narxlarining arzonlashuviga ham xizmat qiladi.
Farmon bilan kelgusi yilning 1 yanvaridan boshlab konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash, litsenziatlarning davlat reyestrini yuritish, ularning faoliyati va erishgan natijalari haqidagi axborotlarni kiritib borish Konsert-tomosha faoliyati ishtirokchilarining yagona onlayn portali orqali amalga oshiriladi. Davlat organlari va tashkilotlarining asosiy vazifa hamda funksiyalaridan kelib chiqib, ularning tashabbuslari bilan tashkil etiladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlari har yili tasdiqlanadigan kalendar reja asosida o‘tkaziladi. Bu san’atkorlarning yil davomida qanday tadbirlarda ishtirok etishini avvaldan bilishiga, o‘z ish rejalarini shunga muvofiq tuzishlariga imkon yaratadi.
Bugun xalqimiz orasida yosh iste’dodlar ko‘pligini hammamiz yaxshi bilamiz. Ba’zan ularning ijod namunalari turli internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng e’tirof hamda olqishlarga sabab bo‘ladi. Yuqoridagi hujjatlarda ana shunday yosh iste’dodlarni izlab topish, ularning ta’lim olishi va iqtidorini namoyon etishiga sharoit yaratish maqsadida qator chora-tadbirlar belgilanmoqda. Jumladan, ana shu yo‘lda «Yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va axborot-multimedia markazi» davlat muassasasi, boshqacha aytganda, prodyuserlik markazi tashkil etilmoqda. Shuningdek, endilikda notalar to‘plamlari va maxsus musiqiy adabiyotlar Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan chop etilib, ta’lim muassasalariga to‘liq yetkazib beriladi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston davlat konservatoriyasining o‘zbek maqom san’ati fakulteti hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining tegishli ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari negizida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti tashkil etilayotgani «Yoshlarimiz milliy san’atimizdan uzoqlashmoqda», degan xavotirlar bildirilayotgan bugungi davrda xalqimizning ko‘nglidagi ish bo‘ldi. Bu ajdodlarimizning bebaho madaniy merosini ilmiy asosda o‘rganishga sharoit yaratibgina qolmay, yosh iqtidorlarni tarbiyalash, milliy san’atimizni keng targ‘ib etishga imkoniyat hozirlaydi.
Shu o‘rinda keyingi yillarda yurtimizda maqom va baxshichilik san’atini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash lozim. Prezidentimiz tashabbusi bilan Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom san’ati anjumani, Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining an’anaviy tarzda o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilganiga nafaqat xalqimiz, balki butun dunyo ahli yuksak baho berdi. Zotan, bugun insoniyat o‘ta murakkab davrni boshdan kechirmoqda. Jahonda siyosiy kurashlarda g‘oya va mafkuralar, turli axborotlar bosh qurol sifatida foydalanilyapti. Odamlar ongu dunyoqarashini egallab, xalqlarning uzoq yillik madaniyatini tubdan yemirishga, shu orqali ularni ma’naviy qaramlikka duchor etishga harakat qilinmoqda.
Mustamlakachilikning bunday zamonaviy ko‘rinishlaridan himoyalanishning birdan-bir yo‘li xalqimiz madaniyatini yuksaltirishdir. Davlatimiz rahbarining asrlar osha ajdodlardan-avlodlarga o‘tib kelayotgan noyob san’at namunalarini yanada chuqurroq o‘rganish, keng targ‘ib etish, ayniqsa, yoshlar qalbida ularga nisbatan hurmat va sadoqatni shakllantirish bo‘yicha olib borayotgan ishlaridan ko‘zlangan maqsad ham shu. Maqom ijrochiligi, baxshichilik va katta ashula yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy o‘quv yurtining tashkil etilishi bu boradagi ishlarga kamarbasta bo‘lishi, shubhasiz.
Ma’lumki, insonning didi va dunyoqarashini shakllantirishda teatrning o‘rni beqiyos. Shu bois hujjatda teatrlar faoliyati ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ochig‘i, teatr sohasi rivojiga shu vaqtga qadar bugungidek e’tibor bo‘lgan emas. Har bir teatrning moddiy-texnika bazasi zamonaviy andozalarga moslashtirilmoqda. Jamoalarning gastrollari, chet el safarlariga zarur shart-sharoitlar yaratib berilgan. Shunga qaramay, tomoshabinlarni ommaviy jalb qiladigan, san’atimiz tarixida yuksak madaniy voqea bo‘ladigan spektakllar yaratilmayotganini ham afsus bilan tan olishga majburmiz. Farmon bilan xususiy teatrlarning ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, xususan, Madaniyat vazirligi tomonidan xarid qilingan, ommaviy ijroga mo‘ljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlarni xususiy teatrlarda ham sahnalashtirish hamda ijro etishga ruxsat berilayotgani sohada raqobatbardoshlikni oshirishga, ijodkorlarning o‘z ishiga mas’uliyatini yanada kuchaytirishga turtki bo‘ladi. Shuningdek, madaniyat maskanlarini o‘z repertuarlarini g‘oyaviy-badiiy jihatdan yuksak, bugungi kun nafasi, odamlarni o‘ylantirayotgan, hayajonga solayotgan jiddiy ijtimoiy muammolar o‘z aksini topgan spektakllar bilan boyitishiga undashi tayin.
Murg‘ak qalblarda ezgulik va yovuzlik, yaxshilik hamda yomonlik haqidagi tasavvurlar qo‘g‘irchoq teatri sahnasida jonlangan qahramonlar orqali shakllanadi, desak, xato bo‘lmas. Shu bois qo‘g‘irchoq teatrlari mavjud bo‘lmagan Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida ularni tashkil etish, o‘z binolariga ega bo‘lmagan Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida qo‘g‘irchoq teatrlari binolarini qurish hamda jihozlash belgilangani yosh avlod kamoli yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. Boy tarixi, o‘zbek milliy qo‘g‘irchoq teatri maktabining shakllanishi hamda rivojidagi beqiyos hissasini inobatga olib, Respublika qo‘g‘irchoq teatriga O‘zbek Milliy qo‘g‘irchoq teatri nomining berilishi ham soha ravnaqida muhim ahamiyat kasb etadi.
Hujjatga muvofiq, sirklar va hayvonot bog‘lari faoliyatida ham ijobiy o‘zgarishlar amalga oshiriladi. Masalan, 1990 yildan buyon ta’mirlanmagan, sharoitlari bugungi zamon talablariga javob bermaydigan «O‘zbek davlat sirki» davlat muassasasi bino va inshootlari to‘la rekonstruksiya qilinadi, muassasa uchun qo‘shimcha ravishda hayvonlarni saqlash xonalari qurish hamda zamonaviy uskunalar bilan jihozlash ishlari bajariladi.
Shuningdek, mamlakatimizning har bir hududida ko‘chma sirklar, dorbozlar guruhlari hamda hayvonot bog‘lari tashkil etilishi va doimiy faoliyat yuritishi belgilanmoqda.
Dorbozlik san’ati qadimdan otameros kasb sifatida avloddan-avlodga o‘tib kelgan, elimizning to‘y-tantanalarini bezagan. Hozirgi kunda ham ommaviy sayil deganda ko‘z o‘ngimizda dorbozlaru polvonlarning bir-biridan qiziqarli chiqishlari jonlanadi. Aytish joizki, butun dunyoda dorbozlar 7 metr balandlikda tomosha ko‘rsatsa, shu yo‘nalishdagi o‘zbek san’atkorlari 12 metr yuksaklikda o‘z o‘yinlarini namoyish etadi. Afsuski, ushbu benazir maydon tomoshasi bugungi kunga kelib, yo‘qolish arafasida edi. Farmon bilan bu san’at turi ham endilikda o‘z qadrini tiklaydi, deyish mumkin. Belgilanganidek, davlat organlari hamda tashkilotlari tizimidagi madaniyat va istirohat bog‘lari, sport inshootlari, sayilgohlar hamda boshqa ochiq hududlarda ko‘chma sirklarning tomosha tadbirlari o‘tkazishiga ijara, soliq to‘lovlari bo‘yicha turli imtiyozlar berilmoqda.
Sohani yetuk bilimli kadrlar bilan ta’minlash maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan estrada va sirk maktabi Respublika estrada va sirk kollejiga aylantirilib, unga ushbu ta’lim muassasasi asoschisi Karim Zaripov nomi beriladi. Kollej uchun O‘zbek davlat sirki hududida yangi bino quriladi, shu bilan ta’lim va amaliyot uyg‘unligiga erishiladi.
Muzeylar va madaniyat boyliklarini tadqiq etish faoliyatining samaradorligini oshirish ham hujjatning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Misol uchun, 2025 yilgacha bo‘lgan muddatda har bir tuman va shaharda o‘lkashunoslik muzeylarini tashkil etish, ularning eksponatlarini boyitish, asrab-avaylash va xodimlari manfaatdorligini oshirish, shuningdek, bu boradagi huquqiy asoslarni takomillashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Davlat muzeylarida har oyning birinchi yakshanbasi «Ochiq eshiklar kuni» deb e’lon qilinib, fuqarolarning ushbu maskanlarga bepul kirib ko‘rishiga imkon yaratilayotgani ham alohida e’tiborga loyiq. Zero, bu xalqimizning shonli tariximiz va ajdodlarimizning bebaho merosiga doir bilimlarini boyitish, qalblarda milliy g‘ururni yuksaltirishga hissa qo‘shadi.
Hozirgi kunda mamlakatimiz bo‘yicha 4748 ta arxeologiya, 2250 ta arxitektura, 678 ta monumental san’at yodgorligi, 532 ta diqqatga sazovor joylar moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan. Ularni muhofaza qilish g‘oyat muhim masala ekanligini inobatga olib, hujjatda Madaniy meros departamenti faoliyatini mutlaqo yangi tamoyillar asosida tashkil etish nazarda tutilgan. Mazkur departament vakolatlari aniq belgilanib, faoliyati samaradorligini oshirish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar hal etildi. O‘z navbatida, madaniy meros ob’yektlarini asrash ishlarida ilmiy tadqiqotlarga tayanish zarurligi inobatga olinib, Madaniyat vazirligi huzurida Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladigan bo‘ldi.
Hujjatga asosan, Madaniyat vazirligi faoliyati ham yanada takomillashtirilmoqda. Uning tashkiliy tuzilmasi belgilanib, zimmasiga aniq vazifalar yuklanmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasida Milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini 2025 yilga qadar amalga oshirishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi. Madaniyat va san’at sohasida davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi davlat hamda nodavlat tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib borish maqsadida muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi.
Shuningdek, vazirligimiz tomonidan kelgusida faoliyatimizga doir onlayn portalni ishga tushirish, madaniyat muassalarining kirish-chiqish joylariga elektron turniketlar o‘rnatish, elektron chiptalar joriy etish ishlari olib boriladi. Bu sohamizda shaffoflikni oshirish, madaniyat muassasalari faoliyatidan aholining qulay va oson foydalanishini ta’minlashda asqatadi.
15 aprel sanasining «O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni» deb e’lon qilinishi esa sohada faoliyat yuritayotgan har bir insonga cheksiz g‘urur bag‘ishlashiga ishonchimiz komil. Binobarin, bu ham bizga ko‘rsatilayotgan e’tibor va ehtiromning hayotdagi yana bir ifodasidir.
Xulosa o‘rnida aytganda, madaniyat va san’atning hayotimizdagi o‘rni hamda ta’sirini yanada oshirishga qaratilgan ushbu hujjatlar yangi O‘zbekiston tarixining madaniy poydevori bo‘lib xizmat qiladi.
Ozodbek Nazarbekov,
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter