O‘zmilliybank va Natixis 200 mln yevrolik kredit liniyasi kelishuvini imzoladi

Fransiya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri hamda diplomatik munosabatlar o‘rnatgan birinchi davlat hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2025 yil 11-13 mart kunlari Fransiyaga bo‘lib o‘tayotgan rasmiy tashrifi ikki tomonlama hamkorlikning izchil rivojlanib borayotganining yana bir tasdig‘idir.
Tashrif doirasida 11 mart kuni Parij shahrida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari va davlat idoralari vakillari ishtirokida O‘zbekiston-Fransiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida tomonlar istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildilar va yangi o‘sish nuqtalarini aniqladilar.
“O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ (O‘zmilliybank) va Natixis banki o‘rtasida 200 mln. yevro miqdorida kredit liniyasini jalb qilish bo‘yicha kelishuv imzolangani biznes-forumning muhim voqeasi bo‘ldi.
Shuningdek, ta’kidlash joizki, 2025 yil uchun mo‘ljallangan davlat investitsiya dasturiga muvofiq, O‘zmilliybankka xalqaro moliya institutlaridan jami 1,2 mlrd. dollarlik kredit liniyalarini jalb qilish vazifasi qo‘yilgan.
Jalb qilingan mablag‘lar mamlakatdagi investitsiya va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish, jumladan, turizm salohiyatini rivojlantirish, transport, uy-joy qurilishi, xizmatlar sohasi, muqobil energiya, zamonaviy klinikalarni qurish, aeroportlarni modernizatsiya qilish, shuningdek, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Bularning barchasi, o‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024 yil 16 dekabrdagi mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish borasidagi topshiriqlari ijrosini ta’minlaydi.
Mazkur kredit liniyasi Yevropa eksport-kredit agentliklarining sug‘urta kafolati ostida va O‘zbekiston Respublikasi davlat kafolatisiz taqdim etiladi.
Imzolangan kelishuv O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish uchun qo‘shimcha turtki bo‘ladi.
Ma’lumot uchun: Natixis 2006 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda Fransiyaning yetakchi korporativ va investitsiya banki hisoblanadi. Shu bilan birga, Fransiyadagi ikkinchi yirik bank guruhi bo‘lgan BPCE guruhining sho‘’ba korxonasi tarkibiga kiradi. Uning global filiallar tarmog‘i 30 ta mamlakatda mavjud.
Asosiy ko‘rsatkichlari: aktivlar – 472,5 milliard yevro, kapital – 19,6 milliard yevro, aylanma kapital – 4,1 milliard yevro, sof foyda – 800 million yevro.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter