O‘ziga o‘t qo‘ygan farg‘onalik talaba vafot etdi
Farg‘onalik talaba o‘ziga o‘t qo‘yib yuborib, kuyish oqibatida vafot etdi. Voqea tafsilotlarini Bosh prokurorning matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Hayot Shamsutdinov «Xabar.uz»ga ma’lum qildi.
Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida yashagan, Namangan muhandislik qurilish institutining 3-bosqich talabasi X.X. (2002-y.t.) oliygohda 5 ta fandan oraliq imtihonlarini topshira olmaganligi sababli, 2023-yil 10-fevral kuni qayta topshirishga qolib ketgan.
Guruh rahbari talabaning otasiga qo‘ng‘iroq qilib, o‘g‘li yuqoridagi 5 ta fandan oraliq imtihonlarni topshira olmaganligi haqida ogohlantirgan.
O‘z navbatda, ota o‘g‘liga telefon orqali tanbeh bergan.
Shundan so‘ng, talaba X.X. otasi bergan tanbehga zarda qilib, ruhiy tushkunlikka tushib, Yangiqo‘rg‘on tumanining Nurafshon MFY hududidagi dala-adirlik maydonida ustiga benzin quyib yoqib, o‘z joniga qasd qilgan.
X.X.ning yonib jarohat olganini ko‘rib qolgan fuqarolar unga yordam ko‘rsatib, shifoxonaga olib kelishgan.
Tibbiy ma’lumotga ko‘ra, alanga oqibatida X.X. tanasining 50 foiz qismi chuqur kuygan.
Shifkorlar tomonidan ko‘rsatilgan tez-tibbiy muolajalarga qaramasdan, u 13-fevral kuni shifoxonada vafot etgan.
Shu kuni Yangiqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan JKning 103-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter