Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zganing qotilligi uchun 27 yil qamoqda o‘tirgan xitoylik ozodlikka chiqarildi

O‘zganing qotilligi uchun 27 yil qamoqda o‘tirgan xitoylik ozodlikka chiqarildi

Foto: «Teller Report»

Umrining 27 yilini qamoqda o‘tkazgan sharqiy xitoylik fuqaro ozod etildi. Bu haqda VVS xabar berdi.

Voqea tarixi 1993-yilning oktyabriga, Szyansi provinsiyasi poytaxti Szinsyanda ikki nafar bolaning o‘ligi topilganiga borib taqaladi. O‘shanda bu bolalarning qo‘shnisi Chjan Yuxuanni qotillikda gumon qilib, hibsga olishadi. 1995 yilning yanvarida Nanchan sudi uni aybdor deb topib, o‘lim jazosi belgilaydi. Keyinchalik hukm bir umrlik qamoq jazosiga o‘zgartiriladi.

Chjan so‘roq payti politsiyachilar kuch ishlatganini tinmay ta’kidlab kelgan. Hech qachon bu qilmishga daxldorligini bo‘yniga olmagan. 2019-yilning mart oyida Xitoy Oliy sudi ishni qayta ko‘rib chiqdi, dalillar yetarli emasligi bois, Chjan ozodlikka chiqarildi.

«Barcha dalillarni o‘rganib chiqdik, ularning birontasi ham Chjanning bu ishga aloqadorligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri isbotlay olmadi. Prokuraturaning taklifini qabul qilib, uni aybsiz deb e’lon qildik», — dedi Oliy sud sudyasi Tyan Ganlin.

Ikki bolaning haqiqiy qotili kim ekanligi hamon noma’lumligicha qolmoqda.

Beayb qamalib ketgan Chjanning sobiq xotinidan (ular 11 yil avval ajrashishgan) ikki nafar o‘g‘li bor. Xotin boshqaga turmushga chiqib ketgan bo‘lsa ham Chjandan xabar olib turgan.

Sud nohaq qamalgan mahkum badal undirishga haqli ekanini ham ma’lum qildi.

«O‘z mijozim bilan undiriladigan badal miqdorini gaplashib olishim kerak. Bundan tashqari, noto‘g‘ri sud javobgarlari jazolanishiga ham erishmoqchimiz», — dedi Chjanning advokati Van Fey.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring