«O‘zbekneftgaz»: Boshqaruv raisi Ustyurtda kunlik 1 mln kub metr tabiiy gaz olinadigan yangi ochilgan «G‘arbiy Quyi Surgil» konida bo‘ldi (foto+video)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 18-noyabrdagi PQ–4522-sonli «Neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish va olib borish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarorida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash yo‘lida Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi «Ishchi guruh» a’zolari Ustyurt regionida tabiiy gaz qazib chiqarilishini oshirish hamda qilinayotgan ishlarning bugungi holatini o‘rgandi. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati xabar bermoqda.
2021 yilning ilk kunlaridanoq, Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi aholisi va iqtisodiyot tarmoqlarining uglevodorod xomashyosiga tobora oshib borayotgan talabini to‘laqonli qondirish maqsadida aniq vazifalar belgilab olindi.
Natijada esa, so‘nggi yillarda kuzatilmagan natijaga erishildi, ya’ni Ustyurt regionining «G‘arbiy Quyi Surgil» maydonidagi 1-sonli quduq 4111 metr chuqurlikkacha burg‘ilandi.
Joriy yilning 9 fevral kuni ushbu quduqda quyi Yura qatlamlarining 4111–4024 metr oralig‘idagi neft-gazlilik istiqbollarini sinash natijasida, sanoat miqyosidagi tabiiy gaz oqimini olishga erishildi.
2020 yil davomida uglevodorod zaxirasini oshirish borasida qilingan ishlar samarasini berib, yangi «G‘arbiy Quyi Surgil» gaz kondensat koni ochildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi quduqdan kunlik 1,0 mln kub metr hajmdagi tabiiy gaz oqimi olingan bo‘lsa, ushbu konning dastlabki uglevodorod zaxiralari 7,5 mlrd kub metr tabiiy gaz hamda 265 ming tonna gaz kondensati miqdorida baholanmoqda.
Ushbu yangi konning neft-gazlilik istiqbollari Ustyurt regioni bo‘yicha belgilangan geologiya-qidiruv ishlarini keng ko‘lamda jadallashtirishga zamin yaratishi bilan bir qatorda, 2021 yilda «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan Respublika uglevodorod xomashyo bazasini qayta to‘ldirish va rivojlantirish borasidagi vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarishga xizmat qiladi.
2021 yil davomida yangi ochilgan «G‘arbiy Quyi Surgil» konining hududida geologiya-qidiruv ishlari Dasturi doirasida mo‘ljallangan ishlar davom ettiriladi va navbatdagi 2-sonli izlov qudug‘i burg‘ilanadi hamda uning neft-gazlilik istiqbollari baholanadi.
«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi boshchiligidagi «Ishchi guruh» a’zolari ushbu konda bo‘lib, hozirda u yerda qilinayotgan ishlar va konning samaradorligi holati bilan tanishdi.
Bu yerda Boshqaruv raisi ushbu konning ochilishida mehnati singgan har bir ishchi-xodimga minnatdorchilik bildirib, ularga qo‘shimcha sharoitlar yaratilishi bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Shuningdek, Ustyurt regionida qo‘shimcha izlov-qidiruv ishlarini davom ettirish va yangi tabiiy gaz zaxiralarini izlab topish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.
Ta’kidlash joizki, Boshqaruv raisining Ustyurtdagi konlar va quduqlarda tabiiy gaz hamda gaz kondensati qazib chiqarilishini o‘rganish bo‘yicha tashrifi davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter