Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekneftgaz»: «Andijonquduqta’mirlash»ning 70 yilligi munosabati bilan press-tur tashkil qilindi

«O‘zbekneftgaz»: «Andijonquduqta’mirlash»ning 70 yilligi munosabati bilan press-tur tashkil qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va «O‘zbekneftgaz» AJ hamkorligida Press-turlar tashkil qilish borasidagi kelishuvga binoan Jamiyat tomonidan Press-turlar tashkil qilinmoqda.

Avvalo, mamlakatimizdagi ochiqlik va shaffoflik siyosatini to‘la qo‘llab-quvvatlagan holda Jamiyat Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshirig‘iga binoan tizim korxonalari faoliyatini ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borish tizimi yaratilgan.

«O‘zbekneftgaz» AJ tizimidagi korxonalar faoliyatini jamoatchilikka kengroq tanitib borishdan tashqari, hamkor tashkilotlar bilan qilinayotgan ishlar bo‘yicha keng ommaga axborot berib borilayapti.

«O‘zbekneftgaz» AJning ishonchli hamkorlaridan biri sifatida, «Andijonquduqta’mirlash» AJ ham neft va gaz sohasiga investitsiya kiritayotgan, sohani rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shayotgan, tabiiy gaz va neft qazib chiqarilishi yo‘lida samarali faoliyat olib borayotgan yirik korxonalardan biridir.

2022 yilning 1 mart kuni «Andijonquduqta’mirlash» korxonasi xodimlari uchun quvonchli kun bo‘ldi desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi, sababi korxona bu sanada o‘zining 70 yillik yubileyini nishonladi. Shu munosabat bilan «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi tashabbusi bilan korxona faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Oliy majlis qonunchilik palatasi, OAV vakillari, mustaqil jurnalistlar, blogerlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida Press-tur tashkil etildi.

«Andijonquduqta’mirlash» AJ rahbari Davron Sulaymonov «Andijonneftgazquduqta’mirlash» MChJ 1952 yilda Andijon viloyati Marhamat tumani Polvontosh shaharchasida tashkil etilgani va uning dastlabki faoliyatiga oid ma’lumotlar hamda korxonaning uzoq yillik tarixi haqida tashrif buyurganlarga so‘zlab berdi.

70 yillik tajribaga ega bo‘lgan ushbu korxona Farg‘ona vodiysi, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi mavjud neft va gaz konlarida quduqlarni to‘la va joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirib kelmoqda.

Jamiyatdagi mavjud moddiy-texnik baza ma’nan eskirib, ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun ayrim maxsus texnikalar yaroqsiz holga kelib qolgan, tabiiyki bu holatda hamkorlar ham to‘la ishonch bildira olmasdi. 2020 yildan boshlab esa Davron Sulaymonov xorijiy korxonalar bilan hamkorlikda maxsus texnikalar yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzishga erishadi hamda dastlab 10 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish evaziga neft va gaz quduqlarini ta’mirlash, kapital ta’mirlash uchun avvalo eng zarur texnikalarni olib keladi.

Korxonaning iqtisodiy faoliyatini yaxshilash maqsadida tashlangan dastlabki qadam ijobiy natijalar bera boshlaydi va «Andijonquduqta’mirlash» korxonasi uchun 2021 yildan mutloqo yangi davr boshlanadi.

Korxona moddiy texnika bazasini qayta modernizatsiya qilish maqsadida investor tomonidan kiritilgan katta sarmoya hisobiga maxsus texnika, to‘la va joriy ta’mirlash jarayonida zarur bo‘ladigan zamonaviy asbob-uskunalar, jihozlar, jumladan, burg‘ilash quvurlari sotib olinishi esa muvaffaqiyatli natijalarni keltiradi.

«Andijonquduqta’mirlash» AJda so‘nggi yillarda nafaqat moddiy texnik vositalarni yangilash balki malakali va tajribali kadrlar zaxirasini yaratishga ham katta e’tibor beriladi. Uzoq yillar ushbu korxonada ishlagan va bugun turli tashkilotlarda xizmat qilayotgan uzoq yillik tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar taklif qilinadi hamda ajoyib jamoa shakllantiriladi.

Ta’kidlash kerakki, korxonaning bugungi kundagi salohiyati hamda neft va gaz sohasidagi ko‘p yillik tajribasiga asoslanib, brigadalarning moddiy texnika bazasi zamon talabi darajasidagi asbob-uskuna va jihozlar bilan to‘ldirilganligini hisobga olib «O‘zbekneftgaz» AJ va uning tizimidagi Vodiy neft va gaz qazib chiqarish va Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi, «ANDIJANPETRO» MChJ Qo‘shma korxonasi, «SEG» xorijiy korxonasi bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.

Konlarda quduqlarni joriy va to‘la ta’mirlash ishlari bilan bir qatorda yollanma 2-o‘zanni telemetriya xamda telemetriyasiz burg‘ilash, qidiruv-burg‘ilash ishlarini olib borish ham yo‘lga qo‘yildi.

Press-tur ishtirokchilariga «Andijonquduqta’mirlash» AJ mutaxassislarining muvaffaqiyatli natijalariga erishayotganliklari, «O‘zbekneftgaz» AJning Vodiy neft gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli «Chaqar» konining 4-sonli qudug‘ida olib borilgan kapital ta’mirlash ishlari misolida ko‘rsatib o‘tildi.

Mutaxassislar, ushbu quduqning 2070–2143 metr oraliqlaridagi (ochiq o‘zanda) qatlamdan kelgan qumdan (qum tiqinidan) tozalab, quduqga filtr tushirishdi hamda o‘zlarishtirish natijasida quduqdan kunlik 150 ming kub metr sanoat miqyosida tabiiy gaz va 8 tonna gaz kondensati qazib chiqarilishiga erishilgan edi.

«O‘zbekneftgaz» AJ «Andijonquduqta’mirlash» MChJ bilan neft va gaz quduqlarini ta’mirlash hajmlarini kengaytirish va boshqa masalalar bo‘yicha hamkor ishlarini yo‘lga qo‘yganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsa-da, allaqachon samarali natijalarga erishib ulgurdi.

Eslatib o‘tamiz, «Andijonquduqtamirlash» AJ burg‘ilash va ta’mirlash sohasida 30 ga yaqin zamonaviy maxsus texnikalarga, 20 dan ortiq ta’mirlash uskunalariga ega bo‘lib, ishchi-xodimlarining vaxta rejimida ishlashlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring