O‘zbekiston–Saudiya Arabistoni: hamkorlikning ishga solinmagan imkoniyatlari ma’lum qilindi
2022-yilning ikki oyi mobaynida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi savdo hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 baravarga oshdi. Mamlakatimizda Saudiya kapitali ishtirokida tuzilgan korxonalar soni to‘rt barobarga ko‘paydi. Bu haqda Toshkentda o‘tkazilgan savdo, iqtisodiyot, investitsiya, texnika, madaniyat, sport va yoshlar masalalari bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 5-yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yig‘ilishga O‘zbekiston tarafidan bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, Saudiya Arabistoni tomonidan esa investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih raislik qildi.
Tadbir davomida ikki mamlakat vakillari ustuvor yo‘nalishlarda robitalarni kengaytirish uchun ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini e’tirof etib, ko‘pqirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga sodiqlik izhor etdi. Bundan tashqari, izchil mexanizm va aniq muddat ko‘rsatgan holda yaqin istiqbolda o‘zaro tovar aylanmasini bir necha baravar ko‘paytirish bo‘yicha qo‘shma amaliy harakatlar rejasi ishlab chiqishga kelishildi.
Mamlakatimizda an’anaviy va muqobil energetika sohasida saudiyalik investorlarning keng ko‘lamli loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Avval xabar berganimizdek, 2021-yil 17-dekabr kuni «ACWA Power» kompaniyasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi qurilishi xususida bitim imzolangandi.
«ACWA Power» an’anaviy va muqobil energetika sohasida O‘zbekistonning strategik hamkori sanaladi. Shirkatning investitsiya portfeli umumiy qiymati 2,5 mlrd dollardan ziyod 4 ta loyihadan iborat.
Hukumatlararo komissiya yig‘ilishida IT, elektronika, farmatsevtika, biotexnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, yengil, kimyo va neft-kimyo sanoati singari istiqbolli sohalarda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish istagi bildirildi.
O‘zbekistonning Arab olamidagi asosiy hamkorlaridan sanalgan Saudiya bilan tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar ham muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil 20-fevral kuni ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter