O‘zbekistonning «aqlli» suv texnologiyalari taqdim etildi
![O‘zbekistonning «aqlli» suv texnologiyalari taqdim etildi](https://static.xabaruz.com/crop/1/6/720_460_95_1636975557.jpg)
Xabaringiz bor, BMT Bosh Assambleyasining yetmish beshinchi sessiyasida nutq so‘zlagan Prezidentimiz Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlari, xususan, Orolbo‘yi hududi ekologik fojia markaziga aylanganiga jahon hamjamiyati e’tiborini tortgan edi. O‘shanda Shavkat Mirziyoyev tomonidan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish haqida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasini qabul qilish taklifi ilgari surilgandi.
2021-yil 18-may kuni BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasining yalpi majlisida, Shavkat Mirziyoyevning taklifiga ko‘ra Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyusiyasi bir ovozdan qabul qilindi.
Orol dengizi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi sifatida rivojlantirish borasida yurtimizdagi ilmiy soha vakillari ham keng ko‘lamli ilmiy amaliy ishlarni boshlab yuborishdi.
Xususan, 20-may kuni Toshkent kimyo-texnologiya instituti vakillari Polshada o‘tkazilgan «Atrof muhit va suv resurslarini boshqarish» 2-xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida onlayn ishtirok etishdi.
Institut vakillari mazkur konferensiyada Orol dengizi mintaqasida ilmiy-innovatsion muhitni rivojlantirish, mavjud muammolarga zamonaviy texnologiyalar orqali yechim topish va amaliyotda qo‘llash borasidagi «O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish va «aqlli suv» texnologiyalarini joriy qilish» mavzusida taqdimot qilishdi.
«Afsuski, Markaziy Osiyoda xalqaro standartlarga muvofiq umumiy suvdan foydalanish kodeksi hali ishlab chiqilmagan. Suv sohasidagi mintaqa mamlakatlari orasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda va ziddiyatli qirralariga yechim topish ishi doimiy e’tiborda bo‘lib qolmoqda. Bunda Markaziy Osiyo respublikalari o‘zlarini yagona ekologik, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy bir butun ekanligini his qilishlari muhim», — deydi institut rektori Botir Usmonov.
Universitet rektoriga ko‘ra, mazkur jarayonda Toshkent kimyo-texnologiya instituti ham mavjud ekologik muammolarga katta e’tibor beradi hamda TKTI talabalari va o‘qituvchilari tuproqni mustahkamlash, sho‘r va qumli shamollar miqdorini kamaytirish uchun Orol dengizi mintaqasida terak va boshqa ko‘p yillik o‘simliklarni ekish bilan bog‘liq bir qator loyihalarda qatnashdilar.
Toshkent kimyo-texnologiya institutining «Sanoat ekologiyasi» kafedrasi olimlari chiqindi suvlarni tozalash va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha ayrim texnologiyalarni ishlab chiqishgan:
- Kanalizatsiya va flokulyasiya usullari bilan oqava suvlarni tozalash texnologiyasini ishlab chiqish;
- To‘qimachilik mahsulotlaridan chiqindi suvlarni bo‘yoqlardan tozalashning samarali usulini ishlab chiqish;
- Gidrometallurgiya ishlab chiqarishining chiqindi suvlarini tozalash uchun mahalliy va mavjud xom ashyo asosida yangi anion almashinuvchilarni olish texnologiyasini ishlab chiqish;
- Og‘ir metall ionlaridan chiqindi suvlarni tozalash uchun polikondensatlangan anion almashinuvchilarni ishlab chiqish;
- Kimyoviy ishlab chiqarish chiqindilari asosida flokulantlarni olish texnologiyasini ishlab chiqish;
- Suvni tozalash va oqava suvlarni tozalashda yangi ion almashinadigan polimerlarni qo‘llash;
- Mahalliy xom ashyo asosida termo-kimyoviy va radiatsiyaga chidamli kation almashinuvchilarni ishlab chiqarishni rivojlantirish.
- Ozon xavfsiz freonlarni ozon xavfsiz sovutgichlar bilan almashtirish.
Yuqoridagi texnologiyalar haqida xalqaro konferensiya ishtirokchilariga to‘liq ma’lumot berildi. Bundan tashqari, Orol dengizi mintaqasini — ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi sifatida rivojlantirish borasida institut professor-o‘qiutvchilari yanada ko‘proq tadqiqot o‘tkazish hamda suv resurslarini tejash, tozalash va mavjud ekologik muammolarga zamonaviy texnologiyalar orqali yechim topish ustida ilmiy-amaliy loyihalar ishlab chiqishi ta’kidlab o‘tildi.
«Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan mazkur tashabbus, nafaqat, O‘zbekiston hududi uchun, balki butun Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun dolzarb masala hisoblanadi. Orol dengizi mintaqasini — ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi BMT maxsus rezolyusiyasi bir ovozdan qabul qilinganligi ham bejizga emas, albatta. Buni biz, oliy ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, oldimizga juda katta masala qo‘yilgan deb talqin etsak ham bo‘ladi. Chunki, ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasida Orol dengizi mintaqasidagi mavjud ekologik maummolarni bartaraf etish borasida aniq innovatsion yechimlar topishimiz, suv va suv resurslarini boshqarish, ularni qayta ishlash bo‘yicha ham ilmiy ham amaliy ishlarni bajarish vazifasini qo‘yadi», — dedi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga murojaatida Botir Usmonov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter