O‘zbekistonlik taniqli futbolchining yoshi va ismi o‘zgartirilgani ma’lum bo‘ldi
![O‘zbekistonlik taniqli futbolchining yoshi va ismi o‘zgartirilgani ma’lum bo‘ldi](https://static.xabaruz.com/crop/3/6/720_460_95_3613887830.jpg)
O‘zbekistonlik taniqli futbolchi Husniddin G‘ofurov aslida 2 yoshga katta ekani va haqiqiy ismi Anvar bo‘lgani ma’lum qilindi.
O‘FAning qayd etishicha, Anvarning shaxsni tasdiqlovchi hujjatlari 1997-yilda tug‘ilgan ukasi Husniddinniki bilan almashtirib qo‘yilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat Buvayda tuman sudining 2020-yil 3-mart kunidagi hukmiga ko‘ra G‘ofurov Anvarjon Husanboy o‘g‘lini ukasi G‘ofurov Husniddin Husanboy o‘g‘li bilan bir-birlarining shaxsiy ma’lumotlari va ism-familiyalarini almashtirgan holda rasmiylashtirilgan fuqarolik pasportlari belgilangan tartibda yo‘q qilinib, ularning haqiqiy shaxsiy ma’lumotlari va ism-familiyalari bo‘yicha fuqarolik pasportlari rasmiylashtirilishi ta’minlangan.
Futbolchilarning maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mitasi futbolchi o‘sha vaqtda bunga o‘zi istamagan holda murabbiylari va ota-onasining qistovi bilan rozilik bergan degan xulosaga kelgan hamda professional futbolchilik faoliyatida davom etishiga ruxsat bergan.
Shuningdek, mazkur qaror nusxasi G‘ofurov Anvarjon Husanboy o‘g‘liga nisbatan jarima intizomiy jazo chorasini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasiga taqdim etilishi belgilandi.
Ma’lumot uchun, Husniddin G‘ofurov O‘zbekiston milliy jamoasida to‘p surgan futbolchi sanaladi. O‘tgan mavsumda AGMK tarkibida o‘ynagan tajribali yarim himoyachi yaqinda «Neftchi» bilan shartnoma imzolagandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter