O‘zbekistonga yirik miqdordagi pirotexnika vositalarining yashirin olib kirilishi fosh qilindi
Yangi yil arafasida pirotexnika vositalaridan foydalanish ko‘lamining ortishi hech kimga sir emas. Ammo, bayramga yarashmaydigan lahzalik «zavq» ortidan tashvishli va hattoki qayg‘uli holatlar sodir bo‘lishi hech kimga sir emas.
Amaldagi tartiblarga muvofiq, respublikamizda pirotexnika buyumlari muomalasini litsenziyalash joriy etilgan, deyiladi Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Axborot xizmati ma’lumotida.
Ammo, ayrim fuqarolar qonunchilikda belgilangan ushbu normalarni mensimay, yangi yil yaqinlashgan sayin pirotexnika vositalarini respublikamizga olib kirishga urinishmoqda.
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari pirotexnika vositalarining noqonuniy olib kirilishiga doir bir qator bojxona qoidabuzarliklarini fosh etishdi. Xususan, birgina 20 dekabrning o‘zida «G‘ishtko‘prik» chegara-bojxona kompleksida 4ta shu turdagi bojxona qoidabuzarligi aniqlangan.
Qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro J.Jo‘rayev xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, 800 ming so‘mlik 960 dona bengal shamchiroqlarini kurtkasi ostidan yenglariga yashirib olib kirishga uringani fosh bo‘ldi.
Yana biri — fuqaro A.Jo‘rayevning ham kurtkasi cho‘ntaklariga yashirilgan va oyog‘iga yopishtirib bog‘langan jami narxi 1 mln. so‘mdan ortiq bo‘lgan 550 dona paqildoqlar, 20 dona petarda va 840 dona bengal shamchiroqlaridan iborat pirotexnika vositalari topildi.
Xuddi shu usulni qo‘llab, ya’ni oyog‘ining boldir qismiga bog‘lab olgancha, pirotexnika vositalarini olib kirishga uringan fuqarolar B.Mambetov va S.Baymaxamatovlarga ham qing‘ir rejalari naf bermadi. Ushbu shaxslar salkam 1,5 mln. so‘mlik 1872 dona bengal shamchiroqlarini yashirincha olib kirishayotgan paytda to‘xtatib qolindi.
Shuningdek, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbir davomida yirik miqdordagi pirotexnika vositalarining yashirin olib kirilishiga chek qo‘yildi.
«Oqko‘prik» temir yo‘l stansiyasida qo‘shni davlatdan kirib kelgan yuk poyezdi vagonlaridan biri belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, yuklar orasida 5 turdagi salkam 219 kg. pirotexnika buyumlari yashirincha olib kirilgani fosh bo‘ldi.
Yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida qayd etilmagan ushbu tovarlarning umumiy qiymati 38 mln. 640 ming so‘mni tashkil qildi.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter