O‘zbekistonga AstraZeneca vaksinasining 660 ming dozasi keltirildi
Bugun tunda mamlakatimizga COVAC mexanizmi doirasida Hindistonda ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi AstraZeneca vaksinasining 660 ming dozadan iborat dastlabki partiyasi yetib keldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Buyuk Britaniyaning shu nomli firmasi muallifligida yaratilgan mazkur emlash vositasini O‘zbekistonga beg‘araz yordam tarzida olib kelishda YuNISEF bosh yetkazib beruvchi hisoblanadi. Ushbu tuzilma bugungi kunda dunyoning jami 100 ga yaqin davlatiga vaksina yetkazib bermoqda.
Amalga oshirilayotgan loyihaning birinchi bosqichida may oyida keyingi partiyani olib kelish mo‘ljallangan. Umuman, 2.3 million dozani tashkil etadigan ushbu bosqich orqali emlanishi mumkin bo‘lgan aholining qariyb 3 foizi qamrab olinadi. Vaksinatsiya jarayonida, avvalo, tibbiyot xodimlari e’tiborga olinadi, chunki ular bevosita koronavirusga uchragan bemorlar bilan yaqin munosabatda bo‘lishadi. So‘ngra navbat yoshi 70 dan oshgan fuqarolarga beriladi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda mamlakatimizda aholini vaksinatsiya qilish uchun barcha zarur tayyorgarlik ishlari amalga oshirilgan. Jumladan, 3168 ta vaksinatsiya punktlari tashkil qilindi. Bundan tashqari 800 dan ortiq mobil brigada tuzildi. Aholi mavjud xavf ehtimoliga ko‘ra muayyan guruhlarga bo‘lib chiqilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter