Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistondagi raqamli islohotlar xalqaro maydonda e’lon qilindi

O‘zbekistondagi raqamli islohotlar xalqaro maydonda e’lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi delegatsiyasining «TIBO-2021» XXVII Xalqaro axborot-kommunikatsiya texnologiyalari forumida ishtirok etish uchun Belarus Respublikasiga tashrifi doirasida, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Sodiqov «Raqamli kelajak» forumida so‘zga chiqdi.

O‘zbekiston Respublikasi AKT vaziri Sh.Sodiqov so‘zining avvalida ta’kidlaganidek, hozirgi kunda raqamli texnologiyalar iqtisodiy o‘sishning eng muhim manbalaridan biriga aylanmoqda. Ularning ahamiyati va dolzarbligi pandemiya davrida o‘z isbotini topdi.

Shu maqsadda 2020-yil 5-oktyabrda «Raqamli O‘zbekiston-2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida Prezident farmoni qabul qilindi. Ushbu strategiya qisqa va uzoq muddatli istiqbolda raqamli infratuzilmani, elektron hukumatni, raqamli iqtisodiyotni va IT-ta’limni rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Elektron hukumatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bu —Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) bo‘lib, bugungi kunda Yagona portalda 250 dan ortiq turdagi xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Elektron davlat xizmatlarining rivojlanishi nafaqat aholiga qulaylik yaratadi, balki vaqt va moliyaviy xarajatlarni sezilarli darajada tejashga imkon beradi.

Shunday qilib, elektron litsenziyalash tizimining rivojlanishi tufayli 100 dan ortiq litsenziyalash va ruxsat berish protseduralari optimallashtirildi. Bu korxonalarga 4 million dollargacha, davlat idoralariga esa 1,5 million dollargacha bo‘lgan maxsus qog‘oz shakllari bekor qilinishiga imkon berdi.

Fuqarolarga identifikatsiya kartalarini (ID-karta) berish joriy yilning 1-yanvaridan boshlandi. Bu fuqarolarga elektron davlat xizmatlaridan foydalanishni soddalashtirishga imkon yaratdi.

Sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish ko‘lami kengaytirilib, «elektron poliklinika» tizimini tatbiq etishni yakunlash, respublika tibbiyot markazlari va ularning hududlardagi filiallari o‘rtasida telemeditsina tizimini ishga tushirish, shuningdek, pnevmoniya va ko‘krak bezi saratonini dastlabki bosqichlarida tashxislashda aqlli texnologiyalarni tajriba asosida joriy etish rejalashtirilgan.

Bank sohasida raqamli transformatsiyalar bo‘yicha ishlar, shu jumladan, avtomatlashtirilgan bank tizimlari va xizmatlarini rivojlantirish, shuningdek, xizmat ko‘rsatish sifatini tahlil qilish va baholash uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanilmoqda.

Qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalari va innovatsion yechimlarni joriy etish, sun’iy yo‘ldosh texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish, intellektual tizimlar va dasturiy mahsulotlarni yaratish va ma’lumotlarni raqamlashtirish doirasida 600 million dollardan ziyod mablag‘ jalb qilinadi.

Poytaxtda yagona raqamli geo-axborot resursini, shuningdek, real vaqt rejimida axborot tizimlari bilan elektron ma’lumotlar almashinuvini o‘z ichiga olgan «Raqamli Toshkent» platformasini yaratish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda. Kelgusida poytaxt tajribasi butun mamlakat bo‘ylab tatbiq etilishi kutilmoqda.

Bugungi kunda «Raqamli Toshkent» loyihasi doirasida «Mahalla» tizimi sinovdan o‘tkazildi hamda «Bolalar bog‘chasi» tizimi joriy etildi. «Poliklinika» tizimidan poliklinikalarda foydalanildi, «Elektron kundalik» tizimi va o‘quvchilarning davomatini nazorat qilish uchun apparat-dasturiy kompleks maktablarda joriy etilmoqda. Qurilish sohasida «Shaffof qurilish» axborot tizimi ishga tushirilib, «Elektron mehnat daftarchasi» va «Yagona ijtimoiy reyestr» integral tizimlari to‘liq ishga tushirildi.

Ma’lumki, mamlakat iqtisodiy rivojlanishining asosiy tarkibiy qismi sanoatdir. Raqamli texnologiyalarni iqtisodiyotning real sektoriga joriy etish doirasida sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida 200 ga yaqin loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Hozigi kunda konchilik va metallurgiya hamda neftni qayta ishlab chiqarish sohalarni raqamlashtirish doirasida qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Masalan, «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ avtomobillarni monitoring qilish tizimini joriy etildi. Bu esa 2020-yil natijalari bo‘yicha 14 mingdan ortiq tonna yoqilg‘ini sarflashga imkon berdi. «O‘zbekneftegaz» AJ tomonidan operatsion jarayonlarini avtomatlashtirilgan nazorat tizimi joriy etilishi kompaniyaning iqtisodiy samaradorligi 10 million dollarga o‘sdi.

Axborot texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va aholi o‘rtasida raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

AKT sohasida ta’limni rivojlantirish uchun respublikada axborot texnologiyalari va informatikani chuqur o‘rganadigan ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilmoqda. O‘tgan yili ana shunday 14 ta maktab ochilgan bo‘lsa, yangi o‘quv yilining boshiga qadar yana 85 ta maktab ochiladi. Hammasi bo‘lib, 2023-o‘quv yiliga qadar 205 ta ixtisoslashtirilgan IT-maktablarini ochish rejalashtirilgan.

Butun mamlakat bo‘ylab yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha «Besh tashabbus»ning uchinchi yo‘nalishiga muvofiq, Raqamli texnologiyalarni o‘qitish markazlari ochilmoqda. Hozirda mamlakatda 130 dan ortiq shunday o‘quv markazlari mavjud bo‘lib, u yerda malaka oshirilmoqda.

Farmonga binoan Sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti va AKT vazirligi tarkibida alohida bo‘lim tashkil etildi. Bundan tashqari, 2021-2022-yillarda sun’iy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ham tasdiqlandi.

Hozirgi kunda sun’iy intellekt texnologiyasidan foydalangan holda 9 ta pilot loyihani amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda va O‘zbekiston Respublikasida sun’iy intellekt texnologiyasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ishlar boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati AKT sohasida innovatsion startap-loyihalarni qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlarini, shu jumladan, texnoparklarni yaratish, venchur kapital bozorini rivojlantirish, biznes akseleratorlari va inkubatorlarini tashkil etish orqali katta e’tibor qaratmoqda.

Shu maqsadda rezidentlar uchun Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalarining Texnologik parki (IT Park) tashkil etildi, uning rezidentlariga soliq va bojxona imtiyozlari beriladi. Ayni paytda respublika mintaqalarida IT Parkning yettita filiali ochilgan va 2022-yil oxiriga qadar ular mamlakatning barcha hududlarida tashkil etiladi. Shuningdek, AQShda IT Parkning vakolatxonasi ochildi, uning rezidentlari soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalanishlari mumkin.

Hozirgi kunda IT-Park rezidentlari 484 ta axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar bo‘lib, 60 ta eksportga yo‘naltirilgan va 14 ta kompaniya xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan. «EPAM Systems», «SoftClub», «Eksadel» kabi qator Belarus IT-kompaniyalari IT-Park rezidentlari hisoblanadi.

Yosh tadbirkorlarni va startap-loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, respublika bo‘ylab startap-harakatni rivojlantirish maqsadida oliy o‘quv yurtlarida IT-inkubatsiya markazlari tashkil etilmoqda. Hozirda 12 ta shunday markaz ochilgan bo‘lib, joriy yil oxiriga qadar ularning sonini 20 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Forum doirasida AKT vaziri Sh.Sodiqov tomonidan hamjihatlikda amalga oshirilishini talab etiladigan muhim vazifalar qo‘yildi:

Jumladan, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan elektron hujjatlarni o‘zaro e’tirof etish. Bu esa, o‘z navbatida, xalqaro miqyosida tan olinadigan elektron hujjatlarni birgalikda joriy etish, savdo-iqtisodiy va do‘stona aloqalarni mustahkamlashga imkon yaratadi.

Ikkinchidan, «inson kapitali» tizimini takomillashtirishga yo‘naltirilgan takliflarni ishlab chiqish, jumladan, ta’lim va kadrlarni tayyorlash masalalari, yoshlarni tabiiy fanlarga qiziqishni orttirish, aholi o‘rtasida raqamli ko‘nikmalarni shakllantirishga qulay bo‘lgan ekotizimni yaratish.

Uchinchidan, fuqarolar o‘rtasida raqamli iqtisodiyotga nisbatan ishonchini yanada oshirish, axborot xavfsizlik tahdidlarga qarshi va ma’lumotlarni boshqarish uchun birgalikda choralarni ishlab chiqish.

«Bugungi tadbir fikr almashish, birgalikda yondashuvlarni shakllantirish va raqamli rivojlanish bo‘yicha o‘z dasturlarimizni muvofiqlashtirish bo‘yicha samarali maydonchaga aylanadi deya olamiz. Bu borada biz raqamli transformatsiya yo‘lida ustuvor vazifalarni amalga oshirishda o‘z sheriklarimiz bilan izchil hamkorlikni olib borish tarafdorimiz», — deb ta’kidladi AKT vaziri Sh.Sodiqov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring